Obid Jalilov

Aktyor
Obid Jalilov
Tavallud sanasi:
1896
Vafot sanasi:
1963

Taniqli teatr va kino aktyori Obid Jalilov 1896 yilda Toshkentda tug‘ilgan. O‘zining ijodiy faoliyatini 1920 yilda Mannon Uyg‘ur tashkil qilgan drama truppasida boshlagan.

Obid Jalilov 1927 yildan umrining oxirigacha Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatrining yetakchi artisti bo‘lgan va uning teatr sahnasida yaratgan dastlabki obrazi rus yozuvchisi Gogolning «Uylanish»idagi (1926 y.) Podkolesin rolidir. U sahnada yaratgan Yo‘ldoshev (U, Ismoilov, «Paxta shumg‘iyalari, 1930), Tolipov (3. Fatxullin, «Istiqbol», 1933), Po‘latov (K. Yashin, «Nomus va muhabbat», 1934) kabi obrazlari bilan aktyorlik mahoratini yanada oshirdi.

1939 yili Hamza Hakimzoda Niyoziy vafotiga 10 yil to‘lishi munosabati bilan «Boy ila xizmatchi» dramasi taniqli o‘zbek teatr rejissyori Yetim Bobojonov tomonidan qayta sahnalashtirildi va bu spektaklda O. Jalilov gavdalantirgan Solihboy obrazi artist ijodida alohida ahamiyat kasb etib, bu obraz orqali u o‘sha davridagi ijtimoiy-siyosiy qarashlarni, hukmron sinf vakillarining salbiy tomonlarini nihoyatda ishonchli va jonli tarzda zo‘r mahorat bilan ochib bergan.

Obid Jalilovning Ikkinchi Jahon urushi va urushdan keyingi yillarda yaratgan Uyg‘un va I.Sultonning «Alisher Navoiy» dramasidagi (1945) Majididdin, Uyg‘unning «Navbahor»idagi (1949) Komilov, Abdulla Qahhorning «Shohi so‘zana»sidagi (1953) Mavlon kabi obrazlari buyuk aktyorning mahorati borgan sari yuksalib borayotganligidan darak berib turardi.

Uyg‘un va Izzat Sultonning «Alisher Navoiy» asari 1941 yil yozilib, 1945 yilda Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik teatrida Mannon Uyg‘ur tomonidan sahnalashtirilgan va asardagi Majididdin obrazi Obid Jalilovga ishonib topshirilgan. Artist bu obrazni yaratar ekan, o‘z oldiga she’riyat sultoni hazrat Alisher Navoiy yashagan davrdagi ma’naviyatga, madaniyatga qarshi turgan jirkanch kishilarning tipik vakilining haqqoniy qiyofasini ochiq-oydin ko‘rsatib berishni maqsad qilib qo‘ygan edi.

Obid Jalilov teatr sohasi bilan birga o‘zbek kino san’ati ravnaqiga ham alohida katta hissa qo‘shgan arbobdir. U yaratgan «Tohir va Zuhra» filmidagi Vazir, «Nasriddin sarguzashtlar»idagi Og‘abek, «Alisher Navoiy»idagi Majididdin, «Boy ila xizmatchi»dagi Solihboy, «Sen yetim emassan»dagi Temirchi Mahkam ota obrazlari o‘zbek kino san’atida dunyoga kelgan mashhur obrazlar sirasiga mansubdir.

Bu obrazlar orqali aktyor xalqimizning insonparvarlik, vatanparvarlik, fidokorlik fazilatlarini yuksak mahorat va qaynoq ehtiros bilan ifodalab bera oldi.

O‘zbek xalqining yetuk san’at arboblari bo‘lmish Abror Hidoyatov, Mannon Uyg‘ur, Ma’suma Qoriyeva singari XX asr boshidayoq teatrga muhabbati tufayli xalqqa shu san’atning asoschilaridan biri sifatida tanilgan Obid Jalilovning ham xizmatlari munosib taqdirlandi.

U 1938 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoniga, 1948 yilda Davlat mukofotiga sazovor bo‘lish bilan birga qator orden va medallar sohibi hamdir. Solihboy va Majididdin kabi o‘lmas obrazlari orqali salbiy rollarning mohir ijrochisi sifatida o‘zbek teatr va kinosan’ati tarixida o‘chmas iz qoldirdi.

Obid Jalilov 1963 yilda Toshkent shahrida vafot etgan.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/jalilov_obid
Sayt foyda berdi!
42587 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi