Hamid G‘ulom

Yozuvchi
Hamid G‘ulom
Tavallud sanasi:
25.04.1919
Vafot sanasi:
21.08.2005

Hamid G‘ulom yetuk shoir, nosir va dramaturg. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi va davlat mukofotlari laureati. Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.

Tarjimai hol

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi va davlat mukofotlari laureati Hamid G‘ulom yetuk shoir, nosir va dramaturg edi. H.G‘ulom 1919 yilda toshkentlik musiqa muallimi oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni bitirgach, O‘rta Osiyo Industrial instituti (1935-1937) va Toshkent pedagogika instituti (1938-1941) da tahsil oldi. 1954 yilda Moskvadagi Gorkiy nomidagi Jahon adabiyoti institutiga o‘qishga bordi. So‘ng «Literaturnaya gazeta»ning O‘zbekistondagi maxsus muxbiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi (1958-1971), «Sharq yulduzi» jurnalining bosh muharriri va G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotining direktori lavozimlarida ishladi.

Hamid G‘ulom 2005 yilda vafot etgan.

Hamid G‘ulom adabiyotga o‘ttizinchi yillarning o‘rtalarida «Bizning lager», «Odam», «Quyosh kabi charog‘on» (1936) she’rlari bilan kirib keldi. Yosh shoirning ijodi o‘zbek adabiyotining katta vakillari G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda ta’sirida kamol topdi. U vatanparvarlik, dushmanga nafrat ruhi ifodalangan «Qasosim bor» (1942), «Katerina» (1942), «Ukraina yellari» (1943) kabi she’r va balladalarini urush yillarida yaratgan.

Faoliyati

Hamid G‘ulomning keyinchalik yaratgan «Qo‘shiqlarim» (1949-1956), «Dnepr bo‘yida» (1949), «G‘alaba yo‘lida» (1952-1956) asarlarida xalqimizning fashizmga qarshi kurashdagi qahramonliklari tasvirlangan. Uning «Olmos qizi» (1956), «Toshkentliklar» (1967) asarlari o‘zbek paxtakorlarining urushdan avvalgi fidokorona mexnati, xalq va armiyaning urush davrida ko‘rsatgan qahramonliklari haqida hikoya qiladi. Ikki kitobdan iborat bo‘lgan «Mash’al» (1959) romanida Oktyabr to‘ntarishidan keyingi yillardagi o‘zbek xalqi hayoti badiiy tahlil etilgan.

Yozuvchining «Senga intilaman» (1963), «Binafsha atri» kabi romanlari esa Mirzacho‘lda tashkil etilgan birinchi jamoa xo‘jaligi haqida hikoya qiladi.

U ocherknavis va publitsist sifatida Yer kurrasida ro‘y berayotgan voqealar, jahon xalqlarining ozodlik uchun kurashi, tinchlik va xalqaro do‘stlik mavzularini yorituvchi «Qit’alar uyg‘oq», «Kuba haqida hikoyalar», «Uy», «Xirosima balladalari», «Evropa taassurotlari», «Jazoirda tong» kabi asarlarini yaratdi. Adibning «Vafoning uzun yo‘li» xotiralar to‘plami ham kitobxonlar tomonidan qizg‘in kutib olingan.

Adib asarlari ko‘pgina jahon xalqlari tillarida nashr etilgan. Birgina «Mangulik» romani xitoy tilida yarim million nusxada chop etilgan.

Shuningdek, H.G‘ulom A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, V.Shekspir, T.Shevchenko, Lope de Vega kabi yozuvchilarning asarlarini o‘zbek tiliga ag‘dargan. Uning «Farg‘ona hikoyasi», «Toshbolta oshiq», «O‘g‘il uylantirish», «Ajab savdolar» kabi zamonaviy mavzularda yaratilgan komediyalari respublika teatrlarida namoyish qilinib, tomoshabinlar hurmatiga sazovor bo‘lgan.

Adibning «Muhabbat navosi» nomli ikki parda, besh ko‘rinishli musiqali dramasida XVI asrda Sharqiy Turkistonning Xo‘tan shahrida yashagan Omonniso bilan Rashidxon o‘rtasidagi muhabbat haqida hikoya qilinadi.

«Mashrab» romani ham tarixiy mavzuda yozilgan.

Hamid G‘ulomning o‘zbek ayolining yangi hayotiy faoliyatini ulug‘lovchi «Toshkentliklar» (1974) romani Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Adib «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/hamid_g%E2%80%98ulom
Sayt foyda berdi!
42861 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi