Madali Hofiz Rahmatillo o‘g‘li

Qo`shiqchi, Shoir
Madali Hofiz Rahmatillo o‘g‘li
Tavallud sanasi:
1867 yil
Vafot sanasi:
1930 yil

Farg‘ona anhanaviy ijrochiligining mo­hir bilimdoni Madali hofiz Shahrixon shahrida tug‘ildi. Otasi asli kosib bo‘lib, diniy ilmlarni puxta egallagani uchun Rah­ma­tillo Qori nomi bilan mashhur edi. O‘g‘li Madalibekni ham kosiblikka berdi. Lekin qo‘shiqqa bo‘lgan havas uni mashhur tanburchi hofiz Nurohun akaga ergashtirdi. Zamondosh shoirlar Oraziy, Hayratiylar bilan hamkorlik qiladi. O‘sha davrda Marg‘ilonda gullab yashnagan madaniy muhit uni o‘ziga chorladi va shu yerdan uylanib, muqim yashab qoldi. Bu yerda Yusuf qiziq, Matholiq hofiz singari sanhat darg‘alari bilan yaqindan tanishdi. Uning ovozi shu qadar baland bo‘lgan ekanki, «Madali hofiz Marg‘ilonda qo‘shiq aytsa, simda (Farg‘onada) eshtiladi»,- degan ibora xalq ichida mashhur bo‘lgan.

Muqimiy, Zavqiy, Xaziniy, Pisandiy, Rojiy kabi mash­hur shoirlar bilan ijodiy hamkorlik qiladi. Ularning g‘azallari zamirida qator qo‘shiq va yallalar yaratadi. Ayniqsa, Muqimiy g‘azallari bilan aytiladigan «Abdurahmonbegi» qo‘shiqlar majmuasi hozirgacha sevib kuylanadi. Hofiz «Chorma­qom»ning mashhur ijrochisi sifatida xalq orasida mashhur bo‘lgan.

Madali hofiz «Qalandar»lar, «Tanovor»lar, qo‘shiq va yallalarni to‘plab o‘zi ijro qildi va shogirdlarga o‘rgatdi. Hatto Mulla To‘ychi Toshmuhammedov ham Madali hofizning oldiga kelib qo‘shiqlar o‘rganib ketar ekan. Buning dalili sifatida Mulla To‘ychi hofiz Madali hofizga shoir Xislatning «Armug‘oni Xislat» bayozini sovg‘a tariqasida berib ketgan ekan. Bu bayoz hozirgacha ustozning farzandlarida saqlanib keladi.

Madali hofiz o‘zbek qo‘shiqchilik sanhatiga yalla yo‘llarini olib kirdi. «Shoshmaqom»ning «Buzruk» maqomidagi «Savti sarvinoz» hamda «Segoh» sho‘hbalarining muallifi sifatida, Madalibek nomi «O‘zbek xalq musiqasi» kitobida ko‘rsatib o‘tilgan.

1912 yilda «Robert Kents» firmasi ekspeditsiyasi davrida hofizning «Abdurahmonbegi» qo‘shiqlar majmuasini plastinkaga yozib oladi. Bu plastinka hozirgacha hofizning o‘g‘li, taniqli bastakor Mamasiddiq Madaliyevda saqlanadi. Madali hofiz har bir qo‘shiqni talabchanlik bilan mohirona ijro etgani va shogirdlaridan ham shunday talab qilgani uchun «Noyob» degan tahallusga ega bo‘lgan edi. Madali hofiz oltmish uch yil umr ko‘rib, Marg‘ilon shahrida vafot etdi. O‘zining vosiyatiga ko‘ra Xo‘jamahoz mozoriga dafn etilgan.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/madali_hofiz_rahmatillo_o%E2%80%98g%E2%80%98li
Sayt foyda berdi!
48801 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi