Farida Afro‘z (Bo‘tayeva Farida) - 1956 yil 5 martda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1994 yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Uning «Qirq kokilligim», «Iztirob ko‘ylagi», «Tunlar isyoni», «Ko‘zim manim...», «Qurbonjon dodxoh» tarixiy dramasi, «O‘zimdan o‘zimgacha», «Poka yest na zemle razluka...», «Ot Faridi Afruz» (Moskva), «Gun aydin» (Istambul), «Ushshoq», "Tasbih", “O‘sha kun - bugundir” singari she’riy to‘plamlari chop etilgan. She’rlari rus, turk, ingliz, nemis, frantsuz, fors, uyg‘ur, ozor, gagouz, xitoy, koreys tillariga tarjima qilingan. O‘z navbatida shoira jahon adabiyotidan yapon haykularini, turk she’riyatidan Mustafo Otaturk, Ziyo Ko‘kalp, Husayn Otsiz, Dog‘larja, Ismat O‘zal she’rlarini, fors she’riyatidan Mehri Hirotiy hamda zamonaviy fors she’riyatidan Zahro Abul Husayniy, Sudoba, Soya Kabiriy g‘azallarini, amonaviy qozoq va qoraqalpoq she’riyatidan va amerikalik ruhshunos Deyl Karnegi asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Farida Afro‘z hozir "Afro‘z rekords» ovoz yozish studiyasining bosh direktori lavozimida ishlamoqda. Oilali, uch farzandi bor.
Haqiqiy ijodkor adabiyotga emas, adabiy bir shavq ijodkorning qoniga kirib kelgachgina so‘zning ta’siriga tushadi. U endi o‘z xayollarini ato qilingan so‘z qudratiga taslim qiladi. Yoxud ato qilingan ilohiy qudratning o‘zi uni boshqara boshlaydi. Bir uchligimda: “Ijod - yo‘rgakdan avval tekkandarddir”, degandim. Darhaqiqat, Yaratguvchi so‘z oshig‘iga u hali bu dunyoga kelmay turiboq “shoir” deya taqdiri azalga raqam chekadi. Bu gap qanchalik baland parvoz tuyulmasin, adabiyot haqidagi o‘y-tushunchalarning negizi shunga borib taqaladi. So‘z, she’r, shavq. Shoir mana shu uchchala qudrat bilantirik. O‘z so‘zi faqat o‘ziniki bo‘lgan so'z egalarigina - shoirdir.
She’r - faqat o‘z holi bilan, o‘zining tashbihlari bilan oqib keladigan po‘rtana oqim.
Shavq - bu ne’mat. U tilab olinmaydi, talab qilib ham. Shavq ato etiladi, ya’ni chinakam shoirga shavq shavqlarning yaratguvchisi tomonidan iltifot qilinadi. Bu uchchala birlik shoirning “men”ini tashkil etib beradi.
To‘g‘risini aytsam, she’riyat qalbimga qachon kirib kelganini eslolmayman. Aqlimni tanibmanki gullarga qarabmi, suvlarga qarabmi, nimalardir deb, oddiy odamiy til bilan emas, hayratim tilida qofiyali so‘zlab yurardim. Buni sezgan ota-onam, o‘rtoqlarim: “She’r aytyapsanmi? O‘zing yozdingmi? Qayerdan o‘rganding?” kabi savollarga ko‘mib tashlardilar. Ilk hayratimni eslasam - katta hovlimiz etagidagi ariqda qalqib-qalqib oqadigan sap-sariq behilar yodimga tushadi. Men bu haqda ko‘p-ko‘p she’rlar yozdim.
Birinchi she’rimni 5-sinfda o‘qib yurgan kezlarimda yozdim. Bir necha kunlik tayyorgarlikdan keyin qo‘rqa-pisa, ming hadik ila adabiyot o‘qituvchimiz qo‘llariga tutqazdim. O‘qituvchim o‘qib ko‘rib, quvonib ketdi. Mana shu quvonch menga umid va ishonch berdi. Shundan keyin maktabdagi yig‘inlarda menga she’r o‘qitib, o‘zlari faxrlanadigan bo‘ldilar. Bu esa menga kuch berar va o‘z navbatida mas’uliyat yuklardi. Bora-bora binoyiday maktabning mashhur “shoira”chasiga aylanib qoldim.
Keyinchalik Qo‘qon shahrida maktablararo o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlarda, turli tadbirlar va olimpiadalarda she’riy chiqishlarim bilan ishtirok eta boshladim.
Birinchi she’rim o‘sha kezlari “Lenin uchquni” gazetasida bosilib chiqdi.
Beshinchi sinfga o‘tganimizda Oliyaxon Ibrohimova degan qattiqqo‘l o‘qituvchi bizga ona tili va adabiyoti fanidan dars bera boshladi. Muallimamiz salohiyati yuksak, juda chuqur bilim egasi edilar. Uning g‘oyatda jiddiy siymosi qarshisida hayratdan qotib o‘tirardik. Oliyaxon opaning sharofati bilan maktabimizdan juda ko‘p adabiyotchilar, jurnalistlar yetishib chiqdi. Keyinchalik o‘zim ham maktabda dars bera boshlaganimda angladimki, o‘qituvchim bilimimni nafaqat qulog‘imga, balki yuragimga ham quygan ekanlar. O‘z faoliyatimda ustozimning dars uslublariga tayandim.
Shu o‘rinda yana bir ustozim haqida to‘xtalib o‘tmasam bo‘lmas. Men bu sirli-sinoatli adabiy maydonga kiribmanki, biror kun ham shoir Rauf Parfining ijodisiz yasholganim yo‘q.
Esimda, maktabni bitirar vaqtlarimiz... Orzular og‘ushida osmonlarda uchib yuradigan paytlar... Shunday kunlarning birida Rauf Parfining “Tasvir” deb nomlangan kitobi qo‘limga tushdi. Chamamda 1973 yili edi. Bu kitob meni mutlaq sehrlab qo‘ydi. Tunu kun mana shu she’rlar ichra yashay boshladim. Misralarga tizilgan tashbihlardagi tub ma’no silsilalari, tasvirning yorqin va tiniqligi, ruhning ozodligi, tafakkurning bepoyonligi va ayniqsa, jon va ruhning bemurosa janglari meni tinch qo‘ymas edi.
Fikrning zamzamalari ongimni, tafakkurimni, shuurimni ostin-ustun qilib yubordi. Nahotki, inson zakovati shunday qudratga ega, uning tasavvuri shu qadar beqiyos! Oddiy, hamma biladigan, har kuni ishlatadigan so‘zlardan shunchalar mo’jiza yaratish mumkin ekan-da, deb o‘ylayman. Ichim yonadi, tomirlarimda hayratlar tug‘yon uradi. Unga o‘xshashlik, unga o‘xshab yozish ishtiyoqi tinchlik bermaydi.
Tabiiyki, bunday holatlarda shoirning shaxsiyatiga qiziqish kuchayadi, uni bir bora bo‘lsa ham ko‘rish, ikki og‘iz suhbat, yetti olamni jamlay olgan ko‘zlariga boqish, qalam ushlagan barmoqlarini tomosha qilish ishtiyoqi har qanday muxlisning qalbida junbushga kelishi tayin. Men ilk marta ustozning ijodi bilan ro‘baro‘ kelganimda ana shunday ahvolga tushganman. Va har doim ustozga o‘xshab fikrlashga, yozishga harakat qildim. Bu ishni qanchalik uddaladim, buyog‘i she’rxonga ma’lum.
Ilk kitobim “Qirq kokilligim” deb nomlanadi. O‘sha paytda “G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’ati nashriyoti”ning she’riyat bo‘limi boshlig‘i shoir Shavkat Rahmon edi. Azim Suyun hamda Muhammad Yusuflar muharrir bo‘lib ishlardilar. Kitob chiqarish uchun ana shunday zabardast, qattiqqo‘l ijodkorlarning g‘alviridan o‘tishing kerak bo‘lar edi.
Bir kuni ushbu nashriyotda “Birinchi kitob” ruknida “Osmon shunday yaqin” nomli to‘plam kitob tayyorlanayotganini eshitdik. Men ham qo‘lyozmalarimni topshirdim. O‘shanda o‘z ijodlarini taqdim qilgan 72 nafar yosh ijodkorlarning ichidan 17 kishi tanlab olindi. “Tanlangan”lar ichida men ham bor edim.
Aslida ijodkorning o‘zidan ko‘ngli to‘lgan kuni bo‘lmaydi. Chunki, ijod degani bu tinimsiz izlanish deganidir. Izlanishda bo‘lgan odam esa hech qachon o‘zidan qoniqmaydi.
Adabiyotsiz jamiyat bo‘lmaydi. Adabiyotning o‘zi mangu ibodatgohdir. Qolaversa, haqiqiy ijodkor faqatgina so‘zning oldida bosh egadi. Adabiyotday ilohiy maydonni mayda, bachkana gaplar bilan aldash, bu - so‘zga xiyonat qilish demakdir. Xiyonat esa hamma zamonlarda ham kechirilmagan. Nodirabegimning jaholat kundasiga qo‘yilgan aziz boshi oldida, Qodiriy hazratlarining munavvar ruhlari oldida, Cho‘lpon va Usmon Nosirlar sajda qilib ketgan so‘z mehrobi oldida faqat va faqat rost aytish kerak. Kulsang kulgularing, yig‘lasang - yig‘ilaring rost bo‘lishi, faqat o‘zingniki bo‘lishi kerak.
Aslida adabiyotning millati bo‘lmaydi, ammo adabiyot millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan hayot oynasidir. Indallosini aytganda, haqiqiy ijodkorning na millati va na yoshi bo‘ladi. Ijodkorning chin va soxtasi bor, xolos. Buni ajratib olish uchun o‘quvchining didini tarbiyalaydigan xolis tanqidchilik omon bo‘lsa, bu ham muammo bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, mening ijodimda muhim o‘rin egallagan Qo‘qon shahridagi “Nihol” adabiy to‘garagi haqida aytib o‘tsam. Bu to‘garakni bizning davrimizda rahmatli Habibullo Sayid G‘ani boshqarar edi. Shu to‘garak faoliyati, undagi adabiy muhit bugun ham yuragimni orziqtiradi. Anvar Yunus, Komil Jo‘ra, Azimjon Azizov, Dilbar Hamzaxo‘jayeva, Nosir Zohid, Maqsuda Egamberdiyeva, Abdulatif Turdialiyev singari ijodkorlar shu to‘garakning ijodiy muhitidan bahramand bo‘lganlar. Nazarimda, bugun shu singari to‘garaklar va ulardagi ustoz-shogirdlik an’analariga putur yetgandek. Ustozlarga bo‘lgan ehtirom qaysidir ma’noda “lat” yegandek...
Men bugungi yoshlardagi shijoat, o‘ziga ishonch va qatiyatni qadrlayman, hatto havas qilaman. Ammo... ushbu shaddodlik nazarimda o‘z ijobiy mohiyatini yo‘qotib, surbetlikka yaqinlashib ketayotgandek. Bizning davrimizda she’r yozish, uni chop etish va kitob chiqarishning o‘z ma’naviy mezonlari bo‘lar edi. Qalbimizdan joy olgan satrlari ila ixlosimizni qozongan shoirlar bilan hayotda yuzma-yuz kelganda hatto o‘zimizni yo‘qotib qo‘yar darajada hayajonlanar edik. Ularga nisbatan odobsizlik bo‘lmasligi uchun tirishardik. Ustozlarning nazariga tushish biz uchun mo’jiza edi. Afsus, bugunning yoshlari hali ustozlar oldida polapon bo‘la turib, uchirma bo‘lishga ulgurmasdan nazardan qolmoqdalar. Va eng achinarlisi, nazardan qolishdan aslo qo‘rqmayaptilar ham. Navoiy ko‘chasi, 30-uyda joylashgan nashriyotlarning har bir zinasidan ming bir hayajon va hadik bilan to‘xtab, o‘ylab chiqar edik. Ustozlar bor davrada she’r o‘qish buyuk imtihondan o‘tish bilan barobar edi. Chunki ustozga bo‘lgan ehtirom, ustozdan shogirdga yetadigan fayzi-futuh, ustozning roziligi, bu hech narsa bilan almashib bo‘lmaydigan ma’naviy xazinadir.
Yana shu o‘rinda yuragimni og‘riqqa solgan bir mavzuni aytib o‘tmasam bo‘lmas. Yoshlarimizning so‘zga bo‘lgan e’tiborsizligi, ilohiy, yuki og‘ir so‘zlarni bepisand ishlatayotganini ko‘rib cho‘chib ketaman. Ajabo, “o‘lim”, “g‘assol”, “ajal”, “kafan”, “tobut”, “qabr”, "mozor" singari so‘zlar ayrim yoshlar uchun bemalol aytsa bo‘ladigan oddiy jumlalarga, so‘zbozlik, shaklbozlikka aylandi.
Men bu mahmadonalik, nazmbozlik ortida qanday fojialar yotajagini o‘z hayotim davomida bir necha bor guvohi bo‘ldim. “Otam meni ko‘mar ehtimol”, degan Muhammad Yusufning dog‘i, “Men shubhasiz parchalanaman”, deya o‘z taqdiridan bashorat qilgan Shavkat Rahmonning taqdiri, A’zam O‘ktamning “Bitta men yo‘q bo‘lsam ne bo‘pti axir, O‘zbekning kamayib qolmas shoiri”, degan satrlari ularning taqdirini belgilab bermadimi?!
Bir faylasuf “o‘ylashdan avval, o‘yla!” deb bejiz aytmagan. Ammo so‘zlab turib ham o‘ylamaydigan, o‘ylamay turib: “Qarg‘a meni, otajon, qarg‘ab ajalimni chaqirib bergin”, deb yozayotgan yosh qalamkashlarning ertangni kuni uchun vahimaga tushasan. Yaqinda bir qizaloqning “she’r mening gunohim”, degan satrini eshitib tanbeh berdim. Negaki, bugunning yoshlari ular yaratayotgan asarlar oldida biz kechagi avlod ham mas’ulmiz. Chunki ijod ahlining bir-biriga begonasi yo‘q. Qolaversa, jumlai insoniyat shayx Sa’diy aytganlaridek: “A’zoi yakdegarand”.
Mening “Ehtimol, bir so‘zning tig‘i - taqdirdir” degan satrlarim bu mening shaklim emas, balkim mazmunimdir. Mazmun esa tamomila qalbnikidir. Qalb esa bu ezgu tuyg‘ularning saltanatidir. Shunday ekan, qalbimizni, go‘zal tuyg‘ularimizni o‘quvchilarimizga go‘zal holatda yetkazaylik. Ularga yorug‘ kayfiyatlar ulashaylik. Yozganlarimizni o‘qiganlar saratonning issig‘ida bir hovuch suv ho‘plagandek yayrasinlar. Har qanday shaklbozlik, nazmbozlik, mahmadonalik bizning qonimizga, qadriyatlarimizga yotdir.
Shu o‘rinda yana bir narsani aytmoqchi edim. Qadim zamonlardan boshlab to yaqin kunlargacha shoirlarning bir-biriga she’riy maktub yozish an’analari bo‘lgan. Jumladan, Uvaysiyning Nodiraga, Furqatning Muqimiyga, Sobir Abdullaning Charxiy, Habibiy domlalarga yozgan maktublari... Bu maktublar ijodkorni o‘ziga xos ijodiy munozaraga chorlaganligi bilan odamni sog‘intiradi.
Oilam haqida shuni aytishim kerakki, men bu borada nihoyatda baxtliman. Adabiyotni, so‘zni qadrlagan xonadonda dunyoga keldim. Mening qonimdagi she’r zavqi otamning “oq bilak oyim anjonlik” termasini dutor chalib, maroq bilan xirgoyi qilishlaridan boshlangandir, ehtimol. Yozmishlarimning xalqonaligi, xalq ohanglariga hamohangligida otamning hissasi bor. Bir umr rahbarlik lavozimlarining mas’uliyatli ishlaridan ortib, biz bolalari yuragiga adabiyot va san’at dunyosiga muhabbat cho‘g‘ini sola olgan otamning samimiy va o‘ktam chehralarini, zavq va hayrat omuxtalashgan dilbar qalbini ko‘raman. Ammo ruhimda tasavvuf va unga moyillikni tuyganimda, onamning munis, ma’sum tarovat balqigan nurli siymolari menga ilhom baxsh etayotgandek tuyuladi. Darvoqe, onam haqlarida qalbimda qolgan aziz xotiralarimning barchasida onamning oshiq qalblari, undagi bitmas-tuganmas ixlos porlab turadi. Onam haqiqiy oshiq qalb sohibasi edilar. Bu oshiqlik Mashrabning qissalarini o‘qiganda, G‘avsul A’zam hazratlarining tazkiralari aytilganda yanada ayon bo‘lardi. Bu oshiqlik taqdiri azalning nogahoniy zarbalariga yo‘liqqan mahallarida ro‘y-rost bo‘y ko‘rsatar, Yaratganga bo‘lgan bemisl ishqi tufayli onam har qanday fojiani chidab bo‘lmas bir taslimlik bilan qarshilar edilar. Hatto, 19 ga kirgan opamni vahshiylarcha o‘ldirishganida ham, undan olti oy o‘tib yetti yoshlik ukamning fojiali o‘limida ham, sochlarini yulib faryod ko‘tarish o‘rniga bu qismatni ich-ichdan nurab turib, chinakam sabr bilan kutib olgandi. Onam hayotda har qanday yomon vaziyatdan ham o‘ktamlik bilan chiqib keta olishdek buyuk saboqni menga meros qilib qoldirganlar. Onamning “Mahluqidan shikoyat, Xoliqidan shikoyatdir”, degan naqllari menga hech qachon, hech narsadan nolimaslikni o‘rgatgan. Ruhimdagi oshiqlik kayfiyati so‘zga, she’rga, hayotga, yashash va yashnatishga oshiqlik menga onamdan qolgan buyuk meros, tuganmas xazinadir. Qolganlari esa hayot bergan saboqlardir.
Farzandlarimga kelsak, bir uchligimda “Ey nodon, bolang aytganingni emas, qilganingni qiladi”, deb ta’kidlaganimdek, san’atkorning bolasi san’atkor, hunarmandning bolasi hunarmand bo‘ladi, chunki ular ota-onasining qilganini qiladi. Shoir esa aytadi, shuning uchun shoirning farzandi shoir bo‘lmaydi. Ammo farzandlarim she’r yozmasalar-da, qalblarining ma’sumligi hayotlarini tarbiyat qilib turadi.
Izoh.uz — O‘zbek tilining xalqona izohli lug‘ati. So‘zlarning ma’nolari, ibora va misollar bilan keltirilgan.
Izoh.uz — Это народный толковый словарь узбекского языка с подробными определениями и примерами для каждого слова.
TVinfo.uz — Bugun, ertaga va keyingi hafta uchun to‘liq teledasturlar.
TVinfo.uz — Телепрограмма на сегодня, завтра и ближайшую неделю.
DostavkaInfo — Taomlar, dorilar, kitoblar va boshqa uy uchun kerakli bo‘lagan narsalarni yetkazib berish xizmatlari bor servislar.
DostavkaInfo — Каталог сервисов, предлагающих доставку еды, лекарств, книг и товаров для дома.
Imlo.uz — Орфографический словарь узбекского языка позволяющий проверить правописание узбекских слов на латинице и кириллице. В базе более 87 000 слов.
Imlo.uz — O‘zbek tilining imlo lug‘ati. Saytda 85 000 ortiq so‘z bor.
Lotin.uz — foydalanuvchilarga berilgan matnni lotindan kirillga va aksincha o‘girish xizmatini taklif etadi.
Lotin.uz — поможет транслитерировать с узбекской кириллицы на латиницу и обратно. Легко!
Maqol va naqllarning eng katta kolleksiyasi. Har bir maqol uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz).
Самая большая коллекция пословиц и поговорок на трёх языках (узбекский, русский, английский).
Har kuni eng sara latifalar va kulguli rasmlar. O‘zbek tilidagi kulgu markazi!
Ежедневно только отборные анекдоты, смешные картинки. Кузница юмора на узбекском языке!
Valyutani yuqori kursda almashtirish uchun yaqin punktlarni aniqlab beruvchi servis. Punkt joylashuvini kartada ko‘rsatadi.
Сервис, помогающий найти ближайшие пункты обмена валюты с выгодным курсом. Покажет местоположение пункта прямо на карте.
O‘zbekcha telegram kanallarining eng katta katalogi. Faqt faol kanallar, ruknlarda va batafsil statistikasi bilan.
Самый большой каталог телеграм каналов в Узбекистане. Только активные каналы по категориям и с подробной статистикой.
O‘zbek tilida savodli yozishni biz bilan boshlang.
С нами вы научитесь грамотно писать на узбекском языке.
O‘zbek tilining sinonimlar lug‘ati. Saytda 3300 tadan ortiq so‘zlar, 900 ga yaqin sinonim so‘zlar to‘plamiga jamlangan.
Словарь синонимов узбекского языка на нашем сайте содержит более 3300 слов и 900 синонимов.