Pirimqul Qodirov

Yozuvchi
Pirimqul Qodirov
Tavallud sanasi:
1928 Oktyabr 25
Vafot sanasi:
2010 Dekabr 21

Pirimqul Qodirov 1928 yil 25 oktyabrda Tojikistonning Shahriston tumaniga qarashli Kengko‘l qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning bolalik yillari urush yillariga to‘g‘ri keldi, otasi va oila boshiga tushgan kulfatlarga sherik bo‘ldi, jamoa xo‘jaligida, yo‘l qurilishida, Bekoboddagi metallurgiya zavodida ishladi. Yozuvchi 1946 - 1951 yillarda ToshDU da, so‘ngra Moskvadagi Jahon adabiyoti instituti aspiranturasida ta’lim olib, 1954 yilda Abdulla Qahhor ijodi bo‘yicha dissertatsiya yoqladi. U 1954 - 1963 yillarda Yozuvchilar uyushmasida, keyin esa til va adabiyot institutida va juda ko‘pgina jamoat ishlarida faoliyat yuritdi. Pirimqul Qodirov Hamza nomli Davlat mukofotiga (1968) sazovor bo‘lgan. U rus adiblari Tolstoyning «Kazaklar», K.Fedinning «Ilk sevinchlar», turkman yozuvchisi X.Deryaevning «Qismat» romanlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Pirimqul Qodirov asarlaridagi pok sevgi, insoniy muhabbat Mahkam va Gavhar, Madaminjon va Ma’suda, Mohim bilan Bobur munosabatida go‘zal tasvirlangan.
Asarlari: «Studentlar» (1950, birinchi hikoyasi, bu kitob chiqqanda Pirimqul Qodirov hali ToshDU da sharqshunoslik fakultetining studenti edi), «Jon shirin» (1968-73, unda xalqimizni kimyoviy dorilar bilan zaharlagan zolimlarga qarshi achchiq haqiqat aytilgan), «Kayf», «Olov», «Meros» qahramonlari: Yolqin Otajonov, Tursun va boshq.) «Qadrim», «Erk» (qahramonlari: Sattor, Oysha, Roziya va boshq.), «Uch ildiz», «Najot» (1940, dastlab «Botirlar va baxillar» deb nomlangan), «Akramning sarguzashtlari» (1974), «Yayra institutga kirmoqchi» (1977), «Olmos kamar», «Ona lochin vidosi», «Qora ko‘zlar» (1963-1966), «Yulduzli tunlar» («Bobur»), «Avlodlar dovoni» (Asar qahramonlari: Humoyun, Hamidabonu, Nizom, Sherxon, Tahmasp (qiyin ahvolga tushib qolgan Humoyunga yordam bergan shoh) va boshq.), «Oilamiz» (ilk ocherki, 1953), «Dil va til» (1974), «Xalq tili va realistik proza» (1973) kabi adabiyotshunos sifatida yarattan risolalari va boshq.

«Uch ildiz» romani haqida
Pirimqul Qodirovni yozuvchi sifatida elga tanitgan asari - 1955-1958 yillarda yaratilgan «Uch ildiz» romani bo‘ldi. Bu asarni «hayotimizdagi burilish davrini aks ettirgan roman» deya ta’riflashgan. A.Qahhor bu roman bilan tanishib: «Ancha vaqtdan beri men o‘zbek adabiyotida momaqaldiroq guldurosini eshitmay yurgan edim. Nazarimda, mana shu asar adabiyotimizga momaqaldiroqday gulduros solib, chaqmoqday yaltirab kirib kelyapti», - degan edi.
«Uch ildiz» 50-yillar o‘rtalaridagi tarixiy jarayonlarni aks ettirgan, o‘zbek adabiyotida shaxsga sig‘inishning noxush oqibatlarini birinchilardan bo‘lib fosh etgan yirik asardir. Roman voqealari bir oliy o‘quv yurtida bo‘lib o‘tadi. Asar ikki talaba yoshning bir-biri bilan tanishuvi, muhabbati tasviri bilan boshlanadi, unda yoshlarning ishq-muhabbati, sevgidagi adashishlari, yangicha va eskicha qarashlar, yangilikning tantanasi, ta’lim-tarbiya bilan bog‘liq mojarolar ham qalamga olinadi. Bu mojarolar ham har xil yo‘llar bilan bosh masalaga mafkuraviy kurashlarga borib ulanadi, qahramonlarning bisoti, asosan, o‘sha bosh masalaga munosabatda ochiladi.

«Qora ko‘zlar» romani haqida
60-yillarning boshlarida yozilgan bu roman qishloq, aniqrog‘i chorvadorlar hayotidan olingan, unda nobop ijtimoiy muhit, siyosat ta’sirida yetishgan Ortiq, Davlatbekov va Ismat bobo kabi shaxslarning xilma-xil obrazlari yaratilgan. Davlatbekov Oyko‘lga rais bo‘lganda qilgan eng katta gunohlardan biri shuki, u «chorvadorlikda Amerikani quvib yetib, o‘zib ketamiz!» deb radiolarda jar solgan, gazetalarda chiqqan. U go‘sht topshirish rejasini ikki yuz foiz bajaradi va orden oladi. O’sha yili Oyko‘lning chorvasi avvalgidan besh baravar kamayib ketadi. Xudbinlik, mansabparastlikda Ortiq Davlatbekovni ham ortda qoldirib ketadi. Uning aqidasi - nima qilib bo‘lmasin kattalarga yoqish. Ismat bobo - Davlatbekov va Ortiqdan ham xavfliroq shaxs. Ko‘zi ojiz bu qariya ig‘vo, chaqimchilik bilan ko‘p odamlarning yostig‘ini qurittan. U o‘g‘li Xolbekni, kuyovi Ortiqni gunoh ishlarga yo‘llaydi, ig‘vo-chaquv bilan kelini Jannatoy dilini xufton, ro‘zg‘orini xonavayron qiladi. Romanda keltirilgan Madaminjon va Ma’suda qismati «O’tgan kunlar»dagi Usta Olimning mungli sevgi sarguzashtlarini yodga tushiradi. Xullas, asarda 60-yillar o‘zbek qishloqlaridagi real hayot aks ettirilgan. Boshqa qahramonlari: Avaz, Hulkar, Cho‘lponoy va boshq.

«Yulduzli tunlar» romani haqida
Pirimqul Qodirov bu roman ustida o‘n yil (1969-1978) davomida ish olib borgan. «Yulduzli tunlar» romaniga «Boburnoma», «Humoyunnoma» asarlari asos bo‘lgan.
Asarda shoir va shoh Bobur hayotini tasvirlash muhim o‘rin tutadi. «Yulduzli tunlar» keng qamrovli asardir. Unda Boburning shaxsiy xislatlari, oilaviy hayoti - onasi Qutlug‘ Nigor xonimga chin farzandlik tuyg‘usi, opasi Xonzodabegimga inilik, farzandlaridan Humoyun va Gulbadanga otalik mehri, birinchi umr yo‘ldoshi Oyshabegim bilan o‘tkazgan ko‘ngilsiz damlar dramasi, Mohim bilan g‘aroyib tanishuv daqiqalari, Mohimning Boburga cheksiz sadoqati, Panipat jangida halok bo‘lgan Ibrohim Lodining onasi Malika Bayda (u Boburni zaharlashga erishgandan so‘ng, ikki raqib ro‘para keladi. Shunda Malika Bayda shohdan o‘lim kutadi, bu bilan shoh ustidan manaviy tantanaga erishmoq, onani o‘limga hukm etgan shohni el oldida sharmanda qilmoq istaydi, lekin buni sezgan Bobur uni jazolamay, o‘zining tanti shoh ekanligini ko‘rsatadi) bilan Bobur orasidagi munosabat hayajonli, go‘zal ifodalangan. Adib butun asar davomida Boburning shoh, fotih sifatida qilgan shafqatsizliklari uning eng katta gunohi ekanligini doimo ta’kidlab boradi. Bobur tarixchi olim Xondamir bilan suhbatda deydi: «...avlodlar haqiqatni bilsinlar, bizni farishta deb o‘ylamasinlar. Qilgan gunohlarimiz o‘zimizga nechog‘liq og‘ir tushganidan ogoh bo‘lsinlar... Toju-taxt bevafoligini ko‘pdan beri sezib yuribman. Menga vafo qilsa, faqat yozgan asarlarim vafo qilmog‘i mumkin. Vatanimga o‘zim qaytolmasam ham asarlarim qaytmog‘i mumkin. Endigi orzuim - men tug‘ilgan yurtimga qilolmagan farzandlik xizmatimni asarlarim qilsa...».
Asarda Bobur bilan yonma-yon Shayboniyxon («imoni zamon», «xalifai rahmon» deya ulug‘langan shaxs), Oyshabegim, Zuhrabegim, Xadichabegim, Xonzodabegim, Gulbadanbegim, Malika Bayda, Mohim, Humoyun, Qutlug‘ Nigorxonim kabi ko‘plab tarixiy shaxslar obrazi ham yaratilgan. Zuhrabegim va Xadichabegimga munosabatdayoq Shayboniyxonning o‘ta yovuz, shafqatsiz, uyatsiz, munofiq bir kimsa ekani ayon bo‘ladi. Zuhrabegimning bosqinchi xon «iltifoti»ga umid bog‘lab, uning maktubidagi soxta «sevgi» izhoriga ishonib huzuriga kelishining o‘ziyoq bu ayol ma’naviy saviyasi qay darajada ekanini oshkor qiladi.
Tarixiy manbalarda uchraydigan ayrim nom va faktlardan yozuvchi butun boshli tirik inson obrazi, syujet yo‘nalishlarini yaratadi. Masalan, romanda Tohir degan obraz mavjud. Uning ham tarixiy asosi bor. Bobur Mirzo umrining oxirida toju taxtdan voz kechib, bir go‘shada Tohir oftobachi bilan birga turmoqchi bo‘lganini aytadi. Demak, Tohir unga ko‘p yaxshiliklar qilgan, qadrdon bo‘lib qolgan...
Asarning boshqa qahramonlari: No‘yon ko‘kaldosh, Qosimbek, Xo‘ja Abdulla, Mazidbek, Eson Davlatbegim, Sherimbek, Yoqubbek, Mahmud, Mulla Fazliddin, Javhariy, Robiya (samarqandlik boy savdogar - Fozil tarxon bir hamyon oltinga sotib olgan andijonlik go‘zal) va boshqalar.
Primqul Qodirov 80-yillarda «Yulduzli tunlar»ning mantiqiy davomi sanalmish Boburning sadoqatli, jasur farzandi Humoyun va nabirasi - tarixda «chinakam daho shaxs» deb nom olgan Akbar hayoti haqida hikoya qiluvchi «Avlodlar dovoni» («Akbar») romanini yaratgan.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/qodirov_pirimqul
Sayt foyda berdi!
42862 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi