O‘tkir Rahmat

O‘tkir Rahmat
Shoir
Tavallud sanasi:
1948 yil

Shoir O‘tkir Rahmat dastlab ommaviy axborot vositalarida, so‘ng hukumat idoralarida, mustaqilligimizning dastlabki kunidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida faoliyat ko‘rsatib, mas’ul vazifalarda ishladi. Uning satrlari ma’lum qolipga tushmaydi. Rasmiyatchilik, yolg‘on mulozamatlar yo‘q. O‘tkir Rahmat samimiy gapiradi.

Biografiya

Siz yarim tunda uyg‘ondingiz. Ruhingizda allaqanday sezgi. Derazani ochdingiz, yomg‘ir yog‘ayapti... Shundoq ro‘parangizdagi daraxt yaproqlarida yomg‘ir ingrog‘...

Qalbingiz yaproqday, qalbingiz tili yomg‘irday. Siz o‘zingizniki emassiz shu onda, balki... balqib, ranglanib ilohiy onlarga ketyapsiz, ketyapsiz, to‘xtamasdan, o‘ylanmasdan, daf’atan, shunday ohista... E’tibor bersangiz, qalb, maysa titrab-titrab sog‘inchg‘a aylanib boraveradi. Siz ham sog‘inaverasiz, lekin kimni, bilmaysiz. Ammo dil tublarida uyg‘ongan ifordan anglaysizki, siz sog‘inayotgan - juda-juda nurli, behad go‘zal, aziz va undan ham qadrli... E’tibor bering-a:

Yashil navo tinglaydi borliq,

Jilmaygancha bosh egar gullar.

Borlig‘ini oftobda yoyib,

Cho‘zalanib yotibdi yo‘llar -

(«Yashil navo») satrlari ohanraboday tortsa:

Yomg‘ir yog‘ar shivalab tinsiz,

Osmon shifti go‘yo teshilgan.

Go‘yo samo yer o‘rtasida

Tomchilardan arqon eshilgan, -

(«Yomg‘ir») misralari o‘yga toldiradi:

Etaklarin yelpitib,

Nozlanar mayin sabo.

Jiyda gulin atrini

Sepib olgan dilrabo!

Ko‘tarolmas boshini,

Sehrlangan majnuntol.

Soy qo‘ynida yalang‘och

Cho‘miladi oy behol -

(«Manzara») satrlarini o‘qib, entikib ketasiz.

«Shoirlar dunyoning tan olinmagan quvonchlaridir», degan edi bir alloma. Bu dalli, beg‘araz «quvonch» hammaniki emas... U «elga kelgan to‘y»day kelmaydi.

Shuning uchun ham bayramona emas, shuning uchun ham u «tan olinmagan quvonch»dir.

Lekin sirtdan shunday, ichkarida boshqa manzara. «Nurlar jilva qilar» ichkarida. Biroq buni ilg‘ash uchun uyg‘oq nigoh kerak. Shoir xudbin emas, uning «ko‘ngil osmoni hamisha ochiq». U bizdan shunisi bilan farqlanadi. Keyin u injiqroq ham bo‘ladi. Kayfiyati qo‘nimsiz, kapalakday guldan-gulga uchib yuradi. U:

Anor rangli tonglar otib,

Mehmon bo‘ldi hayajon.

Aytganlaring bo‘y ko‘rsatib,

Nasib qildi, Onajon!...

deb, bir ozdan so‘ng:

Umrim bari sizga atalgan,

Albat bir kun shodon qaytaman.

Dil hapriqib, quvonchga to‘lgan

So‘zlarimni albat aytaman, -

desa ajablanmang.

Uning satrlari ma’lum qolipga tushmaydi. Rasmiyatchilik, yolg‘on mulozamatlar yo‘q. U samimiy gapiradi. Shuning uchun ham siz «Buloqlar bo‘yida xandon otayotgan yalpizlar»ga ishonasiz. Uning «ketib borar men izlagan bayt!» degan gapiga shubhalanmaysiz.

Erkalangan bu oqshom,

Biram osuda va tinch.

Qaddin cho‘zib shamshodlar

Oydin olmoqda o‘pich -

satrlari sizni sehrli va sirli tuyg‘ular dunyosiga yetaklaydi.... Mana shu she’riyat shoir O‘tkir Rahmat qalamiga mansub.

O‘tkir Rahmat 1948 yili Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 1972 yili Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida, so‘ng Toshkent davlat yuridik institutida ta’lim oldi. U dastlab ommaviy axborot vositalarida, so‘ng hukumat idoralarida, mustaqilligimizning dastlabki kunidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida faoliyat ko‘rsatib, mas’ul vazifalarda 1999 yilgacha ishladi. Ayni paytda respublikamizning o‘qimishli ommaviy vositalaridan biri - «Qishloq hayoti» va «Hayot» gazetalarining Bosh muharriri.

Faoliyati

Iste’dodli shoirning «Irmoq» (1987), «Sog‘inch» (1991), «Jilg‘a» (1992), «Rayhon hidi» (1995), «Shukrona» (1996), «Ko‘zim qorachug‘i» (1998), «Oy yog‘dusi» (1999), «Ey, umri aziz...» (2003) kabi o‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/o%E2%80%98tkir_rahmat