Malik Nabiyev

Rassom
Malik Nabiyev
Tavallud sanasi:
1916
Vafot sanasi:
30.04.2008

Malik Nabiyev (1916-2008) O‘zbekiston xalq rassomi, akademik, professor, qator davlat mukofotlari laureati, Buyuk ajdodlarimiz va zamondoshlarimizning mukammal obrazlarini yaratganu uchun Davlatimiz tomonidan «Buyuk xizmatlari uchun» (2000 y.) ordeni bilan taqdirlangan.

Malik Nabiyev 1916 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1937 yili P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida o‘qituvchilik faoliyatini boshlagan. 1958 yildan umrining oxiriga qadar Nabiyev Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetida iqtidorli yoshlarning bir nechta avlodini tasviriy san’at sohasi sir-asrorlari bilan yaqindan tanishtirgan. Rassomning buyuk tarixiy shaxslar va fidoiy zamondoshlar aks ettirilgan asarlari keng jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Ular orasida Nabiyevning «Spitamen», «Beruniy portreti», «Tamara Xonim», «Cho‘pon», «Shifokor Mahmudova portreti», «Quruvchi» kabi kartinalari bor.

Malik Nabiyev ijodi, ayniqsa, Mustaqillik yillarida yanada rivojlandi. Rassom o‘zbek xalqining buyuk o‘g‘lonlari - Bobur, Fitrat, Usmon Nosir singarilarning o‘ziga xos suvratlarini yaratdi. Ayniqsa, 1994 yil buyuk bobakalonimiz Sohibqiron Amir Temurning Nabiyev tomonidan yaratilgan portreti nafaqat tasviriy san’at, balki mamlakatimiz madaniy hayoti rivojida katta hodisa bo‘ldi.

Malik Nabiyev olim va madaniyat arboblari portretlarini yaratib, asosan tarixiy janrda ijod qilgan. Ko‘rgazmada Amir Temur o‘smirlik davridan boshlab keksalik onlarigacha hayotining turli pallalarida yaratilgan ko‘pobrazli tarixiy kompozitsiyalar taqdim etilgan. Rassom mo‘yqalamiga mansub Amir Temur portretlaridan biri buyuk sarkarda va davlat arbobi obrazi etaloni, deb tan olingan. Ushbu muvaffaqiyat rassomga ilhom bag‘ishlab, Amir Temur va u yashagan davrga oid tarixiy hujjat va kitoblar, arxiv materiallarini sinchkovlik bilan o‘rganishga undagan.

Xalq ozodligi kurashchisi Spitamen hamda buyuk olim va mutafakkir Abu Rayhon Beruniy portretlari ham rassomning eng yaxshi asarlari qatoridan o‘rin olgan.

Nabiyev boshqa rassomlarning buyuk asarlari saqlanadigan me’moriy obidalar, muzey va ko‘rgazma zallarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun Yevropa, Osiyo, Amerika mintaqalarining 40 dan ortiq mamlakatlarida bo‘lgan. Jahon san’atining turli yo‘nalishlarini puxta o‘zlashtirganiga qaramay, rassom realizm an’analariga sodiq qolgan. Ekspozitsiyadan o‘rin olgan Hindiston, Kuba, Shri-Lanka, Indoneziyaga sayohatlardan olgan tassurotlari asosida yaratilgan etyudlar va tugal asarlar shundan dalolat beradi.

Buyuk ajdodlarimiz va zamondoshlarimizning mukammal obrazlarini yarata olgan Malik Nabiyev «Buyuk xizmatlari uchun» (2000 y.) davlat ordeni bilan taqdirlangan.

2011 yil 17 fevral «IJOD» rassomlar, san’atshunoslar va xalq ustalari uyushmasi tomonidan Malik Nabiyev tavalludining 95-yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi o‘tkazildi. Shuningdek, uning o‘g‘li Xusan Nabiyev va nabirasi Anvarning «Avlodlar» deb nomlangan ko‘rganzmalari ham ushbu mavzu bilan hamohangdir.

Tadbirda atoqli arbobning hayoti va bosib o‘tgan yo‘li haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi va rassomning hamkasblari, ko‘p sonli shogirdlari va yaqinlari taniqli rassom va uning ijodini yodga olib so‘zga chiqishdi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/nabiyev_malik_nabiyevich
Sayt foyda berdi!
41788 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi