Izzat Sulton Otaxonovich (1910-2001) - o‘zbek adabiyotiga hissa qo‘shgan kuchli qalam sohibi va ko‘pgina asarlari bilan adabiyot ixlosmandlarini mamnun qilgan adabiyotshunos, tanqidchi, dramaturglardan biri hisoblanadi. U o‘zbek tilidagi birinchi "Adabiyot nazariyasi" darsligining muallifi hamdir. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati.
Tarjimai hol
1910 yil 16 noyabr kuni Oshda tug‘ilgan. 1937 yili Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutini tugatgan. 1939 yilda nashr etilgan “Adabiyot nazariyasi” darsligi uzoq yillar mobaynida nafaqat O‘zbekistonda, balki O‘rta Osiyodagi boshqa respublikalarda ham fanning shu sohasi bo‘yicha birdan-bir o‘quv-qo‘llanmasi bo‘lgan. Izzat Sulton ijodida dramaturgiya asosiy o‘rin egallaydi.
Izzat Sulton dramalaridagi badiiy vositalar oddiy va samimiy, darrov ko‘zga tashlanavermaydi. Ular ma’naviy-intellektual tayyorgarligi bor kitobxon va tomoshabinga, tadqiqotchiga darrov ko‘rinadi. Buning boisi bitta. U ham bo‘lsa, mazkur ijod tarixining ildizlari hayot chashmalaridan suv ichgan, voqelik bag‘riga yashiringan. Yozuvchi qo‘liga qalam tutqazgan, ilhomlantirgan, ko‘ngliga yashiringan u yoki bu niyatning badiiy g‘oyaga aylanishiga turtki bergan dalillar, holatlar, voqea-hodisalar ana shu buloqlardan bahra olgan.
Adibni asar yozishga da’vat etgan dalil-ma’lumotlar, voqea-hodisalar dramalarga ko‘chib o‘tgach, oddiyligicha qolmaydi, ular jonlanadi. Muayyan obrazlar, g‘oyaviy yo‘nalishlar, tafsilotlar og‘ushida san’atdagi yangilangan badiiy hayotini boshlaydi.
Akademik Izzat Sulton ijodida " Alisher Navoiy", "Imon", "Noma’lum kishi", "Ko‘rmayin bosdim tikonni", "Donishmandning yoshligi", "Qaqnus", "Yangi odamlar", "Oydin kecha asirligida", "Istehkom" singari dramalar, "Navoiyning qalb daftari", "Adabiyot nazariyasi", "Drama — adabiy tur sifatida" kabi fundamental tadqiqotlar, "Buyuk Alisher", "Shoir qalbi", "Fidoyi" nomli kino asarlari, besh yuzga yaqin ilmiy-nazariy maqolalar, o‘zbek adabiyoti tarixi va nazariyasiga oid o‘ndan ziyod monografiyalar, tadqiqotlar muhim o‘rin egallaydi. Ular Izzat Sulton nomini Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, Asqad Muxtor singari ko‘rkam va fayzli silsila qatoriga qo‘shadi.
Vaqt o‘tgan sari Izzat Sultonning fanimiz va san’atimizdagi o‘rni sezilmoqda. Uning serqirra va sermazmun ijodining nurli qirralari yanada yorqinroq ko‘rinmoqda. Izzat Sulton yaratgan asarlar kutubxonalarimizda saqlanmoqda va adibning hayoti va ijodi kitobxonlar tomonidan qiziqish bilan o‘rganilmoqda.
Izzat Sultonning hayoti va ijodiga bir nazar
Adabiyotshunos, tanqidchi, dramaturg Izzat Otaxonovich Sultonov 1910 yil 29 noyabrda Qirg‘izistonning O‘sh shahrida tug‘ilgan. Mustaqillikning dastlabki yillarida Izzat Sulton bilan qilingan muloqot olim va dramaturg faoliyati naqadar keng qirrali ekanini isbotlaydi. 2007 yilda esa suhbatdosh: filologiya fanlari doktori O‘tkir Shokirov ushbu muloqotni "Teatr" jurnalining 3-4-sonlarida "Qaqnus qo‘shig‘i" nomi ostida e’lon qiladi. Maqolada Izzat Sulton o‘zining bolalik yillarini shunday eslaydi:
"Men bir yetim bola edim. Otam vaqtli o‘lib ketgan. Biz beshta yetim bolalarni onam novvoylik qilib boqardi. Maorif xodimlari bizni yetimxonalarga topshirishni so‘rashganda, onam ruxsat bermagan. "Bu bolasini boqa olmay qolipti-da", degan gap bo‘lib, uyat hisoblanar edi. Bundan tashqari, yetimxonaga borganda cho‘qintirar ekan, cho‘chqa go‘shti berar ekan, degan mish-mishlar ham yurar edi. Bir kuni ko‘chada yurganimda, bir odam: "Sen Otaxonning bolasimisan?", - dedi. Men "ha", dedim. "Yur men seni bir joyga olib boraman", - dedi.
Meni shahar hokimining uyiga olib bordi. Bu uyda yetimxona joylashgan ekan. Qarasam, hammayoq oppoq, chiroyli uylar, oppoq kiyimlar, devorlarda rasmlar. Musulmon muallimlar. Cho‘chqa go‘shtini yeyishni hech kim talab qilayotgani yo‘q. Kechgacha o‘sha yerda bo‘lib, "Men uyga ketaman. Oyim xavotir oladi", - dedim. O‘sha odam: "Oyingga men aytaman, ertaga o‘zini olib kelaman", - dedi. Ertasiga oyimni olib keldi. Oyim ham bir kun shu yerda bo‘lib, meni tashlab ketdi. O‘sha davrda yetimxonadagi bolalarni "hukumat bolasi" deyishardi. Shunday qilib, men "hukumat bolasiman", o‘sha davrda tarbiyalangan odamman..."
14 yoshida Toshkentga kelgan o‘spirin "Namuna" nomli ishchi-yoshlar maktabida o‘qib, keyin ta’lim-tarbiya texnikumini bitirgan (1929) va maktabda o‘qituvchilik qilgan (1930). 1930-1931 yillarda SAGU (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning ijtimoiy fakultetida o‘qigan. Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutini tugatgan (1937). Aspiranturadagi o‘qishini (1934-1937) jurnalistik, tanqidchilik faoliyati bilan qo‘shib olib borgan. 1937 yildan Izzat Sultonning qizg‘in ijtimoiy faoliyati boshlangan.
Til va adabiyot institutining direktor o‘rinbosari (1937-1942), O‘zbekiston davlat radioeshittirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari (1942-1943), Toshkent kinostudiyasi direktori (1943-1945), O‘zbekiston XKS raisining madaniyat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari (1945-1948), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Til va adabiyot instituti direktori (1948-1951), bo‘lim mudiri (1956 yildan), Moskva Davlat universitetining xalqaro adabiyot kafedrasi o‘qituvchisi (1950-1953), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi kotibi (1955- 1958) lavozimlarida ishlagan.
Izzat Sulton hech qachon ilmiy va ijodiy faoliyatga befarq bo‘lmadi. Ustozi Fitrat ta’sirida adabiyot nazariyasi bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan. A.Sa’diy va Fitratdan keyin "Adabiyot nazariyasi" (1939) maktab darsligini yaratgan. "Burgutning parvozi" (1940) dramasini yozgan. 1980 yilda oliy o‘quv yurtlari uchun "Adabiyot nazariyasi" darsligini yaratgan.
Izzat Sulton 1947 yilda filologiya fanlari nomzodi, 1954 yilda filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. "Navoiyning qalb daftari" (1969) Izzat Sulton ilmiy ijodining cho‘qqisi sanaladi. Bu asar 1979-1985 yillarda rus tilida A.Zirin tarjimasida chop etilgan.
Olimning mumtoz falsafa va adabiyot sohasidagi bilimdonligi "Bahouddin Naqshband abadiyati" (1994) monografiyasida yaqqol ko‘rinadi. Izzat Sulton salkam 40 yil davomida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Til va adabiyot institutida sektor boshlig‘i, maslahatchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan, Ixtisoslashgan Ilmiy Kengash raisi bo‘lgan. U "O‘zbek sovet adabiyoti tarixi ocherklari" ikki jildligi (1961- 1962), "Adabiyot nazariyasi" ikki jildligi (1978-1979), "O‘zbek sovet tanqidchiligi tarixi" ikki jildligi (1987)ning mualliflaridan biri, muharriri bo‘lgan.
"O‘zbekiston san’at arbobi" (1964), "O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining muxbir a’zosi" (1966), Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati (1970), "Shuhrat" medali bilan mukofotlangan (1992), "O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zosi" (1995) bo‘lgan.
Izzat Sulton 2001 yil 29 iyulda vafot etgan.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinadiki, Izzat Sultonning olim va dramaturg sifatidagi faoliyati naqadar keng qirrali ekanligini isbotlaydi.
Izzat Sultonning ijodini davom ettiruvchi bir qancha shogirdlari bo‘lib, ular hozirda ham o‘zbek adabiyotiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda.
Adabiyot ilmining sultoni
1958 yilning kuzida Til va adabiyot institutiga ishga kelganimda, "O‘zbek tili va adabiyoti" jurnali endigina nashr etila boshlagan, jurnalning navbatdagi soni tayyorlanayotgan ekan. Institut direktori Aziz Qayumovning tavsiyasi bilan tahririyatga "Zaynab va Omon" dostonida qofiya" sarlavhali maqolani berdim. Maqolada Hamid Olimjon asarida qofiyaning ichki tayyorlanish jarayoni ustida so‘z borar va masalaga bunday yondashuv o‘sha paytda ozmi-ko‘pmi yangilik edi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tgach, maqolaning Izzat Sultonga taqrizga berilgani va unga ma’qul bo‘lganini eshitib, rosa sevindim.
Ammo qizig‘i shunda ediki, Izzat Sulton maqolani nashrga tavsiya etibgina qolmay, meni aspiranturaga olishni ham taklif etib, o‘zi ilmiy rahbar bo‘lish xohishini bildiribdi. Men aspiranturani tugatib, institutga kelganim uchun Izzat akaning bu muruvvatidan foydalana olmadim. Lekin shu vaqtdan boshlab Izzat Sulton bilan bir ilmiy muassasada ishlash sharafiga muyassar edim.
Shu vaqtga qadar Izzat Sultonni, avvalo, "Alisher Navoiy" pesasining mualliflaridan biri, o‘zbek tilida birinchi "Adabiyot nazariyasi" darsligini yaratgan olim sifatida bilardim. O‘sha paytda institutda turli-tuman yig‘ilish va anjumanlar o‘tkazilar, ularda qo‘qqisdan Faxri Kamol bilan Olim Usmon o‘rtasida bahs boshlanib, dahanaki jangga aylanib ketar va ko‘pincha Izzat Sultonning aralashuvi bilan murosaga kelinar edi.
Olim institutda vaqtini ko‘p o‘tkazmas, hatto o‘sha kezlari yozilayotgan "O‘zbek sovet adabiyoti tarixi ocherklari"ning mashinkadan chiqqan qismlarini ham biz - yoshlar uning Chilonzordagi uyiga olib borardik. Biz borgan paytda Izzat aka, odatda, dam olayotgan bo‘lar va biz Zamira opaning istagi bilan ko‘chada uning uyg‘onishini kutardik. Men shunday paytlarda domlaning ish va hordiq rejimiga qatiy amal qilib yashashini, uning bu odati Toshkentga evakuatsiya payti kelgan, keyinchalik Moskvada tanishgan rus olim va adiblari ta’sirida shakllanganini bildim.
Darvoqe, Izzat Sulton urushdan keyingi yillarda Radio komitetida rais o‘rinbosari, kinostudiyada direktor lavozimida xizmat qildi. 1948 yili Til va adabiyot institutiga rahbar etib tayinlandi. U institutda ishlay boshlagan yillarda komfirqaning adabiyot va san’atni boshi berk ko‘chaga olib kirgan qarorlari chiqqan. Shu qarorlar asosida o‘zbek adabiyotida ham alg‘ov-dalg‘ov boshlanib, Shayxzoda singari zabardast yozuvchilarga, "Alpomish" singari xalq ijodi durdonalariga tuhmat toshlari otilgan. Shunday tashvishli kunlarning birida NKVDda ishlaydigan insofli kishilardan biri Izzat akaga qo‘ng‘iroq qilib, uni hibsga olish haqidagi orderga imzo chekilgani, shuning uchun tezda Toshkentdan chiqib ketishi lozimligini aytgan. Izzat aka shu zahoti akademiya prezidenti, hamshahari va do‘sti Habib Abdullayevning huzuriga borib, uning yordami bilan Moskvaga uchib ketgan. U 1951 yildan 1955 yilga qadar Moskva Davlat universitetida Muxtor Avezov bilan bir kafedrada ishlab, talabalarga rus adabiyotidan ma’ruzalar o‘qigan.
Ma’lumki, Muxtor Avezov Toshkentda O‘rta Osiyo Davlat universitetida o‘qigan. O‘sha vaqtda O‘rta Osiyo xalqlari adabiyoti tarixida birinchi milliy roman - "O‘tkan kunlar" yozilgan va bu asar qozoq adibining keyingi ijodiga benihoya katta ta’sir ko‘rsatgan. O‘z vatanida ro‘y bergan qirg‘in-qatag‘onni ko‘rgan va o‘zi ham qatag‘on girdobidan qochib Moskvaga borgan qozoq adibi Izzat Sulton bilan suhbatlarida Abdulla Qodiriyni oqlash va asarlarini nashr etish haqida so‘z ochgan bo‘lsa, ajab emas. Har holda, Izzat Sulton Toshkentga qaytib kelganidan keyin shu masalada imkoniyat darajasida sa’y-harakat qila boshladi.
U shogirdlaridan biri Ahmad Aliyevga Abdulla Qodiriy ijodini ilmiy-tadqiqot mavzui qilib berdi, Ahmad Aliyevning dissertatsiyasi tayyor bo‘lganida unga qarshi chiquvchilar soni ko‘payib ketdi. Dissertatsiyaning institut zalida bo‘lib o‘tgan muhokamasi Faxri Kamol bilan Olim Usmon "jang"laridan kam bo‘lmadi. Faqat bu safar bahs mazkur ikki tilshunos emas, balki Izzat Sulton bilan Komil Yoqubov o‘rtasida bordi. Izzat Sulton hamkasbini sira ham ayamay, Abdulla Qodiriy va uning ikki buyuk romanini mardona himoya qildi.
80-yillari Izzat Sultonning "Abdulla Qodiriyning O‘tgan kunlari" pesasi munosabati bilan olim va dramaturgning bu asariga tosh otildi. Izzat Sulton adibning qamoqqa olinishida chetda turmagan, binobarin, uning "O‘tkan kunlar" muallifi haqida asar yozishga ma’naviy huquqi yo‘q edi, degan da’volar aytildi. Ammo men 1937 yilga va adibning oqlanishiga oid hujjatlarni o‘rgangan kishi sifatida aytamanki, Izzat Sulton ustoz adibning badnom etilishiga mutlaqo aralashmagan. Aksincha, uning oqlanishida salmoqli gapni aytgan asosiy mutaxassis Izzat Sultondir. Izzat Sultonning "O‘tkan kunlar" romanini 50-yillarda nashrga tayyorlashi va respublikaning yetakchi gazetasida adib haqidagi dastlabki ijobiy maqola bilan chiqishi tom ma’nodagi jasorat edi. Negaki u vaqtda zamon kemasi qayoqqa ketayotganini hech kim bilmasdi. Abdulla Qodiriy singari jabrdiyda yozuvchilarni oqlashga urinayotgan kishilarning o‘zlari tirik qoladimi yo yo‘qmi, degan masala hali aniq emas edi.
O‘tgan asrning 20-30-yillarida shakllangan aksar adabiyotshunoslar mumtoz o‘zbek adabiyoti bilan birga, zamonaviy adabiyot masalalari bilan ham shug‘ullanishgan. Izzat Sultonning nomzodlik dissertatsiyasi ham Navoiyning "Mezon ul-avzon" asari tadqiqiga bag‘ishlangan edi. U mazkur dissertatsiya ustida ishlash jarayonida Navoiyni kashf qilib bordi. Buyuk shoirning 500 yilligi munosabati bilan u haqda sahna asarini yozish g‘oyasi tug‘ilganida, Hamid Olimjon o‘ziga Uyg‘un bilan birga Izzat akani ham taklif qilib bejiz tanlamagan. To‘g‘ri, asar ustidagi ijodiy ish Hamid Olimjon safardalik paytida boshlangani uchun shoir shakllangan ijodiy jarayonga qo‘shilishni o‘ziga munosib ko‘rmagan.
Izzat Sulton mazkur asar ustida ishlar ekan, bir haqiqatni aniq bildi. Bu haqiqat shundan iboratki, ham yozuvchi singari ijodkor: faqat hamma ko‘pincha biror shaxsni yoki voqea-hodisani o‘rganish bilangina shug‘ullanadi. Holbuki, shu shaxs yoki voqea-hodisani tadqiqotchi sifatida o‘rganibgina qolmay, u haqda badiiy asar ham yaratishi mumkin. Zero, ijodkor ham ma’lum ma’noda tadqiqotchidir.
Hayotini ana shunday aqida asosiga qurgan olim ilm bilan ijodni misoli ikki qanot qilib, ijodiy jarayonga urindi. Balki u xuddi shu mahalda yanglishgandir. Balki u olim sifatidagina faoliyat olib borganida o‘zbek adabiyotshunosligini hozirgiga qaraganda yuksakroq dovonga olib chiqqan bo‘lmasmidi. Ammo biz shuni yaxshi bilamizki, u bizga ilm-fanni hurmat qilishni o‘rgatgan, shogirdlardan fanga muayyan ilmiy "bagaj" bilan kirishni talab qilgan. Bunday "bagaji" bo‘lmay, biror tadqiqoti bilan ilmiy jamoatchilik e’tiborini qozonmay turib, fan doktori bo‘lishga uringan yoshlarni xush ko‘rmagan. U ilmning bayrog‘i hamisha halol va mehnatsevar kishilar qo‘lida bo‘lishini astoydil istagan.
Hozirgi oltmish yoshlilar 50-60-yillarda Moskva televideniyesi "Irakliy Andronikov hikoya qiladi..." nomli turkum ko‘rsatuvlar namoyish etganini yaxshi bilishadi. Izzat Sulton ham har safar institutga kelganida Sharq va G‘arb adiblari hayotidan biror qiziq voqeani aytib berar va bu voqeani shunday hikoya qilar ediki, hammamiz og‘zimizni lang ochib eshitardik. Kunlarning birida men Izzat akaning shunday hikoyalaridan kattaroq davralarning bahramand bo‘lishini istab, institutda "Izzat Sulton hikoya qiladi..." degan nomda kechalar tashkil etmoqchi bo‘ldim. Lekin bu niyat ro‘yobga chiqmay qoldi. Shunga qaramay, men Izzat akadan rus yozuvchilari, artistlari, rassomlari singari xotiralar yozishni iltimos qildim. Hatto: "Izzat aka, "Istehkom", "Ko‘rmayin bosdim tikanni" singari pesalaringiz bir-ikki qo‘yilib, sahnadan tushib ketadi. Ammo Qodiriylar, Fitratu Cho‘lponlar, Oybeklar haqidagi xotiralaringizni yozsangiz, ular xalqqa uzoq vaqt xizmat qiladi", - degan paytlarim bo‘lgan. Izzat aka shunday qilishga va’da bergan, hatto yoza boshlagandi. Ammo uning vafotidan keyin bu xotiralarning izi shu paytgacha topilmay turibdi.
Izoh.uz — O‘zbek tilining xalqona izohli lug‘ati. So‘zlarning ma’nolari, ibora va misollar bilan keltirilgan.
Izoh.uz — Это народный толковый словарь узбекского языка с подробными определениями и примерами для каждого слова.
TVinfo.uz — Bugun, ertaga va keyingi hafta uchun to‘liq teledasturlar.
TVinfo.uz — Телепрограмма на сегодня, завтра и ближайшую неделю.
DostavkaInfo — Taomlar, dorilar, kitoblar va boshqa uy uchun kerakli bo‘lagan narsalarni yetkazib berish xizmatlari bor servislar.
DostavkaInfo — Каталог сервисов, предлагающих доставку еды, лекарств, книг и товаров для дома.
Imlo.uz — Орфографический словарь узбекского языка позволяющий проверить правописание узбекских слов на латинице и кириллице. В базе более 87 000 слов.
Imlo.uz — O‘zbek tilining imlo lug‘ati. Saytda 85 000 ortiq so‘z bor.
Lotin.uz — foydalanuvchilarga berilgan matnni lotindan kirillga va aksincha o‘girish xizmatini taklif etadi.
Lotin.uz — поможет транслитерировать с узбекской кириллицы на латиницу и обратно. Легко!
Maqol va naqllarning eng katta kolleksiyasi. Har bir maqol uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz).
Самая большая коллекция пословиц и поговорок на трёх языках (узбекский, русский, английский).
Har kuni eng sara latifalar va kulguli rasmlar. O‘zbek tilidagi kulgu markazi!
Ежедневно только отборные анекдоты, смешные картинки. Кузница юмора на узбекском языке!
Valyutani yuqori kursda almashtirish uchun yaqin punktlarni aniqlab beruvchi servis. Punkt joylashuvini kartada ko‘rsatadi.
Сервис, помогающий найти ближайшие пункты обмена валюты с выгодным курсом. Покажет местоположение пункта прямо на карте.
O‘zbekcha telegram kanallarining eng katta katalogi. Faqt faol kanallar, ruknlarda va batafsil statistikasi bilan.
Самый большой каталог телеграм каналов в Узбекистане. Только активные каналы по категориям и с подробной статистикой.
O‘zbek tilida savodli yozishni biz bilan boshlang.
С нами вы научитесь грамотно писать на узбекском языке.
O‘zbek tilining sinonimlar lug‘ati. Saytda 3300 tadan ortiq so‘zlar, 900 ga yaqin sinonim so‘zlar to‘plamiga jamlangan.
Словарь синонимов узбекского языка на нашем сайте содержит более 3300 слов и 900 синонимов.