O'rol Tansiqboyev

O'rol Tansiqboyev
Rassom
Tavallud sanasi:
1904
Vafot sanasi:
1974

O’rol Tansiqboev o’zbek manzarachi rassomi, sobiq Ittifoq Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zosi, Xalq rassomi, O’zbekiston Davlat mukofoti laureati. O’rol Tansiqboev asosan, liroepik rassom edi. Uning har bir asarida jonajon o’lkaga nisbatan cheksiz muhabbat bor. Ana shu muhabbat bilan O’zbekiston manzarasining ulug’vor tasvirini chizdi. U jamoat arbobi sifatida ham qator ishlarini amalga oshirdi.


O’zbek manzarachi rassomi, sobiq Ittifoq Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zosi, Xalq rassomi, O’zbekiston Davlat mukofoti laureati O’rol Tansiqboev 1904 yilda tug’ilgan. 1924—1928 yillarda Toshkent san’at muzeyi qoshidagi rassom N. Rozanov studiyasida, 1929 yilda Penza Badiiy pedagogika texnikumida rus realistik san’atining mohir ustalaridan biri I. Goryushkin Sorokopudov qo’lida ta’lim oldi. 
Ijodini portretlar yaratishdan boshlagan U. Tansiqboev asosan 30-yillarda rassom sifatida shakllandi, o’z asarlarini xalqqa yaqin va tushunarli bo’lishi uchun tinmay mehnat qildi. Bu vaqtda «O’zbek portreti», «Oltin kuz», «Karvon», «Hosil» kabi portret, manzara asarlarini yaratdi. «Ozod bo’lgan sharq ayollari», «16-yil qo’zg’aloni» asarlari rassomning monumental rassomlik sari dadil qadam tashlaganini ko’rsatdi.
1940 yili yaratilgan «Alisher Navoiy» portreti uning ijodida alohida o’rin tutadi. Ikkinchi Jahon urushi yillarida «Vahshiyning yo’li», «Ozod qilingan yerlarda», «Partizan ayol» asarlarini yaratish bilan birga jonajon o’lka manzaralarini gavdalantiruvchi «Qoplonbekda kuz», «Tungi sug’orish», 15 polotnodan iborat «Urush yillarida» kabi kartina turkumlarini ham yaratdi. 


Keyinchalik rassom ijodida manzara yetakchi o’rinni egalladi. «Peshin. Ovqat payti», «G’o’za sug’orish», «O’zbekistonda bahor» kartinalari shular jumlasidandir. Uning «Taxiyatosh» «Qayroqqum GESi tonggi», «Yangi yerda», «Tog’da kuz», «O’zbekistonda mart», «Kattaqo’rg’on suv ombori» «Bo’stonliqda bahor» «Tog’dagi yaylov» kabi asarlari ham tasviriy san’atning yangi yutug’i sifatida kutib olingan bo’lsa, «Chorvoq qurilishida», «Mirzacho’l kanali» va boshqa bir qator kartinalari uni mohir rassom, tabiat kuychisi sifatida elga tanitdi.


O’rol Tansiqboev asosan, liroepik rassom edi. Uning har bir asarida jonajon o’lkaga nisbatan cheksiz muhabbat bor. Ana shu muhabbat bilan O’zbekiston manzarasining ulug’vor tasvirini chizdi. U jamoat arbobi sifatida ham qator ishlarini amalga oshirdi. 1959-60 yillarda O’zbekiston Rassomlar uyushmasining raisi lavozimida ishlab, yosh ijodkor musavvirlarga yaqindan yordam berdi.
Taniqli rassom O’rol Tansiqboev 1974 yilda Toshkent shahrida vafot etdi. Undan boy va rang-barang meros qoldi. Uning asarlari mamlakatning yirik muzeylari, Tretyakov galereyasi, Shark madaniyati Davlat muzeyi, Olma-ota, Samarqand, Nukus va boshqa shaharlardagi rasmlar galereyasi hamda muzeylaridan munosib o’rin egallagan.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/tansiqboyev_orol_