Jo‘raxon Sultonov

Qo`shiqchi
Jo‘raxon Sultonov
Tavallud sanasi:
29.01.1903
Vafot sanasi:
19.10.1965

Yetuk o‘zbek xonandasi, sozanda.va xalq hofizi, o‘zining yoqimli qo‘shiqlari bilan tinglovchilarni maftun etib, o‘zining mustahkam o‘rnini topgan, el nazariga tushgan usta hofizdir. «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni sohibi.

Yetuk o‘zbek xonandasi, sozanda.va xalq hofizi Jo‘raxon Sultonov 1903 yilda Marg‘ilonda tug‘ilgan.

1920 yilda M.Qoriyoqubov birinchi etnografik ansambl tuzib, unga Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilov, To‘xtasin Jalilov, Ahmad Umrzoqov, Abduqodir Ismoilovlarni taklif etarkan, Jo‘raxon Sultonov ham shu ansambl bilan Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Astraxan va Boku shaharlarida ijodiy safarda bo‘lib, o‘zining yoqimli qo‘shiqlari bilan tinglovchilarni maftun etdi.

Bu ijodiy safardan muvaffaqiyat qozonib qaytgan hofiz 1928 yildan musiqali drama, 1932 yildan O‘zbek Davlat musiqali teatrida, 1936-1939 yillarda O‘zbek Davlat filarmoniyasida, 1940 yildan-1950 yillargacha Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatrida, 1950-1958 yillarda O‘zbek Davlat estradasida, 1958 yildan umrining oxirigacha O‘zbekiston Radiosining "Maqom" ansamblida faoliyat ko‘rsatdi.

Uning musiqali drama teatrlarida ijro etgan rollari - «Tohir va Zuhra»da Parpi hofiz, «Nurxon»da Norqo‘zi obrazlari jozibaliligi va hayotiyligi bilan alohida ajralib turadi.

Qo‘shiq san’atida o‘zining mustahkam o‘rnini topgan, el nazariga tushgan J.Sultonov 1937 yilda Moskvada bo‘lgan o‘zbek san’ati Dekadasida, respublikamizdagi katta xalq qurilishlarida faol ishtirok etdi.

1939 yilda Asad Ismatov, Lutfixonim Sarimsoqova, Ma’murjon Uzoqov va boshqa san’atkorlar bilan Katta Farg‘ona kanali qurilishida madaniy xizmat qildi va xuddi shu yili «O‘zbekiston xalq hofizi» unvoniga sazovor bo‘ldi.

Xalq kuylari va Usullari asosida «O‘lmasun» (Navoiy), «Keling, ey ahboblar» (Furqat), «Bir qadah» (Chustiy), «Mubtaloman naylayin» (S. Abdulla) kabi bir qancha ashulalarni yaratdi. U ijro ettan va magnit tasmalariga yozib olingan «Ul maxluqo», «Gulizorim», «Ko‘ring», «Ne balo», «Oh kim», «Sayri gulzor» kabi shirali va yoqimli ashulalarni hamon san’at muxlislari katta quvonch bilan tinglab, ma’naviy oziq oladilar, hofiz va xonandalar esa uni ustoz sifatida hanuz ardoqlaydilar.

Jo‘raxon Sultonov 1965 yilda Marg‘ilon shahrida vafot etdi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/sultonov_jo%E2%80%98raxon
Sayt foyda berdi!
42862 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi