Nosir Xisrav

Nosir Xisrav
Faylasuf, O`rta asr arbobi
Tavallud sanasi:
1004
Vafot sanasi:
1088

Nosir Xisrav Sharqda adolat, xalqparvarlik, ma’rifatparvarlik g’oyasini dadil kuylagan shoir, jasoratli fiqh donishmandi sifatida shuhrat topgan, ilm-fan, ma’rifat, odob-axloq, kasb-hunar afzalliklari haqida bir-biridan ma’nodor hikmatlar va qator asarlar yaratgan mashhur shoirdir. Nafis ijod sohibi Nosir Xisravning ma’naviy mulki avlodlarga qariyb ming yildan buyon xizmat qilmoqda.

Nosir Xisrav XI asr Sharq adabiyoti hamda falsafa va geografiya fanlari taraqqiyotiga munosib hissa qo’shgan yirik namoyandalardan biridir. Markaziy Osiyo madaniyatining ulug’ donishmandi va mutafakkiri Abu-Mu’iniddin Nosir Xisrav al- Qubodiyoniy 1004 yilda hozirgi Tojikistonning janubida, Amudaryo irmog’i bo’lgan Kofarnixon daryosi bo’yidagi Qubodiyon shahrida dunyoga keldi. Boshlang’ich ma’lumotni ona yurtida oladi. Nosir Xisrav keyinchalik Marv va Balx madrasalarida tahsilni davom ettirdi, diniy, dunyoviy bilimlarni egalladi. Uning ismi Abu-Mu’iniddin Nosir, otasiniki esa Xisrav bo’lib, she’rlarida «Hujjat» taxallusini qo’llagan.

Adabiyot va ilm olamida Nosir Xisrav unvoni bilan tanilgan adib yoshligidayoq qator tillar va fanlar (al-jabr, muqobala, handasa, mantiq, nujum, xay’at, tibbiyot, tib, falsafa, fiqh, tarix, kalom, musiqa, aruz va boshqalar)ni pishiq o’rgangan. U bu davrda ulug’ vatandoshlari Abu Ali ibn Sino, Forobiy asarlarini chuqur o’rganadi hamda butun umrga ularning sodiq shogirdi va davomchisi bo’lib qoladi. Bundan tashqari, u qadimgi dunyo faylasuflari Suqrot, Arastu, Aflotun ta’limotini o’rganish bilan shug’ullanadi. 

Nosir Xisrav oldin ma’lum muddat G’aznaviy hukmdorlardan Sulton Mahmud G’aznaviy va uning o’g’li Mas’ud saltanati davrida rasmiy lavozimlarda, ya’ni mirzalik qilgan, soliq mahkamasini boshqargan. Manbalarda berilgan ma’lumotlarga ko’ra, uning Saljuqiylar saltanatida xizmatda bo’lganligi xususida ham ayrim ishoralar saqlangan. Biroq Saroy muhitining ayanchli manzaralari iste’dodli shoirga manzur tushmadi. Amaldoru mulozimlar, ruhoniylar manfaatparast shoirlarning nafs uchun past ketishlari, har qanday razilliklarga tayyor turishlari, avjiga chiqqan madhiyabozliklar Nosir Xisravning ko’zini ochdi. 

Uning she’riyati va ilmiy qarashlarida tanqidning kuchayishiga zamin yaratdi. Ana shu omillar uning ma’naviy dunyosida burilish yasadi, u haqiqat izlash va xalq xizmati uchun ijodiy, fikriy izlanish bilan shug’ullanishga kirishdi. Jumladan, davlat xizmatida o’tgan yillar uning hayotiy tajribasini ancha oshiradi. U bir tarafdan yuqori tabaqalar hayoti, ularning mamlakat va xalqni boshqarish siyosatidan voqif bo’lsa, ikkinchi tomondan, oddiy mehnatkash xalq turmushi, hunarmand, dehqon va boshqa kasb egalarining jamiyatdagi o’rniga oid bevosita kuzatish va tajribalari uning asarlarida aks etgan.

Nosir Xisrav 1045 yilda davlat xizmatidan bo’shab, safarga otlanadi. Uning bu safari yetti yilga cho’zilib, 1052 yilgacha davom etadi. U Eron, Armaniston, Ozarbayjon, Suriya, Misr, Arabiston, Iroq diyorlaridagi Tabriz, Qohira, Quddus, Makka, Madina, Lahso, Yaman, Basra, Isfaxon va boshqa bir qator shahar va viloyatlarda bo’ladi. Misrda ikki yildan ortiq muqim yashaydi. Safar davomida Nosir Xisrav o’z zamonasining ko’plab mashhur kishilari – shoirlar, olimlar, hokimlar bilan uchrashadi. 

Tabiiyki, bu uzoq safar mashaqqatlardan holi bo’lmasdan, unga xatarli dengiz sayohati, sahrolarni kesib o’tish, pulsizlik kabi sinovlarga bardosh berishga to’g’ri keladi. Allomaning safar xotiralari uning «Safarnoma» asarida aks etgan. O’sha davrlarda islom dinidagi ikki asosiy mazhab bo’lgan sunniylik va shialik ham o’z navbatida bir necha oqim va firqalardan iborat bo’lgan. Nosir Xisrav shia mazhabidagi ismoiliya oqimining faol tarafdori bo’ldi. U Misrda bo’lganida bu yerda davlat mafkurasi darajasiga ko’tarilgan ismoiliya g’oyalari ba’zi jihatlari bilan uni o’ziga rom qiladi.

Ma’lumotlarga ko’ra, u fotimiylar tariqatiga kiradi va ismoiliylar maslagini qabul qiladi. Fotimiylar butun dunyoni egallashni maqsad qilib, uni 12 jazira (orol)ga bo’lgan edilar. Nosir Xisrav Xuroson bo’yicha jazira boshlig’i – Hujjat etib tayinlangan. Ba’zi tadqiqotchilar Nosir Xisrav bundan oldin Hindistonda bo’lganda Mo’lton shahrida ismoiliylar jamoalari bilan ilk bor yaqinlashgani, uning g’arbiy o’lkalarga safar qilishdan ko’zlagan asosiy maqsadlaridan biri ham ayni shu ismoiliya ta’limoti bilan chuqurroq tanishish bo’lganligi haqida fikrlar bildirganlar. 

Nosir Xisravning safardan vataniga qaytib kelishi bilanoq, ismoiliya ta’limotini targ’ib qilib boshlagan da’vatchilik faoliyati sunniy mazhabidagi hukmdorlarga yoqmadi. Shu sababli shoir quvg’in va ta’qiblarga uchrab, bir qancha muddat Mozandarondek xilvat o’lkada yashirinib yuradi. Biroq vatanidan judolikka toqat qilolmay, taxminan 1060 yilda Badaxshonga keladi va Pomir tog’lari orasida Yumg’on qishlog’ida panoh topadi. Bu yerda u asosan ijodiy ish bilan mashg’ul bo’ladi. 

Ismoiliyaga bo’lgan e’tiqodidan voz kechmay, Misr hukmdorlari bilan maktublar yozishib turadi. Uning da’vatlari natijasida Badaxshonda ismoiliylar jamoasi vujudga keladi va ular asrlar davomida o’z e’tiqodlariga sodiq bo’lib qoladilar. Nosir Xisrav Yumg’onda yashagan yillari yiqqan hayotiy tajribalari, ulkan iste’dodi, qomusiy bilimlariga tayanib, u turli mavzularda bir necha durdona asarlar yaratishga muvaffaq bo’ldi. Ushbu asarlardagi o’tkir falsafiy fikrlar, chuqur donishmandlik, murabbiyona o’gitlar tufayli Sharq o’lkalarida adib nomiga ehtirom yuzasidan «Hakim» so’zi qo’shib aytiladigan bo’ldi.

Nosir Xisrav adabiy, ilmiy, falsafiy, hikmatiy asar va risolalarini o’sha davr an’anasiga ko’ra, dariy va arab tillarda yaratgan. Mutafakkirning ikkita she’rlar devoni (biri forsiy, ikkinchisi arab tilida), «Ro’shnoinoma» va «Saodatnoma» masnaviylari, «Zod ul-musofirin», «Vajhi din», «Xon-ul-ixvon», «Bo’ston ul-uqul», «Dalil ut-mutaxayyirin», «Jome’ ul-hikmatayn», «Risola dar javobi 99 savoli falsafi», «Kushoyish va rahoyish» kabi ko’plab she’riy va nasriy asarlari mavjuddir. 

Jumladan, «Ro’shnoinoma» ixcham masnaviy bo’lib, doston 592 baytdan iborat. Shoir o’zining falsafiy qarashlari bayon etilgan yirik nasriy asarlaridagi ba’zi masalalarni «Ro’shnoinoma»da she’riy shaklda muxtasar tarzda bayon etgan. Asarda, jumladan, «Inson fitrati», «Inson sharafi», «Komil inson sifati», «Maqtovli va yaramas xulqlar», «Johillar va riyokorlar mazammati», «Aql ta’rifida», «Falak va yulduzlarning yaratilishi», «To’rt unsur sifati», «Zoxiriy va botiniy sezgilar» va hokazo fasllar mavjuddir. «O’zlikni bilish haqida» faslida mutafakkir shoir shunday xitob qiladi: 

O’z vujudingni bilib olgin,
Shundan so’ng majlislar to’rida o’tirgin.
Adibning nasriy asarlari orasida «Safarnoma» nomli nodir kitobi alohida ajralib turadi. «Safarnoma» Nosir Xisravning g’arbiy o’lkalarga sayohat qilgan yetti yillik (1045-1052) davrda ko’rgan- kechirganlari bayonini o’z ichiga oladi. Asar bizgacha juda kam qo’lyozma nusxalarda saqlanib qolgan. Ulardan eng qadimiysi milodiy 1691 yilda, ya’ni muallif vafotidan 600 yildan ko’proq vaqt o’tgach ko’chirilgan. «Safarnoma»da muallifning tarjimai holiga oid ko’pgina ma’lumotlar mavjud. 

Asar g’arbiy o’lkalarga qilingan sayohat xotiralaridan iborat bo’lsada, undan Nosir Xisravning oldin Hindiston mamlakati va turklar diyorida ham bo’lganligi anglashiladi. Nosir Xisrav o’z asarida Movarounnahr va Xurosondan ancha olisdagi Misr va Hijoz o’lkalari tavsifiga keng o’rin ajratadi. Muallif ayniqsa, ziyoratgoh joylar, tabarruk qadamjolar haqida ma’lumotlar keltirishga katta e’tibor bergan. «Safarnoma» asari ingliz, frantsuz, rus, urdu, arab, turk, olmon tillariga tarjima qilinib, ba’zi mamlakatlarda bir necha bor nashr etilgan. Movarounnahr va unga yondosh hududlarda Nosir Xisravning she’riy va nasriy asarlari asrlar davomda qo’lyozma nusxalarda o’qib kelingan. 

Uni nafaqat katta shoir, balki yirik faylasuf olim sifatida ham e’tirof etishgan. «Safarnoma» asari o’zbek tiliga G’ulom Karim tomonidan tarjima qilingan. «Safarnoma»dagi haj ziyoratiga taalluqli lavhalar Omonulla Bo’riev tomonidan tarjima qilinib, mufassal izohlar Bilan alohida kitobcha holida nashr etilgan.

Nosir Xisrav 1088 yilda Yumg’on qishlog’ida vafot etadi. Uning maqbarasi hozirgi shimoliy Afg’onistondagi Ko’kcha daryosining o’ng qirg’og’ida, tog’ tepasida joylashgan Hazrati Sayyid qishlog’i yaqinidadir.

Nosir Xisrav hikmatlaridan

Aqlga ilm birla bergil ko’mak,
Aql bu ilmga xaridor, demak.
* * *
Aqlning oltindan ortiqligi bor,
Odam oltin bilan bo’lolmas xushyor.
* * *
Bilim qidirishga urdim boshimni,
Bekorga o’tkazmadim umrimni bir dam.
* * *
Dono suhbat dami arzir jahonga,
Yuz nodon arzimas bir burda nonga.
* * *
Bahsda go’yo sen uchqur toysan,
Qizishmasang, ko’p yiqilmaysan.
* * *
Dono suhbatidan sira qochmagil,
Ta’sirin o’tkazar senga ham u til.
* * *
Yoshlik, telbalikni chiqar boshingdan,
Onang xizmatida bo’lgil yoshingdan.
* * *
Jaholat ahli birla qurma suhbat,
Yetar har dam bu ishdin jona zahmat.
* * *
Jaholat o’limdir, bilim tiriklik.
* * *
Ilm birla yetish mumkin, birodar,
Zarrachadan chiqib quyoshga qadar.
* * *
Keksaga doimo bergil saloming,
Ayama bir og’iz shirin kaloming.
* * *
Keksaga ko’mak ber suyangan tog’ing,
Buni tushunarsan qarigan chog’ing.
* * *
Kosibdan shodu xurram yo’q, jahonda,
Hunardan yaxshi dur ham yo’q jahonda.
* * *
Tutgil qarilarning qaltiroq qo’lin,
Qarigach bilursan keksalik yo’lin.
* * *
Qaydaki eshitsam ilmu donishni,
Eshigi tagida o’ltirdim mahkam.
* * *
Qunt bilan o’qisang, o’rgansang hunar,
O’zingning boshingdan sochursan gavhar.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/nosir_xisrav