Mannon Uyg‘ur

Aktyor, Rejissyor, Dramaturg, O`qituvchilar, Tarjimon
Mannon Uyg‘ur
Tavallud sanasi:
11.10.1897
Vafot sanasi:
16.10.1955

Taniqli o‘zbek teatri arbobi, yetuk rejissyor, aktyor, tarjimon, dramaturg va pedagog Mannon Uyg‘ur (Abdumannon Majidov) 1897 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Bo‘lajak san’atkor 1909-1914 yillarda Toshkentdagi yangi usul maktabida, Ahmad Xo‘ja madrasida ta’lim olib, sahna faoliyatini 1916 yilda Turon truppasida aktyor sifatida boshlaydi va 1918 yilda shaxsiy tashabbusi va harakati bilan Davlat teatrini tashkil etib, unga Obid Jalilov, Sayfi qori Alimoz, Abror Hidoyatov kabi yoshlarni jalb etadi.

Teatr ishini yaxshi yo‘lga qo‘yish uchun, ham rejissyor, ham dramaturg, ham aktyor sifatida g‘ayrat ko‘rsatib mehnat qiladi. «Turkiston tabibi» asarini yozib, sahnaga qo‘yadi va o‘zi bosh rolni ijro etadi. O‘sha yillardagi M. Uyg‘ur ijodida aktyorlik faoliyati yetakchi o‘rinda bo‘lib, o‘zi yozgan «Fanniy uy», «O‘n ikki soatlik hokimiyat» asarlarida O‘g‘ri, Jo‘ra, G‘. Zafariyning «Yorqinoy»ida Kal, «Halima»sida Muslim, Hamzaning «Zaharli hayot»ida Mahmudxon, «Boy ila xizmatchi»sida G‘ofur, K. Gotsining «Malikai Turondot»ida Altoul, F. Shillerning «Makr va muhabbat»ida Miller, «Qaroqchilar»ida Karl Moor obrazlarini yaratib, yuksak ijrochilik mahoratini namoyish etdi.

M. Uyg‘ur teatr rejissurasida o‘z kuchini sinab ko‘rib, 1919 -1920 yillarda «Boy ila xizmatchi», «Zaharli hayot», «Tuhmatchilar jazosi» va boshqa asarlarni sahnaga qo‘yarkan, qilayotgan ishlaridan ko‘ngli har doim ham to‘lavermas, haqiqiy rejissyor bo‘lish uchun chuqur bilim va malaka zarurligini sezib, bu sohani egallash uchun o‘qishga yuborishlarini iltimos qiladi va 1924-1927 yillarda Moskvada o‘zbek drama studiyasida o‘qib, K. Stanislavskiyning ilg‘or sahna uslubi, Ye. Vaxtangov rejissurasi bilan nazariy va amaliy jihatdan tanishadi.

O‘qishdan qaytgach esa, U. Hojibekovning «Arshin mol olon», Xurshidning «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin» asarlarini sahnalashtiradiki, bu asarlar o‘zbek musiqali drama janrining rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. So‘ngra, u jahon va rus mumtoz dramaturgiyasining «Hamlet», «Otello» va «Revizor» kabi nodir durdonalariga murojaat qilib, ularni muvaffaqiyatli ravishda sahnalashtirib, rejissyorlik san’atining eng yuksak cho‘qqilariga chiqadi. Uning rejissurasining shuhrati mamlakatimiz tashqarisida ham e’tirof etiladi, tahsinlarga sazovor bo‘ladi. «Men o‘shanda juda ko‘p spektakllarda Og‘aga yordamchi rejissyor bo‘lib ishlaganman, -deb hikoya qiladi Zikir Muhammadjonov. Ammo, «Otello»dagi ish jarayoni G‘afur G‘ulom bilan birgalikda har bir so‘z tovlanishiga e’tibor bilan qaraganliklarini alohida qayd qilmoqchiman. Og‘a bu spektaklida Otello hayotini rashk qurboni emas, balki insonning eng olijanob fazilatlaridan bo‘lgan ishonch qurboni sifatida yakunlagan edi. Bu spektaklning qanday dovrug‘ qozongani barchaga ma’lum».

Ikkinchi Jahon urushi yillarida M. Uyg‘ur K. Yashinning «O‘lim bosqinchilarga», M. Shayxzodaning «Jaloliddin Manguberdi», S. Mixoels bilan hamkorlikda H. Olimjonning «Muqanna» asarlarini sahnalashtirib, qahramonlik, vatanparvarlik, dushmanga nafrat g‘oyalarini ifodaladi. 1945 yilda M. Uyg‘ur sahnalashtirgan Uyg‘un va Izzat Sultonning «Alisher Navoiy» spektakli o‘zbek sahnasining shoh asarlaridan bo‘lib qoldiki, yarim asrdan buyon sahnadan tushmay, hamon tomoshabinlarning nazaridan qolmay, xalqimizning ma’naviy olamini boyitib kelmoqda.

M. Uyg‘ur aktyor, rejissyor sifatida emas, balki dramaturg, tarjimon sifatida ham samarali mehnat qildi. U «Turkiston tabibi», «O‘n ikki soatlik hokimiyat», «Fanniy uy» pesalarini yozdi. Molerning «Xasis», M. Urdiboduning «Andalusning so‘nggi kunlari», U. Hojibekovning «Na qonur, na qondirur», V. Myasnitskiyning «Men o‘lmisham» pesalarini rus, ozarbayjon tillaridan o‘zbek tiliga tarjima qildi.

Buxoro, Chorjo‘y, Karki va boshqa shaharlarda drama truppalarini tuzdi, ishchi yoshlar teatriga boshchilik qildi. Respublikamiz uchun milliy rejissyor kadrlar tayyorlab, ko‘plab iste’dodli san’atkorlarni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Abror Hidoyatov, Obid Jalilov, Ya. Bobojonov, Sharif Qayumov, Sayfi qori Olimov, Sora Eshonto‘rayeva, Shukur Burhonov, Olim Xo‘jayea kabi o‘zbek madaniyatining ulkan arboblari M. Uyg‘urning munosib shogirdlaridir. Ular ustoz san’atkor boshlagan xayrli ishni sharaf bilan davom ettirdilar, Xamza teatrning nomini, shuhratini yuksaklikka ko‘tardilar. Zikir Muhammadjonov xotirlashicha, «Mannon Uyg‘ur faqat aktyor, rejissyor, teatr tashkilotchisi bo‘lib qolmay, odamlarga nihoyatda g‘amxo‘r, mehribon, jonkuyar, qo‘lidan kelsa, hech kimdan madadini ayamaydigan inson bo‘lgan» ekan.

Mannon Uyg‘urning serqirra va sermazmun ijodi 1932 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni bilan, «Alisher Navoiy» spektaklini sahnaga qo‘ygani uchun 1949 yilda Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

O‘zbek teatr san’atining asoschilaridan biri Mannon Uyg‘ur 1955 yilda Toshkent shahrida vafot etdi. Surxondaryo viloyat musiqali drama teatri, Toshkentdagi markaziy ko‘chalarning biri uning nomi bilan ataladi. Mustaqillik yillarida Toshkent Davlat san’at institutiga Mannon Uyg‘ur nomi berildi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/mannon_uyg%E2%80%98ur
Sayt foyda berdi!
42757 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi