Ikrom Otamurod

Ikrom Otamurod
Shoir, Yozuvchi
Tavallud sanasi:
1951 May 5

Ikrom Otamurodning she’r va dostonlarida ustoz Maqsud Shayxzoda nafasi ufurib turadi. Ikrom Otamurod taniqli tarjimon hamdir. Ayni paytda Ikrom Otamurodning asarlari turk, arab, bulg‘or, rus, moldovan, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, tojik, gruzin tillariga tarjima qilingan.

Tarjimai hol

Ikrom Otamurod 1951 yili Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida tavallud topgan. O‘rta maktabni tugatgach, 1969-1974 yillarda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

1974-1975 yillarda O‘zbekiston entsiklopediyasi nashriyotida muharrirlik qilgan. 1975 yildan to shu kunga qadar «Sharq yulduzi» jurnalida avval adabiy xodim, so‘ng she’riyat bo‘limining mudiri lavozimlarida ishlab kelmoqda.

Ikrom Otamurod o‘z tengdoshlari orasida falsafiy mushohadasining kengligi, minbar shoirligi, notiqligi bilan ajralib turadi. Uning she’r va dostonlarida ustoz Maqsud Shayxzoda nafasi ufurib turadi.

Shoir falsafiy mushohada bilan yo‘g‘rilgan she’riy uslubiga sodiq qolib, 1990 yili «Uzoqlashayotgan og‘riq» dostonini yaratdi. Bu asarda odamlarni tobora tark etib borayotgan e’tiqod, burch, insoniylik tushunchalari qalb tug‘yoni, vijdon azobi, yurak qoni bilan badiiy tadqiq etilgan.

Faoliyati

Shoirning 1982 yilda «Vaqt ranglari», 1983 yili «Janub qushlari», «To‘rg‘ayli manzillar», 1987 yilda «Ufqlar orti bepoyon», 1992 yilda «Xaritaga tushmagan joylar» va «Uzoqlashayotgan og‘riq» she’riy kitoblari chop etilgan. Ikrom Otamurodning falastin shoiri Muin Bsisuga bag‘ishlangan «Yarador umid otlari» dostoni (1986) 80-yillar o‘zbek she’riyatida sezilarli voqea bo‘lgan. Dostonda xorijlik ijodkor obrazi orqali inson qalbining to‘lqinlari, mustaqillik haqidagi orzular, ona yurt obrazi kuchli his-hayajon bilan badiiy ifodalangan.

So‘nggi yillarda shoirning ko‘plab ajoyib she’rlari, dostonlari yaratildi. «Sopol siniqlari» (1994), «Sen» (1996), «Ichkari va tashqari» (1997) dostonlari shoir qalbida uyg‘ongan pokiza va ezgu tuyg‘ular bilan limmo-lim. «Ruhimning qayg‘usi» (1997), «Ko‘nglim o‘zing» (2004), «Tavr» (2005) she’rlar to‘plamida bo‘lsa shoir insoniy haqiqat izlaydi:

Yolg‘iz ot yeladi. Bir najot izlab,

Men unga tilayman bardosh-u toqat.

Ortidan chopaman, chopaman yig‘lab,

U - axir, qalblardan ko‘chgan Haqiqat!

Ikrom Otamurod taniqli tarjimon hamdir. U Uold Uitmen, Pablo Neruda, Yevgeniy Yevtushenko, O‘lmas Sulaymon kabi shoirlarning she’r va dostonlarini o‘zbek tiliga ag‘dargan. Ayni paytda Ikrom Otamurodning asarlari turk, arab, bulg‘or, rus, moldovan, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, tojik, gruzin tillariga tarjima qilingan. Ikrom Otamurod ayni ijodiy balog‘at yoshida katta ilhom bilan qalam tebratmoqda.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/ikrom_otamurod