Malik Qayumov

Rejissyor, Aktyor
Malik Qayumov
Tavallud sanasi:
22.04.1912
Vafot sanasi:
29.04.2010

«O’zbekiston xalq artisti», «Mehnat Qahramoni» unvonlari sohibi «El-yurt hurmati» ordeni sohibi bo’lgan Malik Qayumov «Soyuzkinoxronika»ning O’rta Osiyo respublikalari bo’yicha muxbiri, ijodiy faoliyatida 110 dan ortiq hujjatli filmlar yaratib, o’zbek xalqining tarixi, madaniyati, fani va san’atini jahonga tanitgan ulkan san’atkor, o’zbek hujjatli kinosiga asos solib, o’zbek kino san’atini nodir asarlar bilan boyitdi.

O’zbek kinosan’atining ulkan namoyandasi Malik Qayumov 1912 yilda Toshkentda tug’ilgan. Mehnat faoliyatini 1929 yildan «Sharq yulduzi» (O’zbek Davlat kinosi) kinostudiyasida boshlab, «Bog’doddagi amirkon», «Ajoyib kun», «Qumlikdagi voha», «Qumdagi quduq» va boshqa filmlarda suratga tushish bilan bir qatorda operator assistenti bo’lib ishlagan.

M. Qayumov 1930—1932 yillarda Moskva Butunittifoq Davlat kinematografiya institutining operatorlik bo’limida tahsil olib qaytgach, 1932 yildan Toshkent xronika kinostudiyasida operator va «Soyuzkinoxronika»ning O’rta Osiyo respublikalari bo’yicha muxbiri bo’lib faoliyat ko’rsata boshlagan. Ikkinchi Jahon urushi yillarida Malik Qayumov ko’ngilli sifatida urushga jo’nab, hujjatli filmlar Markaziy studiyasining harbiy kinooperatori, urushdan qaytgach, 1946 yildan Toshkent badiiy va hujjatli-xronikal filmlar studiyasining («O’zbekfilm») rejissyor operatori va badiiy rahbari bo’lib ishlay boshladi. 1961 yildan esa O’zbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasining direktori, keyinchalik badiiy rahbari vazifasida faoliyat ko’rsatdi. O’zbekiston kinematografiya xodimlarining IV s’ezdida Malik Qayumov O’zbekiston kinematografiya xodimlari uyushmasining birinchi kotibi bo’lib saylandi.

Malik Qayumov 60 yildan ziyod ijodiy faoliyatida 110 dan ortiq hujjatli filmlar yaratib, o’zbek xalqining tarixi, madaniyati, fani va san’atini jahonga tanitgan ulkan san’atkor sifatida hurmat-e’tiborga sazovor bo’ldi, o’zbek hujjatli kinosiga asos solib, o’zbek kino san’atini nodir asarlar bilan boyitdi.

O’z filmlari bilan ona Vatanimizning boyligi va go’zalligini olamga ko’z-ko’z qildi. Ayniqsa, u suratga olgan «Qudratli oqim», «Bizning O’zbekistonga keling», «Tinchlik va do’stlik kinofestivali», «Insonnyatning besh qo’li», «Qirq yil va bir kun», «Bahordan bahorgacha», «O’zbekiston bo’ylab sayohat», «Toshkent tinchlik shahri», «Toshkent, zilzila», «San’atga bag’ishlangan umr», «O’zbekiston san’ati», «13 qaldirg’och», «Sharqda shunday saxiy shaxslar bor» kabi hujjatli filьmlari o’zbek kinosan’atining ulkan yutug’i sifatida e’tirof etiladi. Malik Qayumov ijodida «Hindiston tongi», «Vetnam - mening Vatanim», «Hindiqush bo’ylab yo’l», «Oltin Bengaliya» kabi xorijiy mamlakatlar haqidagi hujjatli filmlari alohida o’rin tutadi.

Uning ko’plab filmlari xalqaro va sobiq Ittifoq kinofestivallarida yuksak baholanib, sovrin va diplomlarga sazovor bo’ldi. «Toshkent to’qimachilik kombinati» filmi 1938 yilda Nyu-Yorkda bo’lgan Jahon ko’rgazmasida katta Oltin Medal bilan, «Bizning O’zbekistonga keling» filmi Venetsiyada bo’lgan Xalqaro kinofestivalda katta Oltin Medal bilan, «O’zbekiston madaniyati obidalari» filmi Osiyo va Afrika mamlakatlari kinofestivalida birinchi darajali diplom bilan, «Bahordan bahorgacha» filmi esa 1964 yilda Sankt-Peterburgda bo’lgan kinofestivalda birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi.

Malik Qayumov uch marta Moskvada bo’lgan Xalqaro kinofestivalda jyuri a’zosi, 1966, 1977 yillarda Moskvada bo’lgan sobiq Ittifoq kinofestivalida ikki marta jyuri raisi bo’lgan. Uning o’zbek kinosan’ati kamolotadagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi.

«Bahordan bahorgacha» filmi uchun «O’zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo’ldi. U «O’zbekiston xalq artisti», va «Xalq artisti» hamda «Mehnat Qahramoni» unvonlari sohibidir. 1999 yilda esa «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/qayumov_malik_kayumovich
Sayt foyda berdi!
48795 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi