Qo‘chqor Norqobil

Qo‘chqor Norqobil
Shoir
Tavallud sanasi:
1968 Mart 5

Qo‘chqor Norqobilning ijodi asosan 80-yillar oxiri - 90-yillar boshida boshlandi. Uning ijodida «Daryo ortidagi yig‘i» (1990) qissasi, ayniqsa, xarakterli bo‘lib, unda afg‘on yurtida o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan hayotiy voqealar mahorat bilan ifoda etilgan. Shu tufayli mazkur qissa yoshlar tashkilotining Usmon Nosir nomidagi mukofotga sazovor bo‘lgan.


Tarjimai hol

Qo‘chqor Norqobil 1968 yilning 5 mart kunida Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani Mo‘minqul qishlog‘ida tavallud topgan. O‘rta maktabni tugatib, 1986-1988 yillarda afg‘on urushida qatnashdi. So‘ng Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdi.

1992 yilda universitetni tugatgach, gazeta-jurnallarda ishladi, muxbirlik qildi.

Uning ijodi asosan 80-yillar oxiri - 90-yillar boshida boshlandi. «Bosinqirash», «Asorat», «Xun» hikoyalari hamda «Daryo ortidagi yig‘i» qissasi shu davr mahsuli sifatida xarakterlidir. Uning ijodida «Daryo ortidagi yig‘i» (1990) qissasi, ayniqsa, xarakterli bo‘lib, unda afg‘on yurtida o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan hayotiy voqyealar mahorat bilan ifoda etilgan. Shu tufayli mazkur qissa yoshlar tashkilotining Usmon Nosir nomidagi mukofotga sazovor bo‘lgan. Uning «Qorong‘u uy», «Kulib tur, azizim», «Xayr, beshinchi mart» singari hujjatli qissa va romanlarida ham urush va inson, hayot va o‘lim, zulmat va ro‘shnolik, shuningdek, insonni tutib turgan muhabbat mavzui o‘zaro uyg‘un holda tadqiq etiladi.

Qo‘chqor Norqobil shoir sifatida hozircha faqat «Xosiyatli daryo» (1992), «Kaftimdagi qizaloq» (1993) to‘plamlarini nashr etgan bo‘lsa ham, mazkur to‘plamlarga kirgan she'rlarning o‘ziyoq uning iqtidorli shoir ekanligiga kafolat beradi.

2001 yilda unga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» faxriy unvoni berildi. Jangchi adib mazkur asarlarida inson qalbining og‘ir dardlarini urush manzaralari orqali chizib beradi. Qo‘chqor Norqobilning «O‘n sakkizga kirgan men bor», «Kulib tur, azizim!» kabi nasriy kitoblari chop etilish arafasida. U hayot bilan o‘lim, yovuzlik bilan ezgulik ro‘baro‘ kelgan pallada o‘z taqdirini garovga qo‘ygan. Uning she'rlari, hikoyalari, qissalari shu haqda.

Keyinchalik Qo‘chqor Norqobil «O‘zbekiston ovozi» gazetasida siyosat va xalqaro hayot bo‘limiga boshchilik qildi. Ayni paytda "Inson va qonun" gazetasining Bosh muharriri vazifasida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/qo%E2%80%98chqor_norqobil