Otabek Mahkamov (1984-yil 5-sentabr kuni Fargʻona yoki Toshkent shahrida tugʻilgan) — oʻzbek kino aktyori va huquqshunosi. Mahkamov bir necha oʻzbek filmlaridagi yordamchi rollari bilan eʼtibor qozongan. Mahkamov odatda salbiy rollarni oʻynaydi. U yana oʻzbek qoʻshiqchilarning bir necha klipida ham rol oʻynagan, jumladan, Ozodbek Nazarbekovning „Meni kuchliroq sev“ qoʻshigʻi klipida.
Mahkamov oʻzining ilk rolini 2010-yil „Boʻrilar 3: Oxirgi qarz“ filmida jinoiy qidiruv vakili boʻlib oʻynagan. Aktyor „Majruh“ filmida tergovchi rolini oʻynaganidan soʻng Oʻzbekistonda eʼtibor qozondi. Mahkamov rol oʻynagan boshqa eʼtiborga loyiq filmlarga „Men yulduzman“ (2012), „Jodugar“ (2012), „Yondiradi-kuydiradi“ (2012) va „Fotima“ (2013) filmlari kiradi.
2015-yil Mahkamov oʻzi tugʻilgan shahri, taʼlimi va qobiliyatlari haqda har xil va yolgʻon maʼlumotlarni berib borishi oshkor boʻldi. Bu haqda ilk maqola 2015-yilning yanvarida markazi Oʻsh shahrida boʻlgan „Ijodkor“ adabiyot saytida chop etildi. Bir oydan keyin Sayyod saytida Mahkamovning oʻzbek jurnalistlariga oʻzi haqda yolgʻon maʼlumot berib kelayotgani toʻgʻrisida qisqa maqola chop etildi. Maqolada Mahkamov ochiqchasiga tanqid qilinmadi, lekin uning toʻliq versiyasi keyinroq chop etilishi bildirildi.
Mahkamov „Bekajon“ gazetasiga bergan intervyusi davomida oʻziga qoʻyilgan ayblovlarni rad etdi. Ammo u oʻzi haqda jurnalistlarga bergan qarama-qarshi maʼlumotlarni izohlab berishdan bosh tortdi va „Siz aytayotgan mish-mishda ... asos yoʻq!“, deyish bilan cheklandi.
Oʻzbekistonda chop etiladigan gazetalarda yozilishicha, Mahkamov huquqshunoslik boʻyicha oliy maʼlumotga ega va shu sohada faoliyat olib boradi. Gazeta-jurnallarda tarqatilgan maʼlumotga koʻra, u hozirda Oʻzbekiston hisobchilar va auditorlar milliy birlashmasida dars beradi.
Mahkamov yana mashhur kishilardan intervyu olib, ularni turli xil gazeta-jurnallarda chop etgan. Shu kungacha u Cary-Hiroyuki Tagawa, Frédéric Diefenthal, Armand Assante, Ennio Morricone va Mithun Chakrabortylardan olgan intervyularini chop etgan.
Mahkamovning oʻz taʼlimi haqidagi iddaolari
Oʻzbekcha gazeta-jurnalarga koʻra, Mahkamov Budapesht shahrida joylashgan „Markaziy Yevropa huquqshunoslik universiteti“da oʻqigan. Baʼzi intervyularida Mahkamov aynan shu universitetni „BMT qoshidagi Markaziy Yevropa huquqiy universiteti“ deb atagan. Boshqa bir maqolada boʻlsa Mahkamov „Yevropa huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasining xalqaro xususiy huquq boʻyicha yuridik fanlari doktori“ deb yozilgan. Aslida Budapesht shahrida yoki bohsqa yerda bu nom bilan ataluvchi universitet mavjud emas. Mahkamovdan balki u Markaziy Yevropa universitetini nazarda tutgani soʻralganda, aktyor „Demak bu oʻsha“, deb javob berdi. Ammo oliygoh xodimlari u yerda Otabek Mahkamov ismli shaxs tahsil olmaganini rasman bildirishdi.
Mahkamov ayrim intervyularida aslida mavjud boʻlmagan „Markaziy Yevropa huquqshunoslik universiteti“ni PhD (falsafa doktori) darajasi bilan tamomlaganini iddao qilgan. Yana bir intervyusida PhD darajasini 2005-yil olganini iddao qilgan. Oʻsha paytda Mahkamov 21 yoshda boʻlgani va maktabni bitirganiga endigina toʻrt yil boʻlgani eʼtiborga olinib, bu iddao ham yolgʻon ekanligi aytildi.
Mahkamov baʼzi intervyularida „Yevropa universiteti“da shunchaki malaka oshirganini aytgan. Yana bir intervyusida „Markaziy Yevropa huquqiy universiteti“da bakalavr darajasida olish uchun oʻqiganini, keyin AQSHda magistratura qilganini aytgan, ammo aniq qachon va qayerdaligini ochiqlamagan.
Mahkamovning tarjimonlik qobiliyati haqidagi iddaolari
Mahkamov muntazam ravishda ingliz tilini mukammal bilishini hamda ingliz tili unga ona tilidek boʻlib qolganini taʼkidlab keladi. Mahkamovning bu iddaosi ham tanqid qilindi. Xususan, uning filmlarda, jumladan, „Yondiradi, kuydiradi“ hamda „Kelgindi kelin 2 yoxud anjancha muhabbat“ filmlarida ham notoʻgʻri tarjima qilgani, ham notoʻgʻri gapirgani tanqidga uchradi. Mahkamov intervyularining birida oʻzi ishtirok etgan filmlarda ingliz tilida aynan oʻzi ovoz berganini aytib oʻtgan.
Lotin.uz — foydalanuvchilarga berilgan matnni lotindan kirillga va aksincha o‘girish xizmatini taklif etadi.
Imlo.uz — O‘zbek tilining imlo lug‘ati. Saytda 85 000 ortiq so‘z bor.
Har kuni eng sara latifalar va kulguli rasmlar. O‘zbek tilidagi kulgu markazi!
TVinfo.uz — Bugun, ertaga, keyingi hafta uchun toʻliq teledasturlar.
Maqol va naqllarning eng katta kolleksiyasi. Har bir maqol uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz).
Valyutani yuqori kursda almashtirish uchun yaqin punktlarni aniqlab beruvchi servis. Punkt joylashuvini kartada ko‘rsatadi.
O‘zbekcha telegram kanallarning eng katta katalogi. Faqat faol kanallar, ruknlarda va batafsil statistikasi bilan.