Abu Abdulloh Ja’far Rudakiy

Abu Abdulloh Ja’far Rudakiy
O`rta asr arbobi
Tavallud sanasi:
860
Vafot sanasi:
941

X asrda Buxoro shahrida yashab ijod qilgan Abu Abdulloh Ja'far Rudakiyning shoirlik shuhrati Buxoro va umuman Sharqda keng tarqaldi. Rudakiy asarlariga e'tibor berilsa, uning astronomiya va qadimgi yunon falsafasini ham yaxshi tushunganligini ko‘rish mumkin.

Abu Abdulloh Ja'far Rudakiy taxminan hijriy 243 (860) yilda Samarkand yaqinidagi Panjrudak qishlog‘ida, dehqon oilasida tug‘ildi. Bu davrda Movarounnahr Eron, Hindiston, Xitoy, Misr va Suriya bilan savdo va madaniy aloqalarni yaxshi yo‘lga qo‘ygan edi.

X asrda Buxoro, Samarkand, Urganch, Marv, Nishopur, Balx, Zarafshon vodiysining yuqori qismi hunarmandchilik, savdo va madaniy markazlarga aylangan edi. Ayniqsa, Buxoro shahri IX-X asrlardayoq Sharqning eng yirik madaniy markazlaridan biri bo‘lgan.

Rudakiy yoshligidanoq she'riyatga ixlos qo‘ydi, o‘z zamonasining mashhur cholg‘uchisi Abul Abbos Baxtiyor qo‘lida musiqadan ma'lumot oldi. Dastlabki ma'lumotni o‘z qishlog‘ida olgan Rudakiy o‘qish uchun Samarqandga bordi. U yerda chuqur bilim olib, tez orada adabiyot va san'at sohasida ham dong chiqarishga muvaffaq bo‘ldi.

Buxoro hukmdori Nasr II ibn Ahmad Somoniy (914-943 yillarda hukmronlik qilgan) davrida Rudakiyning shoirlik shuhrati Buxoro va umuman Sharqda keng tarqaldi. Rudakiy asarlariga e'tibor berilsa, uning astronomiya va qadimgi yunon falsafasini ham yaxshi tushunganligini ko‘rish mumkin.

Somoniylar davlatining ko‘zga ko‘ringan davlat arbobi, Nasr II ibn Ahmadning yaqin do‘sti Abufazl Bal'amiy Rudakiy xaqida "U faqat mashhur shoir bo‘libgina qolmay, balki o‘z davrining yetuk olimi ham edi", deb baho bergan.

Nasr II ibn Ahmad Somoniy Rudakiyni o‘z saroyiga taklif etgandan so‘ng, uning hayotining ko‘p qismi Buxoroda o‘tdi. Uning ko‘zi ojiz bo‘lgan. Qadimgi manbalarda, uning onadan ko‘r tug‘ilganligi haqida naqllar bor.

Ba'zi olimlarning fikricha, u saroydan quvilishi oldidan ko‘ziga mil tortib ko‘r kilingan. Rudakiy qarigan chog‘ida quvg‘inga uchragan, o‘z qishlog‘iga qaytib faqirlikda umr kechirgan. U 941 yilda olamdan ko‘z yumdi va o‘z vatanida dafn etildi. Bu joy xalqning ziyoratgohiga aylandi.

Rudakiyning adabiy merosidan bizgacha ming bayt yetib kelgan (2 qasida, 50 ruboiy, she'rlar, doston va boshqalar). Ammo XII asr shoiri Rashid Samarqandiyning ta'kidlashicha, birorta shoir Rudakiy singari ko‘p asar yozgan emas. Ba'zi olimlarning fikricha, Rudakiy bir million uch yuz ming misra she'r yozgan. Muhammad Avfiyning xabar berishicha, Rudakiy yuzta to‘plam (daftar) yozgan.

As-Somoniyning "Kitob ul-ansab" asarida keltirilishicha, "Rudakiyning she'rlar to‘plami Ajam (arablar yashamaydigan) mamlakatlarda mashhur. Aytishlaricha, Rudakiy birinchi bo‘lib fors tilida she'r yozgan shoirlardandir", deyilgan. Shuning uchun ham Nasr II ibn Ahmad Somoniy uning vazirlari va harbiy boshliqlari unga qimmatbaho sovg‘alar berar edilar. Shu tufayli Rudakiy katta boylikka ega bo‘lgan. Ammo u butun diqqat-e'tiborini she'riyatga va fanga qaratgan.

Rudakiy she'riyat vazifasini kishilar qalbiga ta'sir etish, "sangu-sandon yuraklarni mum kabi yumshatish" deb bildi. Uning asarlarida xalqchil g‘oyalar kuchli. Qadimgi manbalarda Rudakiyning "Oftob davroni", "Arois an-nafois" ("Nafis kurtaklar") va "Sinbodnoma" dostonlari bo‘lganligi haqida ma'lumotlar uchraydi.

Rudakiyning qasidalaridan "Modari man", "Dar vasfi Buxoro" va "Shikoyat az piri" ("Qarilikdan shikoyat") bizgacha yetib kelgan. Rudakiyning ijodida X asrning ijtimoiy hayoti o‘z aksini topgan. Uning hamma asarlarida xalqning orzu-umidlari, manfaatlari ifoda qilingan.

Rudakiyning axloqqa oid asarlarida aql-idrok, hulq-atvor va bilim asosiy o‘rinni egallagan. Mutafakkir bilimni hamma boyliklardan ustun qo‘yadi. Uning ayrim nasihatlari insonning qanday holatda baxtli bo‘lish sharoitlarini aniqlashga yordam beradi. Rudakiyning fikricha, insonning to‘la baxtga ega bo‘lishi uchun to‘rt narsa kerak: sog‘liq, yaxshi odob, yaxshi nom va aql. U insonlarni voqyealarning ichki mohiyatidan uning tashqi tomonini ajrata bilishga chaqiradi. U yaxshilik, saxiylik va ulug‘vorlikni targ‘ib qiladi.

Rudakiyning tabiat go‘zalliklarini ifoda etgan asarlari juda jozibalidir. Uning asarlarida Vatanga, xalqda muhabbat mavzularigina yoritilmay, keng falsafiy fikrlar ham bayon etilgan. Masalan, "Qarilikdan shikoyat" asarida moddalar bir shakldan ikkinchi shaklga o‘tishini hamda yo‘q bo‘lib ketmasligini ta'kidlaydi.

Buyuk mutafakkir kishilar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamkorlik kishilik jamiyati uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini bir necha bor ta'kidlab o‘tgan. Uning fikricha, haqiqiy do‘stlik uchun kishilarni hatto turli dinda bo‘lishlari ham halaqit bera olmaydi. Uning quyidagi satrlari diqqatga sazovordir:

Jahonning shodligi yig‘ilsa butun,

Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun.

Rudakiy hayotning o‘zini birinchi ustoz hisoblaydi va undan ta'lim olishga undaydi:

Dar kishi olmasa hayotdan ta'lim,

Unga o‘rgatolmas hech bir muallim.

Rudakiy asarlarida inson aqlu zakovatiga ishonch kuchli. Asarlarining tili, badiiy ifoda vositalari sodda va tushunarli qilib yozilgan. U birinchi bo‘lib, X asrdayoq fors mumtoz adabiyotiga asos solganligi uchun ko‘pgina Eron olimlari, jumladan, professor Sayyid Nafisiy fors she'riyatining vatanini Movarounnahr deb hisoblaydi.

Tabiatni, vatanni vasf qilish, axloqiy pandu nasihatlar bilan asarni bezash keyingi mutafakkirlarga Rudakiydan qolgan an'ana edi. Jumladan, buyuk shoir vafotidan keyin yana 50 yil yashagan mashhur tarixchi Abulfazl Baydakiy (995-1077) uning g‘oyalarini o‘z tarixiy asarlarida davom ettirdi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/abu_abdulloh_ja%E2%80%99far_rudakiy