Muhammadrizo mirob ibn Erniyozbek Ogohiy

Muhammadrizo mirob ibn Erniyozbek Ogohiy
Adabiyotshunos, O`rta asr arbobi, Tarixchi, Yozuvchi
Tavallud sanasi:
1809 yil
Vafot sanasi:
1874 yil

Muhammad Rizo Ogahiy 1809 yilda Xiva shahri yaqinidagi Qiyot qishlog‘ida tavallud topadi. Uch yasharligida otasi Erniyozbek vafot etadi. U tog‘asi-Xorazmlik mashhur shoir Shermuhammad Avaz o‘g‘li Munisning tarbiyasida bo‘ladi, uning ko‘magida xat-savodini chiqaradi. So‘ngra Xivadagi madrasalardan birida tahsil oladi, fors, arab tillarini mukammal o‘rganadi.

Ogahiy o‘z ijodiy faoliyati davomida Sa'diy Sheroziyning "Guliston", Xisrav Dehlaviyning "Xasht bihsht", Abdurahmon Jomiyning "Bahoriston", Kaykovusning "Qobusnoma", Xusayn Voiz Koshifiyning "Axloqi Muhsiniy" asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qiladi, o‘z millatini Sharq adabiyotining nodir durdonalari bilan bahramand etadi. U o‘z davrida taniqli mutafakkir, olim, mohir hattot, tarjimon sifatida shuhrat qozonadi, ilg‘or dunyoqarashi bilan ilg‘or fikrning rivojiga o‘z hissasini qo‘shadi.

Ogahiyning xalqparvarlik g‘oyalari

Ogahiy xalqqa yaxshilik qilishni o‘zining insoniy burchi deb biladi. Ogahiyning fikricha, oddiy xalqqa xizmat qilish ma'naviy qashshoqlanishning oldini oluvchi choradir. Xalqqa xolis xizmat qilgan kishining martabasi baland, elda quyoshdek aziz bo‘ladi. Bu g‘oya Ogahiy pedagogik qarashlarining asosiy mazmunini tashkil etadi. Inson ma'lum bir jamiyatda hayot kechirib, tarbiyalanar ekan, shu jamiyat a'zolari bilan muloqotda yashamog‘i kerak.

Ogahiy inson kamoloti haqida

Ogahiy insonning kamolga yetishishi uchun yoshligidan ilm va kasb hunar egallashi shart ekanligini ta'kidlaydi. Uningcha, ilm-ma'rifat insonning ma'naviy kamolotida va jamiyat taraqqiyotida kuchli vositadir, ilmlarni egallash har bir musulmon uchun ham qarz, ham farz. Inson qadr-qimmati uning "simmu zari" (oltin va kumushi) bilan emas, ilmu hunari, "ojizu bechoralar"ga ko‘rsatadigan himmati bilan baholanadi. Ogahiy odamlarni shunday fazilat sohibi bo‘lishga da'vat etadi.

Ogahiy ilmga intilishni yuqori baholaydi va har bir inson ilmlarni egallashi zarurligini aytadi:

Ogahiy ta'lim-tarbiya xaqida

Ogahiy ta'lim-tarbiya ilmlarni egallash va tilni bilishda muhim ahamiyatga molik ekanligini ta'kidlaydi. Uning fikricha, til insonni boshqa mavjudotdan farq qilib turadigan asosiy belgidir, so‘z va til "takallum" qilishga, "fasohat va nafosatga", "ko‘ngil mahzanidan javohir sochish" uchun berilgandir.

Ogahiyning uqtirishicha, inson bilan tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, tabiat go‘zalligi inson tafakkuri ma'naviy dunyosi rivojida g‘oyat muhimdir.

Ogahiyning pedagogik qarashlarida nafosat tarbiyasi ham yuqori baholanadi. Ogahiy nafosat tarbiyasini Vatan tabiati, uning go‘zalligi bilan bog‘liq holda amalga oshirishni tavsiya etadi.

Ogahiy mehmondo‘stlik go‘zal fazilat ekanligini aytib, yoshlarning mehmon kutish, unga hurmat, xushmuomalada bo‘lish, kuzatish obobini egallashlariga e'tibor berishni, ularga mehmondo‘stlik odobining mohiyatini tushuntirishni tavsiya etadi.

Ogahiyning fikricha, to‘g‘ri so‘z kishilar xayotda qiyinchilik bilan yashasalarda, dunyoning mavjudligini saqlab turadilar, mangu yashaydilar.

Ogahiy pedagogik qarashlarining ahamiyati

Muhammad Rizo Ogahiy o‘z ijodiy faoliyatida insoniy eng yaxshi fazilatlarni - ilm o‘rganib jamiyat farvonligi yo‘lida xizmat qilishni insoniy eng yaxshi fazilat xisobladi. U do‘stlikni, mehmondo‘stlikni, axloqiy go‘zallikni ulug‘ladi. Insonlarni ziyraklikka, to‘g‘ri so‘zli bo‘lishga chorladi. Uning bu fikr, o‘gitlari hozir ham pedagogik qadriyat sifatida qimmatlidir.

Ogahiy ijodiy faoliyati davomida devon tuzdi (OʻzFA ShI inv. № 938), 19 ta asarni oʻzbek tiliga tarjima qildi (inv. № 1214; 809.), 5 ta tarixiy asar yozdi (inv. № 7474). U shoir sifatida Navoiy anʼanalarini davom ettirdi. «Taʼvizul-oshiqin» («Oshiqlar tumori») nomli devon tuzgan. Unda 18.000 misra sheʼri jamlangan, shundan 1.300 misrasi forsiy sheʼrlari. U 20 ga yaqin sheʼriy janrlarda asarlar yaratgan.

Oʻzbek mumtoz adabiyotida Ogahiy bilimdon siyosatchi, tarixchi sifatida ham yorqin iz qoldirgan. U «Riyozud-davla» (1844), «Zubdatut-tavorix» (1845—1846), «Jomeʼul-voqeoti Sultoniy» (1856), «Gulshani davlat» (1865), «Shohidi iqbol» (1873) kabi tarixiy asarlar yozdi. Bu asarlarda Xiva xonlari Olloqulixon (1825—1842), Rahimqulixon (1843—1846), Muhammad Aminxon II (1846—1855), Sayyid Muhammadxon (1856—1865), Muhammad Rahimxon II (1865—1872) davridagi voqealar bayon qilingan. Mirxond, Xondamirning tarixiy asarlarini tarjima qildi. Bu asarlardan N.Muravev, N.Veselovskiy, V.Bartold, R.Ivanov, S.Tolstov, Yahyo Gʻulomovlar oʻz ishlarida foydalanishgan.

Ogahiy tarjima maktabi yaratgan adib. Yigirmadan ortiq sharq mumtoz adabiyoti namunalari Ogahiy tomonidan tarjima qilindi. Ular Nizomiyning «Haft paykar» (nasr bilan), Saʼdiyning «Guliston», Kaykovusning «Qobusnoma», Mirxondning «Ravzatus-safo», Muhammad Mahriy Astrabodiyning «Tarixi Jahonkushoyi Nodiriy», Zayniddin Vosifiyning «Badoeʼul-vaqoeʼ», Mahmud Gʻijduvoniyning «Miftohut-tolibin», Muhammad Muqim Hirotiyning «Taboqoti Akbarshohiy», Muhammad Yusuf Munshiyning «Tazkirayi Muqimxoniy», Rizoqulixon Hidoyatning «Ravzatus-safoyi Nosiriy», Husayn Voiz Koshifiyning «Axloqi Muhsiniy», Muhammad Vorisning «Zubdatul-hikoyat», «Sharhi daloyilul-hayrot», Jomiyning «Yusuf va Zulayho», Badriddin Hiloliyning «Shoh va gado», Nizomiyning «Haft paykar» kabi badiiy va axloqiy-falsafiy asarlardir

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/muhammadrizo_mirob_ibn_erniyozbek_ogohiy