Rahimov Nabi (1911.7.11, Qoʻqon 1994.23.11, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq artisti (1950). Oʻzbek davlat drama teatri qoshidagi drama studiyasida oʻqigan (1929). 14 yoshidan Qoʻqon teatri spektakllarida qatnashgan. 1929—94 yillar Hamza teatrida ishlagan. Rahimov harakterli va hajviy rollarni alohida muvaffaqiyat bilan oʻynagan, lekin aktyor repertuarida dramatik fojiaviy obrazlardan tortib, lirik qahramonlargacha mavjud. Uning sahna obrazlarida milliy xalq teatri anʼanalari zamonaviy professional sanʼat tajribasi bilan uygʻunlashib ketgan.
U yaratgan obrazlarda hozirjavoblik, oʻtkirsoʻzlik, hazil va badihaga chapdaslik asosiy omil boʻlib, yorqin milliy kolorit, yengil yumori, tashqi koʻrinishining aniq ifodasi, mukammal ijrosi bilan ahamiyatlidir. Rahimov garchi oʻz faoliyatini komik va harakterli aktyor sifatida boshlagan boʻlsada, keyinchalik mavjud yoʻnalishlarning barchasidan eng yaxshi xususiyatlarni oʻzlashtirish va oʻz uslubiga singdirish yoʻlidan bordi. "Xolisxon"da Norboyvachcha, "Ona"da Boltaboy, "Mehmonxona bekasi"da Rippofratta, "Revizor" da Xlestakov, "Uylanish"da Bobchinskiy, "Shohi soʻzana"da Qoʻziyev, "Ogʻriq tishlar"da Marasul, "Hamlet"da Laert kabi obrazlarni 30—50-yillarda yaratdi. Ayniqsa, "Otello"dagi Yago obrazi aktyor yaratgan eng sara obrazlar sirasiga kiradi. Yago obrazi aktyor ijodida nainki satirik tusli, balki kuchli ruhiy dramatik kechinmalar namunasidir. Boʻriboy ("Togʻa va jiyanlar"), Bobo Kayfiy ("Mirzo Ulugʻbek"), Shokir ota ("Qutlugʻ qon"), Olbeni ("Qirol Lir") kabi 60-yillarda yaratgan obrazlari eng yaxshi psixologik kuchli rollardir. Keyingi yillar yaratgan Urganjiy ("Buxoro"), Sayd Karimov ("Komissiya"), Ota ("Gʻariblar"), Saʼdiyev ("Oʻn uchinchi rais") singari obrazlari ijtimoiy oʻtkirligi, jisman sokin, ruhan joʻshqinligi, chuqur psixologik talqini bilan alohida eʼtiborga molikdir. Urganjiy obrazi Rahimov ijrosidagi eng murakkab va barkamol obrazlardan biri. Aktyorning oʻtkir ijrosi, murakkab ruhiy kechinmalarni yuzaga chiqarishi, bosiq ohanglar bilan juda katta maʼnoga erishishi diqqatga sazovordir.
Rahimov Nabi oʻzbek kinosi rivojiga salmoqli hissa qoʻshganlardan: Aliyev ("Stadionda uchrashamiz"), Turdiyev ("Maftuningman"), Choyxonachi ("41 yil olmalari"), Bobo Kayfiy ("Ulugʻbek yulduzi"), Shoqosim ("Qutlugʻ qon"), Usta Olim ("Oʻtkan kunlar"), Shoh ("Semurgʻ"), Safar boʻzchi ("Mehrobdan chayon"), Usta Boqi ("Kelinlar qoʻzgʻoloni") va boshqa obrazlari bilan kino oltin fondidan oʻrin oldi. Shuningdek, videofilm va telespektakllarda ham suratga tushgan: "Kutlugʻ qon" (Yormat ota), "Diyonat" (prof. Shobaratov), "Hamma narsa odamlarga qoladi" (akad. Drozdov), "Bobur" (Muhammadjon) va boshqa shular jumlasidan. Rahimov haqida "Nabi Rahimov hayotida ikki kun", "Uchrashuv" videoocherklari ishlangan. 1950—65 yillar Sanʼat institutida dars bergan.
Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1967).
Ad.h Rizayev O., Nabi Rahimov, T., 1997. Omonulla Rizayev.
Lotin.uz — foydalanuvchilarga berilgan matnni lotindan kirillga va aksincha o‘girish xizmatini taklif etadi.
Imlo.uz — O‘zbek tilining imlo lug‘ati. Saytda 85 000 ortiq so‘z bor.
Har kuni eng sara latifalar va kulguli rasmlar. O‘zbek tilidagi kulgu markazi!
TVinfo.uz — Bugun, ertaga, keyingi hafta uchun toʻliq teledasturlar.
Maqol va naqllarning eng katta kolleksiyasi. Har bir maqol uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz).
Valyutani yuqori kursda almashtirish uchun yaqin punktlarni aniqlab beruvchi servis. Punkt joylashuvini kartada ko‘rsatadi.
O‘zbekcha telegram kanallarning eng katta katalogi. Faqat faol kanallar, ruknlarda va batafsil statistikasi bilan.