Mirsodiq Tojiev o’zbek milliy simfonik va kamer-cholg’u musiqasi rivojiga hissa qo’shgan atoqli bastakor va pedagog. U qisqa fursatda madaniy jamoatchilik tomonidan eng zabardast, yetakchi simfoniyanavis ijodkor deb tan olindi. Simfonik musiqa sohasida jahon yutuqlarini o’zbek milliy musiqasi zaminida ijodkorona tadbiq etishga erishdi. Bu borada o’zbek simfonik tafakkurini vujudga keltirishga muhim hissa qo’shib, milliy simfonik maktab yaratishga muvaffaq bo’ldi. Mirsodiq Tojiev O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobidir.
O’zbek milliy simfonik va kamer-cholg’u musiqasi rivojiga hissa qo’shgan atoqli bastakor va pedagog Mirsodiq Tojiev 1944 yilda Toshkentda tug’ilgan. Avval poytaxt musiqa bilim yurtida, so’ng Toshkent Davlat konservatoriyasida R. Vildanov sinfida bastakorlikdan tahsil olib yurgan talabalik davrida yaratgan «Shoir sevgisi» simfonik poemasi, birinchi va ikkinchi simfoniyalari iqtidorli yosh ijodkorga katta shuhrat keltirdi.
U o’qishni muvaffaqiyatli tugallagach, Toshkent musiqa bilim yurtida, M. Qoriyoqubov nomidagi O’zbek Davlat filarmoniyasida, Respublika Bastakorlar uyushmasida, Toshkent Davlat konservatoriyasida samarali faoliyat ko’rsatdi.
60-yillarda M. Tojiev strunali kvartet (1965), «Bo’rilar» (romans-ballada M. Jalil matni asosida, 1966), fortepiano, skripka va violonchel uchun trio (1967), Uyg’un va I. Sultonning «Alisher Navoiy» dramasi asosida «Shoir sevgisi» (simfonik poema, 1968), fortepiano va orkestr uchun kontsert (1964), H. Olimjonning «Oygul bilan Baxtiyor» poemasi asosida «Oygul bilan Baxtiyor» simfonik balet (1970)larini yaratdi.
Vaqt o’tgan sayin ijodiy faoliyat ko’lami kengayib borishiga qaramay, uning ijodida sof simfoniya janri markaziy o’rin tutdi va 1972 yilda yaratgan uchinchi simfoniyasi tez orada mashhur bo’lib, bastakorning yetuklikka ko’tarilganidan dalolat berdi. Qisqa fursatda madaniy jamoatchilik tomonidan eng zabardast, yetakchi simfoniyanavis ijodkor deb tan olindi.
Deyarli o’ttiz yil davomida birin-ketin yaratilgan uning 19 ta simfoniyasi O’zbekistonning o’ziga xos musiqiy solnomasiga aylandi. Bastakor zamonamizning muhim va dolzarb mavzulariga murojaat etganda, ularni mazmunan teran, shaklan mukammal, usluban yorqin tarzda, katta mahorat bilan ifodaladi.
Simfonik musiqa sohasida jahon yutuqlarini o’zbek milliy musiqasi zaminida ijodkorona tadbiq etishga erishdi. Bu borada o’zbek simfonik tafakkurini vujudga keltirishga muhim hissa qo’shib, milliy simfonik maktab yaratishga muvaffaq bo’ldi. Bu san’atkorning ulkan yutug’i edi. Shuningdek, «Chollar va kampirlar» musiqali komediyasi, «Kumush» operasi, «Ko’hna Samarqand yuragi» rang-tasvir sado panoramasi, cholg’u kontsertlari, dilbar kuylari ijodkordan bebaho meros bo’lib qoldi.
Bastakor kashf etgan jarangdor sadolar misolida teran milliylik zamiridagi yangicha navosozlik an’analari mumtoz cho’qqilar sari ko’tarildi. M. Tojievning sara asarlari O’rta Osiyoning deyarli barcha mintaqalarida, Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Kiev, Minsk, Riga shaharlarida, shuningdek, Bolgariya, Yugoslaviya, Avstriya, Olmoniya, Kuba va boshqa mamlakatlarda o’tkazilgan nufuzli anjuman, kontsert dasturlarida ijro etildi. 1998 yilda Toshkentda bo’lib o’tgan Xalqaro simfonik musiqa festivalida san’atkorning 4-simfoniyasi ijro etildi.
Iste’dodli bastakor va pedagog M. Tojievning o’zbek musiqa san’ati ravnaqidagi xizmatlari «O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi» unvoni bilai taqdirlandi.
M. Tojiev 1996 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.
Lotin.uz — foydalanuvchilarga berilgan matnni lotindan kirillga va aksincha o‘girish xizmatini taklif etadi.
Imlo.uz — O‘zbek tilining imlo lug‘ati. Saytda 85 000 ortiq so‘z bor.
Har kuni eng sara latifalar va kulguli rasmlar. O‘zbek tilidagi kulgu markazi!
TVinfo.uz — Bugun, ertaga, keyingi hafta uchun toʻliq teledasturlar.
Maqol va naqllarning eng katta kolleksiyasi. Har bir maqol uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz).
Valyutani yuqori kursda almashtirish uchun yaqin punktlarni aniqlab beruvchi servis. Punkt joylashuvini kartada ko‘rsatadi.
O‘zbekcha telegram kanallarning eng katta katalogi. Faqat faol kanallar, ruknlarda va batafsil statistikasi bilan.