Dilbar Ikromova

Aktyor
Dilbar Ikromova
Tavallud sanasi:
17.07.1947
Vafot sanasi:
25.08.2020

Teatr va kino aktrisasi Dilbar Ikromova 1947 yilda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tug‘ilgan. 1970 yilda A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik  san'ati instituti (hozirgi M.Uyg‘ur nomidagi San'at instituti)ning «Teatr va kino aktyori» fakultetini tugatgan.

D.Ikromova talabalik yillaridayoq Hamza nomli teatrda sahnalashtirilgan «Boy ila xizmatchi» spektaklidagi Maston rolini ijro etadi. Bu rolni qoyilmaqom qilib o‘ynagan yosh aktrisaning iqtidorini sezgan mashhur rejissyor To‘la Xo‘jayev D.Ikromovani o‘qishni bitirishi bilan teatrga ishga taklif qiladi.

 Dastlabki ijrosining muvaffaqiyatli chiqishidan ruhlangan yosh aktrisa hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida sahnaga qo‘yilgan spektakllarda birin-ketin Zubarjat (M.Karim, «Oy tutilgan tunda»), Ozoda (I.Sulton, «Imon»), Roller (Shekspir, «Qaroqchilar»), Fekla Ivanovna (N.Gogol, «Uylanish»), Dilorom (E.Vohidov, «Oltin devor»), Risolat (S.Ahmad, «Ufq»), Nigora (S.Ahmad, «Kelinlar qo‘zg‘aloni»), Ona (A.Qodiriy, «Mehrobdan chayon»), hamshira (O‘.Umarbekov, «Qiyomat qarz»), Momo (E.Xushvaqtov, «Chimildiq»), Momo (E.Xushvaqtov, «Kalliq o‘yin») kabi rollarni maromiga yetkazib ijro etib, tomoshabinlarning e'tiborini qozondi.

Teatr san'atida o‘z ijodiy qiyofasiga ega bo‘lib, ko‘pchilikning nazariga tushishi D.Ikromovani 80 yillardan boshlab kinoga ham taklif etishadi. Kinossenarist Eduard Akopov yozuvchi Said Ahmadning «Kelinlar qo‘zg‘oloni» komediyasi asosida kinossenariy yozadi. Ana shu ssenariy asosida kinorejissyor M.Abzalov 1984 yilda «Kelinlar qo‘zg‘oloni» badiiy filmini suratga olib, Sotti roliga D.Ikromovani taklif etadi. Aktrisa Sotti rolini maromiga yetkazib ijro etadi. So‘ngra u «O‘zbekfilm» kinostudiyasida suratga olingan filmlarda Telba ayol (Z.Musoqov, «Qaldirg‘och»), Ona (S.Nazarmuhamedov, «Yolg‘iz yodgorim»), Ona (S.Nazarmuhamedov, «Chayongul»), Momo (M.Abzalov, «Chimildiq»), Polvon (M.Abzalov, «Qarib quyulmagan»), Ona (Min Deng Xun, «Yig‘lama, bari yaxshi») hamda R.Muhammadjonovning «Oltin devor», I.Ergashevning «O‘g‘riyam odam», «Sharif va Ma'rif», «Katta janjal» fil'mlaridagi rollarni muvaffaqiyatli ijro etadi.

 D. Ikromova 2008 yilda E. Xushvaqtovning “Mehmonjonlardan aylanay” serialida tatar xotin rolini qoyilmaqom qilib o`ynadi.

 O‘zbekiston televideniyesida suratga olingan «Qutlug‘ qon», «Bahor qaytmaydi», «Ochilgan qo‘riq» va boshqa videofilmlarda yaratilgan hayotiy obrazlar, respublika radiosida tayyorlangan radiospektakl, radioinssenirovkalarda ijro etilgan rollar aktrisaning televideniye va radiodagi ko‘p yillik ijodining mahsulidir.

Dilbar Ikromovaning serqirra ijodiy mehnati munosib taqdirlandi. U 2001 yilda «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.

Manbaa: http://kitob.uz/view_data.php?id=2179
Sayt foyda berdi!
48801 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi