Furqat

Furqat
Shoir, Yozuvchi
Tavallud sanasi:
1858 yil
Vafot sanasi:
1909 yil

Furqat (taxallusi; asl ismsharifi Zokirjon Mullo Holmuhammad oʻgʻli) (1859, Qoʻqon —1909, Yorkend) — taraqqiyparvar shoir, mutafakkir, publitsist. Mahallasidagi maktabda savod chiqargan, mudarris va kotiblardan xattotlik, arab tilini oʻrgangan. Madrasada oʻqigan (1873—76). Alisher Navoiy ijodini, fors adabiyoti namoyandalari merosini chuqur oʻrgangan, fors tilini mukammal oʻzlashtirgan. 1876 yilda Yangi Margʻilon (hoz. Fargʻona) shahridagi savdogar tog'asining iltimosiga koʻra u yerga borib, savdo ishlarida unga yordamlashgan, keyinchalik oʻzi ham kichik doʻkon ochgan. Ayni paytda bilimdon ziyoli sifatida kishilarning arz va iltimoslarini rasmiy mahkamalarga arizalar shaklida bitib, mirzalik ham qilgan.

Furqat Yangi Margʻilonda ijodkor sifatida toʻla shakllandi, oʻz gʻazallariga "Furqat" taxallusini qoʻyib, shuhrat qozona boshladi. Bu yerda oʻtkazilgan yillar Furqatning xalqchil dunyoqarashi, ilgʻor adabiy estetik tushunchalarining shakllanishida ham muhim bir bosqich boʻldi.

80-yillarning boshlarida Furqat Qoʻqonga qolib, oila quradi va, asosan, ijodiy ish bilan shugʻullanadi. Muqimiy va Muhyi yetakchi boʻlgan Zavqiy, Nodim, Nisbat, Muhayyir kabi ijodkorlar guruhi bilan bevosita muloqotda boʻladi, ular uyushtirib turadigan adabiy majlislar, sheʼriyat kechalarining faol ishtirokchisiga aylanadi.

Furqatning Qoʻqondagi bu davr ijodi tur va mavzu, mazmun va shakl rangbarangligi jihatidan ham, sermahsulligi jihatidan ham diqqatga sazovor. U mumtoz sheʼriyat anʼanalari ruhida koʻplab ishqiy gʻazallar, muxammaslar yaratgan. Alisher Navoiy asarlariga goʻzal nazira va taxmislar bogʻlagan, uning sheʼrlarida ijtimoiy ruh va zamonaviylik tobora keng oʻrin egallay boshlagan (mas, "Boʻldi" radifli muxammasi va boshqa sheʼrlarida). Furqat xalqning siyosiy huquqsizligi va iqtisodiy nochor ahvolidan qaygʻirgan ("Ne jurm oʻttiki bizdin, bunchalik Fargʻona tang boʻldi?...") Qoʻqon xonligining uzilkesil tugatilib, batamom mustamlakaga aylantirilishi voqeasiga bogʻliq holda yaratilgan: "Demish xon bir kunikim, davru davronlar qayon qoldi?" misrasi bilan boshlanuvchi muxammasi ham Furqatning shu davrdagi ijodi mahsulidir. Toju taxtdan, shaʼnu shavkat va aʼyonlardan maxrum boʻlgan Xudoyorxon nomidan bitilgan bu asar ham shoir ijodida zamonaviy ijtimoiy mavzu keng oʻrin egallaganinint isbotidir.

Furqatning ijodiy merosida anʼanaviy sheʼriy turlar, oʻzbek mumtoz adabiyotidagi asosiy mavzular yetakchi o'rin egallaydi. Uning gʻazal va muxammaslari, bogʻlagan taxmislari uzining hayotiyligi, musiqiyligi, nihoyatda samimiyligi bilan oʻquvchini maftun etadi. Furqat sheʼrlarida ona yurt tabiati va bahor goʻzalligi, joʻshqin sevgi-muhabbat va chin insoniy fazilatlar, hayot shodliklaridan quvonish va turmush tashvishlaridan shikoyat qilish, umuman, odam va olam, kishilarning maʼnaviy dunyosi, mehri va qahri yaqqol tasvirlangan. Masalan "Bahor ayyomida gulgasht etarga bir chaman boʻlsa", "Umr xush oʻtmas bahor ayyomi sahro boʻlmasa", "Surmadin koʻzlar qaro, qoʻllar xinodin lolarang", "Jannatning gullaridan gulzoringiz chiroylik", "Koʻngul dardigʻa topmay boraman hargiz davo istab", "Fasli navbahor oʻldi ketubon zimistonlar" kabi misralar bilan boshlanuvchi gʻazallari, "Etti falak", "Biri", "Istar koʻngul", "Doʻst", "Kokulung" radifli muxammaslari, Navoiy gʻazallariga taxmislari davr sheʼriyatining ham gʻoyaviy, ham badiiy jihatdan yetuk namunalari hisoblanadi.

Furqat sheʼriyatida mustamlaka tuzumining illatlarini qoralash, joriy adolatsizlik va zoʻravonlikdan, huquqsizlik va nochor hayotdan, nodonlarning zamonada eʼtibor topib, donolarning xor-zor etilishidan norozilik esda qolarli badiiy boʻyoqlarda tasvirlangan.

"Charx kajraftorning bir shevasidan dogʻmen: Ayshni nodon surub, kulfatni dono tortadur" kabi barkamol misralar shoir ijodidagi ijtimoiy yoʻnalishni aks ettiradi. "Bormasmiz" radifli sheʼrida esa oʻzbek milliy ruhiyati badiiy ifodalangan. Mashhur "Sayding qoʻyaber, sayyod..." musaddasida esa shoir shaxsning erkin yashash huquqini himoya qiladi, zulm va istibdodni qatʼiy qoralaydi.

Furqat xuddi shu yillarda "Xammomi xayol" risolasini yozadi. "Chor darvesh" hikoyatini forschadan tarjima qiladi. "Nuh manzar" nomli sheʼriy kitob yaratadi. "Bulardin boʻlak har xil gʻazaliyotim Fargʻona muzofotigʻa (yaʼni, yon atrof qishloq shaharlariga) va digar mamlakatlarga muntashir (mashhur) boʻldi", deb yozadi shoir. Xuddi shu yillarda Furqat ilk bor sheʼrlarini toʻplab, majmua holiga ham keltirgan. Afsuski, shoirning oʻzi qayd etgan risola, manzuma va tarjimalari kabi bu majmua ham shu kunga qadar topilgan emas.

Furqat taxminan 1886—87 yilllarda Margʻilonga borib, u yerdagi Masjidi jome hujrasida istiqomat qilgan, yoru birodarlari koʻmagida kichik doʻkon ochgan boʻlsada, asosan, sheʼriyat bilan shugʻullangan, shaharning ziyolilari, jumladan, Xoʻjajon Rojiy, Muhammad Umar Ulshamy Havoiy, Mulla Toshboltu Royiq kabi ijodkorlar bilan tanishib, adabiy suhbatlar qurgan. Furqat ilk bor gazeta bilan tanishib, uning "Toshkent shahrida bosma boʻlgʻon"ligini shu yerda biladi. Yangilikka chanqoq, taraqqiyparvar shoirda ijtimoiy hayotda yuz bergan oʻzgarishlarga, sekin-asta yoyila borayotgan fan va texnika namunalariga qiziqish uygʻonadi, yangiliklar bilan bevosita tanishish, oʻz koʻzi bilan koʻrish ishtiyoqi zoʻrayadi. 1889 yil boshlarida Toshkent safariga chiqadi, Xoʻjandda toʻxtab, Toshxoʻja Asiriy boshliq shoirlar, adabiyot muxlislari bilan uchrashadi, adabiy kechalarda ishtirok etadi. Nihoyat, 1889 yilning iyunida Toshkentga keladi. Toshkentdagi Koʻkaldosh madrasasi hujralaridan birida yashaydi. Koʻzga koʻringan olim, fozillar bilan tanishadi. Sharifxoʻja eshon tavsiyasi bilan maʼlum muddat "Farhat" (shodlik, xursandlik) taxallusida sheʼrlar yozadi, lekin koʻp oʻtmay, eski taxallusiga qaytadi.

Furqat Toshkentda rus ziyolilari, yevropacha hayot tarzi bilan tanishdi. Chor maʼmurlari shoirning teatr, gimnaziyaga, turli konsertlarga kiritishni uyushtirdilar, koʻrgazmalarga olib bordilar. Yangi tarixiy sharoit tufayli yuz bergan oʻzgarishlarni mushohada etish natijasida Furqat dunyoqarashida jiddiy oʻzgarish boʻladi va bu hol uning ijodida oʻz badiiy ifodasini topadi — maʼrifatparvarlik, yevropacha ilm madaniyat, fan-texnikaga xayrixohlik shoir sheʼrlarining yetakchi gʻoyasiga aylana boradi. Bu esa Furqatning koʻp asrli oʻzbek adabiyotiga yangi mavzular, yangi gʻoyalar olib kirishiga zamin boʻldi. Toshkentda ochilgan erlar gimnaziyasi, maorif muassasalari, madaniyat va sanʼat oʻchoqlarini, tobora koʻproq kirib kelayotgan fan-texnika yangiliklarini kuzatish oqibatida uning "Ilm xosiyati", "Gimnaziya", "Vistavka xususida", "Akt majlisi xususida", "Toshkent shaxrida boʻlgʻon nagʻma bazmi xususida", "Suvorov" va boshqa asarlari maydonga keldi va ularning barchasi 1890 yillarda "Turkiston viloyatining gazeti"da chop qilindi.

Bu turkum asarlarida Furqat yangilik va taraqqiyotning, ilm-fan va yevropacha maorif madaniyatning targʻibotchisi sifatida namoyon boʻladi; oʻz vatandoshlarini zamonaviy bilimlarni puxta egallashga va ilgʻor xalqlar qatoridan oʻrin olishga daʼvat etadi. Birok Furqat ayrim zamondoshlari singari rus istilochilik siyosatining asl mohiyatini birdaniga anglay olmadi. Rus, Yevropa madaniyatparvarligi orqasida mahalliy ruslashtirish siyosati pinhon ekanligini soʻngroq tushunib yetdi. Xuddi shu yillarda yaratilgan "Shoir ahvoli va sheʼr mubolagʻasi xususida" asarida Furqat ijodkor va badiiy adabiyot xususida gap ochib, sheʼriyatda realistik tasvir masalasini koʻtardi.

Furqat haqli ravishda oʻzbek publitsistikasining asoschilaridan biri xisoblanadi. Furqatning publitsist sifatidagi faoliyati 1890 yildan boshlandi. "Turkiston viloyatining gazeti"ga rasman ishga kirdi, gazetani tayyorlashda bevosita qatnashdi. Bir yildan koʻproq vaqt mobaynida Sattorxon kabi ilgʻor maʼrifatparvarlar bilan hamkorliqsa ishlab, gazeta saxifalarida oʻz maqolalarini eʼlon qildi. 1891 yil 1yarmida "Xoʻqandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti. Oʻzi yozgoni" publitsistik asarini yozib, shu gazetada eʼlon qildi. 1891 yil mayda Samarqandga bordi, osoriatiqalar bilan tanishdi, gazetaga xabarlar yoʻlladi, keyin Buxoroda boʻldi. Iyunda esa chet el sayohatiga chiqdi. Uning chet elga sayohati haqida turli taxminlar bor. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, u atayin ketib kelmaydigan qilib oʻz yurtidan chiqarib yuborilgan. Xullas, 1891 yilning iyulida Marv—Ashxobod—Boku—Batumi orqali Istanbulga bordi. Doʻstlariga yozgan maktublarida, voqealarni oldindan bilgandek, vatanidan bir umr ajralib qoladigan odamning kayfiyatini aks ettirdi. Istanbuddan yozgan "Sabogʻa xitob" sheʼriy maktubida Vatan ishtiyoqi, doʻstlar sogʻinchi, gʻurbat azoblari va yolgʻizlik motivlari birinchi oʻringa chiqqan.

Furqat Istanbuldan Bulgʻoriya va Yunonistonga oʻtdi. Bolqon yarim orolining qator shaharlarida boʻldi. 1892 yilning martida Istanbuldan Oʻrta dengiz orqali Arabistonga — Makka, Jidda, Madina shaharlariga bordi. Makkadagi haj ziyorati munosabati bilan "Hajnoma" asarini yaratdi. Soʻng Bombayga keldi, Hindistonning qator viloyatlariga sayohat qildi. Uning bu davrda yozgan nasriy va nazmiy maktublarida tushkunlik, ona-yurt sogʻinchi va iztiroblari aks etgan. "Adashganman" radifli hamda "Kashmirda", "Bulbul" deb nomlanuvchi lirik sheʼrlar turkumi shu jihatdan oʻziga xos hijronnomadir. 1893 yil martida Furqat Kashmir va Tibet orqali Sharqiy Turkistonga borib, Yorkendda turgʻun yashab qoldi. Oila qurdi. Tabiblikdan xabardor boʻlgan shoir dorivor oʻsimliklar bilan savdo qiluvchi doʻkon ochdi, ijodiy ish va xattotlik bilan shugʻullandi. Furqat doimo Vataniga qaytish umidi bilan yashadi. Avval boshlagan "Sayohatnoma" asari ustidagi ishni Yorkendda davom ettirdi. Lekin bu asar hanuz topilgani yoʻq. U yerdan Toshkentga tgublitsistik asarlar, turli mavzudagi xat maqolalar, Fargʻona va Toshkentdagi yordoʻstlariga maktublar yoʻllab turgan. Furqat oʻzbek matbuoti tarixida felyeton janrini boshlab berdi ("Hind nayrangbozi Yorkendda", 1905).

Barkamol lirikasi, jozibali nasri va publitsistikasi bilan 19-asr oxiri va 20-asr boshlaridagi milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qushgan Furqat ona vatanidan uzoqda vafot etdi. Uning jasadi Yorkendning Dongdor qabristoniga koʻmilgan. 1990 yili shoir qabri ustiga maqbara qurilgan.

Furqatning sheʼrlari kitob holida dastlab 1913 yilda Muqimiy sheʼrlari bilan birga bayoz holida toshbosmada bosilgan edi, 50—80-yillarda koʻp bor nashr etildi. Shoir hayoti va ijodi haqida qator ilmiy asarlar yozildi, dissertatsiyalar yoqlandi, opera librettosi, kinossenariy va boshqalar yaratildi. Oʻzbekistondagi bir qator qishloq, tuman, maktab, koʻcha va xiyobonlar, bogʻlar uning nomi bilan ataladi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/furqat