Jaloliddin Manguberdi

Jaloliddin Manguberdi
O`rta asr arbobi
Tavallud sanasi:
1199 yil
Vafot sanasi:
1231 yil

Vatan ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan dovyurak kurashchi, chin ma’nodagi vatanparvar, milliy qahramon, jahon xalqlari tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk inson, mohir sarkarda, xorazmshohlar davlatining so‘nggi hukmdori Jaloliddin ibn Alovuddin Muhammad (1198-1231) to‘g‘risida XIII asrdan to hozirgi kunga qadar yozilgan kitoblarning soni ming jilddan ortiqni tashkil etadiki, shuning o‘zi ham uning shavkatli nomi beqiyos sharaf va ehtiromga loyiq ekanini ko‘rsatadi. Uning shaxsiy kotibi, tarixchi Shahobiddin Muhammad Nasaviy o‘zining “Sulton Jaloliddin Manguberdi” [Shahobiddin Muhammad Nasaviy. Sulton Jaloliddin Manguberdi. -T.: O‘zbekiston, 2006. -B. 295] asarida shanday yozadi: “Uning botirligiga kelganda shuni aytish kerakki, sulton arslonlar orasidagi eng kuchli sher edi”.

U otasi tomonidan G‘azna, Bomiyon, G‘ur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston hududlarigacha bo‘lgan mulkning hokimi va taxt vorisi etib tayinlangan edi, biroq Turkon xotun va qipchoq amirlarining noroziliklari sababli Qutbiddin O‘zloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etilgan edi.

Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shinlari yurtga bostirib kirib, birin-ketin shaharlarni egallab, Samarqandga yaqinlashgan paytda mamlakat hukmdori xorazmshoh Muhammad 1220 yilda Hazar dengizi bo‘yida joylashgan Obeskun shahri yaqinidagi Ashur ada orolida panoh topdi va o‘g‘illari - Jaloliddin, Oqshoh va O‘zloqshohni yoniga chorlab, vasiyat qildi: “Manguberdidan boshqa o‘chimni oladigan, g‘animni to‘xtatadigan boshqa hech kim yo‘q. Uni taxt vorisi etib tayinlayman. Unga itoat qilingiz”, - dedi va qilichini o‘z qo‘li bilan Jaloliddinning beliga bog‘ladi” [Oydin Tonariy. Jaloliddin Xorazmshoh va uning davri. -T.: Sharq, 1999. -B. 13].

Chingizxon qo‘shiniga qarshi otlangan Jaloliddin Manguberdi ukalari Oqshoh va Qutbiddin O‘zloqshoh bilan Gurganj mudofaasiga oshiqdi, ammo yovga qarshi birlashib kurashish o‘rniga Turkon xotunning o‘zibo‘larchiligi oqibatida qipchoq amirlari uning akasi Xumorteginni sulton deb e’lon qildilar va Jaloliddin Manguberdiga qarshi suiqasd uyushtirdilar. Fitnadan o‘z paytida xabar topgach, do‘sti va safdoshi, dovyurak jangchi Temur Malik boshchiligidagi 300 nafar suvoriy bilan Xurosonga qarab yo‘l oldi. Niso shahri yaqinida bosqinchilar bilan bo‘lgan jangda g‘alabaga erishib, Nishopurga keldi va barcha viloyat hokimlariga nomalar jo‘natib, mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashishga da’vat etdi. Hirot voliysi, qaynotasi Aminaulmulk o‘n ming sonli lashkari bilan unga kelib qo‘shildi va uch kun ichida Kandahorni qamal qilib turgan mo‘g‘ul qo‘shinini tor-mor keltirib, G‘azna tomon yurdi. Xalaj qabilasi boshlig‘i Sayfiddin Ig‘roq, Balx voliysi A’zam malik, qarluqlar boshlig‘i Hasan Qarluqlar 30 ming suvoriy bilan 60 ming suvoriydan iborat vatan himoyachilari safiga kelib qo‘shildilar.

Jaloliddin Manguberdi qat’iy harbiy taktika qo‘llab, Valiyon qal’asini qamal qilayotgan Takajuk va Malg‘ur boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shiniga qaqshatg‘ich zarba berdi va uchinchi kuni ularni tor-mor etdi. Bu uning dastlabki yirik g‘alabasi edi.

Bu xabar vatan himoyachilarini chinakamiga ruhlantirgan bo‘lsa, Chingizxonning esini chiqarib yubordi va unga qarshi o‘zining 45 ming kishilik eng sara jangchilarini hujumga tashladi, ammo harbiy mahorat bobida katta qobiliyatga ega bo‘lgan Jaloliddin Manguberdi bu safar ham G‘azna yaqinida yana g‘alabaga erishdi.

Chingizxon ilg‘or qo‘shinga shaxsan o‘zi bosh bo‘lib, jangga kirdi. Xuddi shu paytda Jaloliddin Manguberdining lashkarboshilari bo‘lmish Sayfiddin Ig‘roq, A’zam malik va Muzaffar malik o‘lja ustida o‘zaro talashib qolib, vatan himoyachilari safini tark etdilar. Bu juda katta ayanchli xato edi, birlashib jangga kirganlarida, balki jahon taqdir boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Balki shu jangda Chingizxonning o‘zi ham shikast topishi mumkin edi. Lekin shunda ham faqat qaynotasi bilan qolgan Jaloliddin Manguberdi Chingizxonning ilg‘or qismni tor-mor keltirishga muvaffaq bo‘ldi va kam sonli navkarlar bilan qolgach, hayqirib oqayotgan Sind daryosiga ot solib o‘tdi hozirda Cho‘li Jaloliy deb ataladigan hudud ichkarisiga qarab chekindi. Manbalarda bu voqeaning 1221 yilning 25 noyabr kunida sodir bo‘lgani qayd etilgan.

Ana shu jang tavsilotlari haqida yozgan deyarli barcha muarrixlar Jaloliddin Manguberdining jasoratiga shaxsan Chingizxonning tan berganligi haqida alohida urg‘u berib o‘tganlar.

“Ota o‘g‘il mana shunday bo‘lishi lozim!”[Ziyo Buniyodov. “Anushtegin Xorazmshohlar davlati”,G‘afur G‘ulom nashriyoti, 1998 yil, 201-bet].

Chingizxonning dovyurak va mard jangchi, mohir sarkarda Jaloliddin Manguberdiga bergan yuksak bahosi, e’tirofi asrlar osha tildan-tilga, og‘izdan-og‘izga o‘tib kelmoqda.

Jaloliddin Manguberdining yana bir mardona xislati shuki, u vatan ozodligi yo‘lida kurashib kam kuch bilan qolganda ham, tushkunlikka tushmadi, aksincha, hatto Hindistonning notanish cho‘llarida ham sabr-bardosh, mardonavorlik bilan kuch to‘plab, g‘animga qarshi chiqishga intildi. Mamluklar sulolasidan bo‘lmish Dehli sultoni Shamsuddin Eltutmish Jaloliddin Manguberdi ustiga 30 ming otliq, 100 ming piyoda va 300 ta fildan iborat katta qo‘shin jo‘natganda ham, u tahlikga tushmadi, aksincha, ilk to‘qnashuvdayoq ilg‘or qismini parokanda etib, Eltutmishni sulh so‘rashga majbur qildi, ichkilik va maishatga mukkasidan ketgan Ozarboyjon va Arrin otabegi O‘zbekni jangsiz taslim etgan bo‘lsa, 1225 yilning avgustida Gruziyada Ivane Mxargrdze boshliq 60 ming suvoriy, 1227 yilning sentyabr oyida Isfahon yaqinida Taynol nuyon boshliq mo‘g‘ul qo‘shini ustidan g‘alaba qozondi.

Yengilgan Taynol nuyon ham uning matonati va sarkardalik faoliyatiga tan berib: “Zamonasining haqiqiy bahodiri ekan, o‘z tengqurlarining sarvari ekan!” [Ziyo Buniyodov. “Anushtegin Xorazmshohlar davlati”,G‘afur G‘ulom nashriyoti, 1998 yil,219-bet.] deya dil izhorini bayon etgan edi.

Bularni o‘qiy turib, yaxshigina ilm egasi bo‘lgan Jalolliddin Manguberdining umri faqat jang, kurash bilan o‘tgan, degan tor xulosaga kelmaslik kerak. Nasaviy ma’lumotlariga ko‘ra, u ilm ahli bilan suhbatlar va anjumanlar ham o‘tkazib turgan. Masalan, tarixchi yozadi:

“...Sulton ramazon oyini tabrizda kechirdi. Saroyda bir ilmiy anjuman tashkil etdi... O‘zi ham minbar qarshisiga o‘tirib, olimlarning nutqlarini tingladi.”.[Oydin Tonariy. “Jaloliddin Xorazmshoh va uning davri”, “Sharq” NMK bosh tahririyati, 1999 y., 61-bet.]

Muarrix Oydin Tonariyning ma’lumot berishicha, bir kurd uni sulton ekanligini bilgach, akasining xuni uchun uning ko‘ksiga nayza sanchib shahid etdi. Lekin xalq o‘z bahodir sarkardasining halok bo‘lganiga ishonmadi. 1254 yilda Jayhun daryosi bo‘yiga savdo karvoni bilan kelgan bir kishi o‘zini sulton Jaloliddin deb tanishtirdi. Uni tutib, so‘roq qildilar, ammo jon taslim qilguncha ham o‘z so‘zidan qaytmadi. [Ziyo Buniyodov. “Anushtegin Xorazmshohlar davlati”, G‘afur G‘ulom nashriyoti, 1998 yil, 237-bet]

Biroq shuni ham aytish kerakki, eski tuzum - mustamlaka davrida, salkam 150 yil davomida Jaloliddin Manguberdi haqidagi haqiqat haqida ochiq yozishga yo‘l qo‘yilmadi, uzoq o‘tmishning yillik qatlamlarida bu nom goh unutildi, yashirin tutildi, tarixini o‘rganish taqiqlandi.

O‘zbekiston hukumati mustaqillik yillarida “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash haqida” (1998 y.) qaror qabul qildi, Xorazm viloyatida uning o‘lmas xotirasi sharafiga mahobatli haykal o‘rnatilib, yirik jamoa korxonalari, ko‘cha va xiyobonlarga nomi qo‘yildi. Jasorati haqida hikoya qiluvchi badiiy va ilmiy va sahna asarlari, videofilmlar yaratildi. 2000 yil 30 avgustda “Jaloliddin Manguberdi” ordeni ta’sis etildi. Bir so‘z bilan aytganda, dunyo ana shunday jasur insonlarning nomlarini hamisha sharaflab kelgan va bundan keyin ham yaxshi an’ana davom etaveradi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/jaloliddin_manguberdi