Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li

Shoir, Baxshi
Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li
Shoir, Baxshi
Tavallud sanasi:
1872 yil
Vafot sanasi:
1955 Mart 17

Fozil Yo‘ldosh (1872, Jizzax viloyati Baxmal tumani Loyqa qishlog‘i — 1955.17.3, Samarqand viloyati Bulung‘ur shahri)

Taniqli o‘zbek xalq shoiri, Bulung‘ur dostonchilik maktabining atoqli namoyandasi hamda eng so‘nggi vakili Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lidir. Zero, Bulung‘ur dostonchilik maktabining shuhratini el orasida mashhur qilgan Amin shoir, Chini shoir, Tovbuzar shoir, Qurbonbek shoir, Sultonmurod shoir, Yo‘ldoshbulbul, Yo‘ldosh shoir, Qo‘ldosh shoir, Suyar shoir singari so‘zamol baxshilar ijodiyoti Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li badiiy dahosining shakllanishida muhim rol o‘ynagan. U yoshligidanoq do‘mbira chertishni, terma-qo‘shiqlar yaratib, xalq orasida kuylab yurishni yaxshi ko‘rgan. O‘z davrining peshqadam baxshilaridan biri Yo‘ldosh shoir Mulla Murod o‘g‘liga shogird tushgan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li o‘z ustozidan Bulung‘ur dostonchilik maktabining asriy an’analari hamda an’anaviy dostonlarini qunt bilan o‘rganib, 25-26 yoshlarida iste’dodli baxshi sifatida shakllangan. Shoirlik iste’dodi va badihago‘ylik iqtidori g‘oyat benazir bo‘lgan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li an’anaviy dostonlarni ulkan mahorat bilan ijro etgan. U o‘zining yuksak badihago‘ylik mahorati bilan o‘zbek dostonchiligini yangi bosqichga ko‘targan.

Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li repertuari mavzu va janr jihatidan boy va rangbarang. U qirqdan ortiq xalq dostonlarini yod bilgan va yuksak mahorat bilan kuylagan. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti Folklor arxivida Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lidan yozib olingan “Alpomish”, “Yodgor”, “Yusuf bilan Ahmad”, “Murodxon”, “Rustamxon”, “Shirin bilan Shakar”, “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi”, “Avazxonning o‘limga hukm etilishi”, “Malika ayyor”, “Mashriqo”, “Zulfizar”, “Balogardon”, “Intizor”, “Nurali”, “Jahongir”, “Zevarxon”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Bahrom va Gulandom”, “Oshiq G‘arib”, “To‘lg‘onoy”, “Ra’no bilan Suxangul”, “Ochildov”, “Nazar va Oqbo‘tabek”, “Mulla G‘oyib”, “Mamatkarim polvon”, “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon”, “Buxoro podshosi Muzaffarxon”, “Avazxon” kabi dostonlar saqlanadi.

Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li qaxramonlik, romanik, tarixiy dostonlar hamda kitobiy dostonlarning eng yaxshi namunalarini kuylab kelgan. “Alpomish” dostoni uning ijodida alohida o‘rin tutadi. Bu dostonning o‘zbek xalq dostonchilaridan yozib olingan 40 ga yaqin variantlari orasida Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li varianti eng mukammali va badiiy jihatdan barkamoli hisoblanadi. Unda shoirning yuksak dostonchilik mahorati to‘la namoyon bo‘lgan.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/fozil_yo%E2%80%98ldosh_o%E2%80%98g%E2%80%98li
Sayt foyda berdi!
48801 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi