Abdurahmon ibn Ahmad Jomiy

Abdurahmon ibn Ahmad Jomiy
O`rta asr arbobi
Tavallud sanasi:
07.11.1414
Vafot sanasi:
09.11.1492

Abdurahmon Jomiyning "Haft avrang", Alisher Navoiyning - "Xamsa", "Xazoyin ul-mao-ni" asarlari shu davr adabiyotining shoh asarlari edi. Jomiy yetti dostondan iborat to’plamiga "Haft avrang" ("Yetti taxt") deb nom qo’yar ekan, Temuriylar sulolasidan yetti shoh (Amir Temur, Xalil Sulton, Shohrux, Ulug’bek, Abulqosim Bobur, Abu Said, Mirzo Husayn Boyqaro)ni ko’zda tutgan bo’lsa, Navoiy o’z "Xamsa"sini yaxlit holda Husayn Boyqaroga bag’ishlagan va bu bilan har ikki muallif ham shu davr hukmdorlariga o’zlarining ma’lum ma’noda minnatdorchiliklarini namoyon etgan edilar.

Temuriylar davridagi adabiy hayotning o’ziga xos xususiyatlaridan biri adabiy jarayonning yagonaligi, unda turkiy tilda ijod qiluvchilarning ham, forsiy qalam tebratuvchilarning ham barobar va faol qatnasha olgani edi. Buni biz Alisher Navoiyning "Majolis un-nafois" tazkirasida yaqqol ko’ramiz. Unda ijodkorlar til xususiyatlariga qarab bir-biridan ajratilmagan.

Husayn Boyqaro hukmdorligi davridagi adabiy hayotga to’xtalar ekan, Zahiriddin Muhammad Bobur "Boburnoma"da: "Shuarodin bu jam’ning saromad va sardaftari Mavlono Abdurahmon Jomiy edi", — deb yozadi. Binobarin, faqat forsiy adabiyotning emas, shu davrdagl o’zbek adabiyotining gullab-yashnashida ham Abdurahmon Jomiyning roli juda katta bo’lgan. Abdurahmon Jomiy Shohrux hukmdorligi davrida— 1414 yil 7 noyabrda Nishopur yaqinidagi Jom shahrida, ruhoniy oilasida dunyoga keldi. Jomiyning ota-bobolari asli Dashtdan bo’lib Jomda turib qolishgan. 

Bobosi Mavlono Muhammad va otasi Nizomiddin Ahmad singari Abdurahmon ham qo’liga qalam olib, she’r yoza boshlagan vaqtdan boshlab o’z tavallud topgan shahri nomini o’ziga adabiy taxallus qilib olgan (Ba’zi olimlarning fikricha, "Jom" so’zi "idish" ma’nosida tasavvufiy tushunchani ham bildiradi. Sharqdagi adabiy an’anaga ko’ra adabiy taxallus ko’p ma’noli bo’lishi ma’qul ko’rilgan). 

U asosiy umrini Hirotda o’tkazdi va shu yerda mashhur shoir va mutafakkir bo’lib yetishdi. Bolalik chog’idayoq Jomiy zehnining o’tkirligi bilan ajralib turgan. Boshlang’ich ma’lumotni u otasidan olgan. Oilaning Hirotga ko’chishi, otasining bu yerda shayx ul-islom mansabiga tayinlanishi Jomiy hayotida muhim ahamityaga ega bo’ldi. 

Hirotda uning o’qishiga Xoja Alouddin Ali Samarqandiy, Shahobiddin Muhammad Jojarmiy kabi mashhur mualliflar o’z hissalarini qo’shdilar. Natijada u arab tili, ilohiyot, tasavvuf, she’r qoidalari, adabiyot tarixi va boshqa fanlarning asoslarini juda erta va o’zlashtira boshladi.

Jomiy turli fanlar bo’yicha o’z tahsilini Samarqandda nihoyasiga yetkazishni ixtiyor qilar ekan, u Ulug’bek madrasasida Ulug’bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi kabi allomalarning ma’ruzalarini eshitish sharafiga muyassar bo’ldi. U fiqhshunos olim, arab tili, "Qur’on", hadislar bo’yicha mutaxassis Fazlulloh Abullaysdan ham ko’p dars oddi. 

Hirotda Jomiy tasavvuf yo’liga kirishni, o’z bilim va faoliyatini shu yo’lga, qolaversa ijodga, ilm-fanga bag’ishlashni afzal ko’radi. Yosh Jomiy Shayx Sa’daddin Koshg’ariy bilan yaqinlashib, unga qo’l beradi va tez orada uning hurmatini qozonadi. Jomiy pirining qiziga uylanadi. Sa’diddin Koshg’ariy tasavvufda Muhammad Naqshband sulukiga mansub edi.

1469 yili Sulton Husayn Boyqaro Hirot taxtiga o’ltiradi. Oradan ko’p vaqt o’tmay, 1476-77 yillar orasida u o’z do’sti va vaziri Alisher Navoiy bilan Jomiyni o’ziga pir va ustoz deb taniydi. Bu Jomiy hayoti va faoliyatida katta voqea bo’ldi.

Jomiy kundalik hayotda oddiy, darvishona yashasa ham, biroq shoh va unga aloqador kishilarning, hatto uni asarlari orqali tanigan boshqa mamlakat podshohlarining unga muruvvati katta edi. Shuning uchun u o’ziga tushgan daromadlar hisobiga bir qancha binoyi hayriyalar, shu jumladan Hirotda ikki madrasa va xonaqoh, tutilgan shahari — Jomda bir masjid qurish imkoniga ega bo’lgan. Uning Shamsiddin Muhammad ismli ukasi bo’lib, u katta tabib, olim va sozanda bo’lib yetishgani ma’lum.

XV asrning ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-madaniy va adabiy hayotda yuz bergan ibratli hodisalardan biri Navoiy —Jomiy munosabatlaridir. Bu ikki buyuk zot ijod sohasida xalqparvarlik va insonparvarlik mavqeida turish bilan birga xalq, davlat ishlarida insof va adolatni yoqlar edilar. 

Jomiyning "Nafahot ul-uns", Lujjat ul-asror", Ashiat ul-lamaot", "Risolai musiqiy", "Risolai muammo" kabi bir qancha asarlari Navoiyning maslahati va iltimosi bilan yozilgan. Jomiy o’z lirik she’rlarini yig’ib, devon tuzmoqchi bo’lganda, Navoiy maslahati bilan uchta devon tuzadi va devonlarning birinchisiga "Fotihat ush-shabob", ikkinchisiga "Vositat ul-ishq", uchinchisiga "Xotimat ul-hayot" deb nom qo’yadi.

1480 yildan 1485 yilning oxiriga qadar Jomiy o’zining buyuk "Haft avrang"i tarkibiga kirgan dostonlarini yaratish ustida ish olib bordi. Sharq adabiyotidagi xamsachilik an’analari asosida yozilgan bu dostonlardan "Silsilat uz-zahab", "Tuhfat ul-ahror", "Suhbat ul-abror" g’oyaviy tematik jihatdan falsafiy-axloqiy yo’nalishda, janr e’tibori bilan pandnoma tipida bo’lib, o’z davrining eng dolzarb masalalariga bag’ishlangan edi. 

"Yusuf va Zulayho", "Layli va Majnun", "Salamon va Absol", "Xiradnomai Iskandariy" dostonlarida esa shoir an’anaviy syujetlarning yangicha talqinlarini berdi.

Jomiy bir necha marotaba haj qilgan, haj safari davomida Nishopur, Bastom, Domg’on, Qazvin, Hamadon, Karbalo, Bag’dod, Damashq, Halab, Tabriz kabi shaharlarni ko’rgan, bu shaharlarda yuksak izzat-hurmatga sazovor bo’lgan. Uning shaxsiy maktublaridan ma’lum bo’lishicha, u yaqin do’sti Xoja Ahror taklifi bilan Toshkentda ham bo’lgan va ulug’ mazoratlarni ziyorat qilgan.

Abduraxmon Jomiy 1492 yili shamollash natijasvda xastalanib, 78 yoshida hayot bilan vidolashgan. Uning dafn marosimini Navoiy boshqarib, podshoh Husayn Boyqaro esa mamlakatda bir yil motam e’lon qildi. Unga atab ko’pgina shoirlar, shu jumladan Navoiy ham, qayg’uli marsiyalar bitishdi. Navoiy marsiyasida Jomiy vafotining tarixi "Kashfi asrori iloh" ("Iloxiy sirlar kashfi") degan so’zlardan (hijriy 898, melodiy 1492 yil) chiqarilgan edi.

Abdurahmon Jomiy g’oyat sermahsul ijodkor bo’lib, undan bizga adabiyotning turli janrlariga, fan va san’atnint rang-barang sohalariga oid boy meros qolgan. Jomiy asarlari o’z davridayoq Xuroson va Movarounnahr doirasidagina emas, boshqa mamlakatlarga ham keng tarqalgan edi. Ba’zan qo’shni mamlakat podshohlari, masalan, Sulton Ya’qub uning asarlarini so’rab maxsus elchilar yuborgan. 

Uning asarlari o’z davrida va undan keyin ham ko’p qo’lyozma nusxalarda ko’chirilgan. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Qo’lyozmalar instituti fondlarida Jomiy asarlarining XV — XVI asrlarda ko’chirilgan o’nlab qo’lyozmalarini uchratish mumkin. 

Bunday qo’lyozmalar Rusiya, Afg’oniston, Eron va Ovro’po mamlakatlaridagi boshqa qo’lyozma fondlarida ham uchraydi. Taniqli sharqshunos Ye. E. Bertels "Jomiy" monografiyasida shoir asarlarining Toshkent kullieti (O’zR FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Qo’lyozma inv. №2122) asosida 52 asarining nomini keltiradi.

Jomiy asarlarining bir qismi diniy va falsafiy mazmunga ega bo’lib, ularda shoir Islom dini va Sharq falsafasining bir qator masalalarini o’z qarashicha talqin qiladi, tasavvufning XV asrdagi eng yirik arbobi sifatida o’z fikr-mulohazalarini bayon etadi. 

Bunga uning "Naqshi fusus" ("Ma’nolar naqshi"), "Shavohidi nubuvva" ("Payg’ambarlikka dalillar"), "Sharhi qasidayi "Toiya" (Radifda "to" harfidan foydalanib yozilgan qasida sharhi"), "Naqdi nusus" ("Matnni tanqid"), "Sharhi qasidayi "Xamriya" ("Xamriya" qasidasi sharhi"), "Naqshbavdiy ta’limoti haqida risola", "Vohid" atamasi haqida risola", "Zikr" shartlari haqida risola", "Haj qilish yo’llari haqida risola", "Ashiot ul-lamaot" kabi bir qancha asarlarini shu guruhga kiritish mumkin.

Jomiy o’zining mutasavvuflik faoliyatvda Bahovuddin Naqshband g’oyalarini shu sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi — Xoja Ahror Valiy bilan yaqin munosabatda bo’lgan holda yanada rivojlantirdi. Rasman u o’zini kundalik hayotda "Malomatiya" tariqatiga mansub deb hisoblasa-da, asarlarida ulug’ Naqshbandga ixlosi cheksiz edi. 

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/abdurahmon_ibn_ahmad_jomiy