Komil Yormatov

Rejissyor
Komil Yormatov
Tavallud sanasi:
02.05.1904
Vafot sanasi:
17.11.1978

Yormatov Komil (1904.2.5, Konibodom — 1978.17.11, Toshkent) — oʻzbek kinorejissyori, tojik kinosining asoschisi. Oʻzbekiston xalq artisti (1955), Tojikistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1939), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1943). Birinchi filmi — "Muhojir" (1934) Tojikiston kinostudiyasida suratga olingan (oʻzi ssenariy muallifi, rejissyor, bosh rol ijrochisi). "Faxriy huquq", "Uzoq chegarada", "Doʻstlar qayta uchrashganda" filmlari ham "Tojikfilm"da ishlangan. Bu filmlarda uning oʻziga xos uslubi, keskin dramatizmga intilishi, murakkab dekoratsiyalardan foydalanishi koʻzga tashlanadi. 1941 yildan "Oʻzbekfilm"ning badiiy rahbari. Urush yillari "Vatan sovgʻasi", "Front uchun konsert" singari konsert filmlar, "Uyqusiz yillar" badiiy filmini yaratdi. "Alisher Navoiy" filmi (1947) rejissyorga katta shuhrat keltirdi. Bir qancha oʻzbek filmlarida aktyor sifatida qatnashgan.

Yormatovning har bir ijodiy bosqichi yangi yangi boʻyoqlar bilan sayqallasha borib, yaratgan filmlari milliy kino oldida turgan aniq va muxim vazifalarni hal etib bordi. Zamonaviy mavzuda "Opa-singil Rahmonovalar", "Gullar ochilganda", tarixiy mavzuda "Abu Ali ibn Sino" kabi filmlari, "Paxtaoy" ertakfilmi kinofestivallarda I-darajali diplomlar bilan takdirlangan. 60-yillarda Yormatov kinotrilogiya yaratib, oʻzbek kino sanʼatini yangi bosqichga koʻtardi. Afsona harakteridagi "Ikki dil dostoni" (1966; xalqaro kinofestivalning "Oltin Absora" mukofoti, 1968), oʻzbek shoirasi hayotiga bagʻishlangan "Nodirabegim", "Uzoq-yaqin yillar" (kinofestivalning maxsus sovrini, Riga, 1978) kabi filmlari ham shuhrat qozondi. "Kinossenariylar" (M. Melkumov bilan hamkorlikda) toʻplami, "Esdaliklar"i nashr etilgan. Oʻzbekiston Kinematografchilar uyushmasining kotibi (1958—78). "Oʻzbekfilm"ga Yormatov nomi berilgan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1967).

 

Manbaa: http://www.wikiwand.com/uz/Komil_Yormatov
Sayt foyda berdi!
48800 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi