Ma’ruf Jalil

Ma’ruf Jalil
Shoir, Yozuvchi
Tavallud sanasi:
1936 Oktyabr 10
Vafot sanasi:
2004 yil

Ma’ruf Jalil shoir, yozuvchi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Hamid Olimjon nomidagi yillik mukofotiga, Orol fojeasi haqidagi publitsistik maqolalar turkumi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Tarjimai hol

Ma’ruf Jalil 1936 yil 10 oktyabrda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumaniga qarashli Payshanba qo‘rg‘onida tug‘ilgan.

Zarafshon daryosi Samarqandda ikki irmoqqa bo‘linadi. Shimoliy irmog‘i Oqdaryo, janubiy irmog‘i Qoradaryo deb ataladi. Ikki daryo oralig‘ini esa Miyonko‘l deyishadi. Payshanba qo‘rg‘oni Miyonko‘lning etagida joylashgan, tabiati fayzli, tuprog‘i barakali va serunum joylardan. Ma’rufning otasi Ergash Jalilov savodxon, kitobsevar, kamsuqum, kamtarin, ayniqsa, o‘zbek xalq ertaklari, dostonlari, mumtoz adabiyotga ixlosi baland kishi bo‘lgan.

Ma’ruf 8-sinfda o‘qib yurganida tuman gazetasida «Orzu» sarlavhali birinchi she’ri bosilib chiqadi.

1958 yili Toshkentga keladi va Birlashgan nashriyot bosmaxonasiga harf teruvchi shogird bo‘lib ishga kiradi.

1961 yil «Bahor» sarlavhali she’ri gazetada bosiladi. Shu yili Toshkent Davlat universitetining filologiya fakulteti sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiradi. She’r va maqolalari gazeta va jurnallarda tez-tez ko‘rina boshlaydi. Shundan so‘ng Ma’ruf Jalil tahririyat va nashriyotlarda, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishladi.

Birin-ketin shoirning «Men sizni sevardim», «Rahmat, odamlar» (1970), «Seni o‘ylab» (1973), «Notanish yo‘llar» (1975), «Qo‘shiq ishtiyoqi» (1979), «Men suv ichgan daryolar» (1981), «Parizodim» (1984), «Daryoni izlar shamol» (1987), «Baxtimga sen borsan» (1989) kabi she’riy kitoblari, «Bunyodkor qalb» (1984), «Orol madad so‘raydi» (1987) ocherk va publitsistik maqolalar to‘plamlari bosilib chiqadi.

Ma’ruf Jalil «Daryoni izlar shamol» to‘plami uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Hamid Olimjon nomidagi yillik mukofotga, Orol fojeasi haqidagi publitsistik maqolalar turkumi uchun O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning tasvir uslubiga kelganda shuni qayd etish joizki, she’rlari ortiqcha jimjimador ham, baland parvoz ham emas. Ular oddiy, samimiy va tabiiy, sokin daryolardek chuqur, purma’noli ekanligi bilan qimmatlidir.

Ma’ruf Jalil 2004 yilda vafot etgan.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/ma%E2%80%99ruf_jalil