Muxtor Ashrafiy

Bastakor
Muxtor Ashrafiy
Tavallud sanasi:
11.06.1912
Vafot sanasi:
15.12.1975

Muxtor Ashrafiy dirijyor va kompozitor sifatida Misr, Eron, Hindiston, Seylon va qator Ovro‘po mamlakatlarida o‘zbek san’atini namoyish etdi.

Muxtor Ashrafiy 1912 yilda Buxoroda tug‘ilgan. Bolalik chog‘laridan milliy musiqaga mehr qo‘ygan bo‘lajak san’atkor dutor, tanbur kabi sozlarni o‘zlashtirib, ilk musiqa saboqlarini Buxoro Sharq maktabida, so‘ngra Samarqand o‘zbek musiqa va xoreografiya institutida, N. N. Mironov rahbarligida kompozitorlik va dirijyorlik sohalarini o‘zlashtirdi.

Muxtor Ashrafiy 1931 yilda Toshkentdagi O‘zbek musiqali drama teatriga badiiy rahbar va dirijyor etib tayinlandi. Uning ijodiy va tashkilotchilik qobiliyatlari dastlab shu teatrda namoyon bo‘ldi, o‘z ustozi S. N. Vasilenko bilan hamkorlikda birinchi o‘zbek operalari «Bo‘ron» va «Ulug‘ kanal»ni yaratdi.

Nihoyatda sermahsul ijodkor bo‘lgan Muxtor Ashrafiy butun umri davomida 7 ta opera, baletlar, 3 ta musiqali drama, 2 ta simfoniya, 4ta kantata, dramatik spektakl va kinofilmlarga musiqalar, romans va qo‘shiqlar yaratdi.

Kompozitorning simfonik asarlari mavzularining boyligi bilan ajralib turadi. Xususan, «Qahramonlik» va «G‘oliblarga shon sharaflar» deb nomlangan simfoniyalari e’tiborga molikdir. Ularda o‘zbek xalq musiqasining ohang va usullaridan keng foydalanilgan.

«Bayram uvertyurasi», «Tinchlik tarafdorlarining yurishi» va boshqa partituralari ham shodon va tantanavor yangraydi, kantatalari, xor sadolarining yorqinligi, milliyligi bilan ajralib turadi. Uning «Jonim mening», «Kashmirda», «Subhidam», «Kel» kabi qo‘shiq va romanslari lirik kayfiyat, samimiy his-tuyg‘u va obrazlarining rang-barangligi bilan tinglovchilarning dilidan joy oldi.

San’atkor «Ichkarida», «Mirzo Izzat Hindistonda» musiqali drama, «Opa-singil Rahmonovalar» «Semurg‘» kino musiqalar, «Hind kundaliklari», qator ocherklar va o‘ndan ortiq adabiy va publitsistik maqolalar muallifidir.

Ashrafiy 40 yildan ziyodroq davr mobaynida opera va simfonik musiqa dirijyori sifatida faol ishlab, o‘z repertuarini nodir asarlar bilan boyitdi.

O‘zining «Dilorom», «Shoir qalbi», «Sevgi tumori» (balet) kabi asarlaridan tashqari, «Aida», «Karmen», «Knyaz Igor, «Pikovaya dama», «Masxarabozlar», «Iolanta» kabi operalar, «Oqqush ko‘li», «Spartak», «Don Juan», «Boxchasaroy favvorasi», «Yong‘oqchaqar» kabi baletlar shular jumlasidandir.

Pedagoglik faoliyati, serqirra va sermahsul ijodi yuksak baholandi. U xorijiy mamlakatlarning orden va medallari, «Xalq artisti» unvoni, Davlat mukofotlari, Jamol Abdul Nosir, Javoharlal Neru nomidagi mukofotlar sohibidir.

O‘zbek madaniyatining ulkan arbobi Muxtor Ashrafiy 1975 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.

Nihoyatda sermahsul ijodkor bo‘lgan Muxtor Ashrafiy butun umri davomida 7 ta opera, baletlar, 3 ta musiqali drama, 2 ta simfoniya, 4ta kantata, dramatik spektakl va kinofilmlarga musiqalar, romans va qo‘shiqlar yaratdi. Bastakorning simfonik asarlari mavzularining boyligi bilan ajralib turadi.

Uning nomi Toshkent Davlat konservatoriyasi, Buxoro san’at bilim yurti va musiqa maktablariga, shuningdek, Toshkent va Buxorodagi ko‘chalarga berilib, abadiylashtirilgan.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/muxtor_ashrafiy
Sayt foyda berdi!
41797 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi