Murodov Mahmud

Murodov Mahmud
Yozuvchi
Tavallud sanasi:
1916 yil
Vafot sanasi:
1996 yil

Odatda, biror yozuvchi haqida so‘z ketganda, eng yaxshi asarlari va ulardagi yetakchi qahramonlar bilan birga, o‘sha yozuvchining ijodkor sifatidagi o‘ziga xos ma’naviy, ijodiy olami tilga olinadi. Kichkintoylarning sevimli yozuvchisi, dramaturgi, tarjimon Mahmud Murodov to‘g‘risida gapirganda bog‘cha va maktab yoshidagi kichik bolalarga atalgan ko‘plab kitoblari bilan birga, adibning bolajonligi esga keladi.

Tarjimai hol

Mahmud Murodovning ijodiy yo‘li boshqa yozuvchilarnikidan ancha-muncha farq etadi.

«Maktabda o‘qib yurganimda, - deb eslaydi yozuvchi, - «Olmazor» mahallasi choyxonasida gazetalar o‘qib berardim. Marhum Bahrom Rahmonov bilan birgalikda «Qizil pojar» to‘garagi tuzib, A.Ikromov nomli klubda tomoshalar ko‘rsatardim. Keyinchalik institutni bitirguncha Toshkentdagi 9, 17-bolalar uyida tarbiyachi bo‘lib ishladim. Shu davrda «Vojatiy» jurnalida faol qatnasha boshladim».

Yosh yozuvchining ijodiy faoliyati shu davrdan boshlab matbuot bilan chambarchas bog‘lanadi. «Stepan Razin» (1941), «O‘rtoqlaring sen bilan» (1951), «Kapitan xonimi» (1959), «Tutqunlikdagi jangchilar» (1964) povestlari, ko‘pdan-ko‘p hikoya va ertaklarning tarjimalari M.Murodov uchun chinakam mahorat maktabi bo‘ldi.

M.Murodov kitoblari soni jihatidan maqtovga loyiq emas. «Yaxshi amaki», «Sirli don», «Eng maza joy», «Ko‘prik», «Kim eng kuchli», «Sanoq», «Bog‘cha bola», «Kichik doktor»... Lekin qator ertak va hikoyalari o‘z to‘plamlaridan tashqari boshlang‘ich sinflar darsliklari orqali kichik kitobxonlar qalbidan chuqur joy olgan.

Ma’lumki, bolalarga bag‘ishlangan asarlar kattalar adabiyotidan o‘quvchilar yosh xususiyatlarining alohida hisobga olinishi bilan ajralib turadi. Kichkintoylarga bag‘ishlangan badiiy asarlar tili, ifoda uslubi, syujet qurilishi, kompozitsiyasi tuzilishi jihatidan farqlansa-da, tarbiyaviy maqsadga qaratilishi jihatidan mushtaraklikka ega.

Mahmud Murodovning «Bog‘cha bola», «Kaska», «Baxtini topgan Bahriniso», «Kim eng yaxshi?», «Salom, Quyosh bobo!», «Jonli surat» kabi qator hikoya va ertaklarida tarbiyaviy g‘oya bolalarga tanish hayot materiallari orqali ifoda etiladi.

Adib o‘z qahramonlarining xatti-harakatlari, fe’l-atvori haqida so‘z yuritganda masalaga g‘amxo‘r tarbiyachi, mehribon ustoz sifatida yondashadi.

Bolalarning sevimli yozuvchisi Mahmud Murodov ijodi faqat bugungi kun uchun emas, balki kelajakka xizmat etishi bilan ham alohida e’tiborga loyiq.

Manbaa: https://ismlar.com/admin/famous_people/create