Lutfixonim Sarimsoqova

Aktyor
Lutfixonim Sarimsoqova
Tavallud sanasi:
26.05. 1896
Vafot sanasi:
14.01.1991

Lutfixonim Sarimsoqova O’zbek teatr san’atining yorqin yulduzlaridan biri, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri aktrisasi. 

O’zbek teatr san’atining yorqin yulduzlaridan biri, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri aktrisasi Lutfixonim Sarimsoqova 1896 yilda Farg’ona viloyati Rishton tumanidagi Rishton qishlog’ida tug’ilgan.

Lutfixonim Sarimsoqova ijodiy faoliyatini 1923 yilda Qo’qon xotin-qizlar havaskorlik to’garagida boshlagan bo’lib, 1924—1928 yillarda Qo’qon teatrida, 1928—1931 yillarda Andijon viloyat musiqali drama teatrida, 1931 — 1934 yillarda Marg’ilon teatrida, 1934—1939 yillarda Toshkentdagi O’zbek Davlat musiqali teatrda aktrisa, 1939—1940 yillarda esa O’zbek Davlat filarmoniyasi qoshidagi dutorchi xotin-qizlar ansamblida badiiy rahbar, 1940—1973 yillarda Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida yetakchi aktrisa sifatida faoliyat ko’rsatgan.

1925 yilda Qo’qon teatrida qo’yilgan U. Hojibekovning «Arshin mol olon» spektaklidagi Askerning xolasi siymosi Lutfixonim Sarimsoqovaning teatr sahnasida yaratgan ilk obrazidir. Keyinchalik aktrisa drama va musiqali dramalar: Xurshidning «Layli va Majnun»ida (1925) Layli, «Farhod va Shirin»ida (1926) Shirin, K. Gotstsining «Malikai Turandot»ida (1928) Adelma, K. Goldonining «Ikki boyga bir malay»ida (1929) Smeraldina, K. Yashin, T. Jalilovning «Urtsjlar»ida (1930) Roziya, K. Yashin, T. Sodiqov, R. Glierning «Gulsara»sida (1935) Oysara, Xurshid, Uspenskiy, G. Mushelning «Farhod va Shirin»ida Yosuman kabi murakkab xarakterdagi ayollar obrazini yaratdiki, bu obrazlar teatr muxlislari nigohida hanuzgacha saqlanib turibdi.

Lutfixonim Sarimsoqova Muqimiy teatrida Hamza va X. To’xtasinovning «Maysaraning ishi»da (1943) Maysara, K. Yashin va T. Jalilovning «Oftobxon»ida (1943) Xayri xola, S. Abdulla, T. Jalilov, B. Nadejdinning «Alpomish»ida (1950—1962) Oyijon, Hamza, T. Jalilov, G. Sobitovning «Paranji sirlari»da (1946—1960) Mastura satang, S. Abdulla, T. Jalilov, G. Mushelning «Muqimiy»sida (1949—1967) Risolat chevar, K. Yashin, T. Jalilov, G. Sobitovning «Nurxon»ida Kimyo singari obrazlari bilan o’z repertuarini boyitdi. Aktrisa Muqimiy teatrida yaratgan obrazlari bilan katta iste’dod sohibasi, yetuk san’atkor sifatida ko’pchilik muxlislarning hurmati va e’tiboriga sazovor bo’ldi.

O’zbek teatr saxnasida yetuk obrazlar yaratgan aktrisa kinoda ham yorqin, esda qolarli obrazlar yaratib, kino san’atida o’z o’rni va ijodiy uslubiga ega bo’ldi. 1931 yilda suratga olingan «Ozod» filmidagi ip yigiruvchi ayol obrazi aktrisaning kinodagi birinchi roli bo’lsa, A. Usoltsevning «Qasam»ida (1937) Ona, N. G’anievning «Shohi so’zana»sida (1947) Xolnisa, K. Yormatovning «Opa-singil Rahmonovalar»ida (1955) Sharofat, 3. Sobitovning «Farzandlar»ida (1959) Telba ayol, Sh. Abbosovning «Sen yetim emassan»ida (1963) Fotima opa, «Mahallada duv-duv gap»ida (1961) Mehriniso, A. Akbarxo’jaevning «Hadya»sida (1972) Hadya kabi ruhiy teran, turli xarakterli qahramonlar obrazi faqat aktrisa ijodidagina emas, balki o’zbek kinosi tarixida ham muhim voqea bo’ldi. 

Ayniqsa, «Sen yetim emassan»dagi Fotima opa, «Mahallada duv-duv gap»dagi Mehriniso, «Farzandlar»dagi Telba ayol aktrisaning kinodagi jiddiy yutug’i bo’ldi va o’zbek musiqali drama teatri sahnasida va milliy kinomizda ona obrazining betakror va benazir ijrochisi sifatida shuhrat qozondi.

Lutfixonim Sarimsoqova «Quling», «Uzgancha», «Yor-yor», «Hakalakam o’ynasamman», «Jambilxon», «Yorginam», «Omon bo’laylik» va boshqa xalq ashulalarini mohirona ijro etgan xonanda hamdir.
Lutfixonim Sarimsoqova uzoq va mazmunli umr kechirdi. Uning ijodiy mehnati «O’zbekiston xalq artisti», «Xalq artisti» unvonlari bilan taqdirlanib, orden va medallar bilan mukofotlandi.

O'zbek teatri va kino san’atida ona obrazining mohir ijrochisi sifatida o’zbek san’ati tarixidan munosib o’rin olgan Lutfixonim Sarimsoqova 1991 yilda Toshkent shahrida vafot etdi

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/sarimsoqova_lutfixonim_
Sayt foyda berdi!
41786 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi