Qodiriy Abdulla

Qodiriy Abdulla
Yozuvchi
Tavallud sanasi:
1894 Aprel 10
Vafot sanasi:
1938 Oktyabr 4

Abdulla Qodiriy o’zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biridir. Atoqli so’z san’atkori, o’zbek romanchiligining buyuk asoschisi Abdulla Qodiriy (Julqunboy) 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahrining Beshyog’och daha, Eshonguzar mahallasida, bog’bon oilasida dunyoga keldi. «Yoshim to’qqiz-o’nlarga borgandan so’ng meni maktabga yubordilar», deb yozadilar tarjimai holida. Abdulla Qodiriy dastlabki savodni Zangi ota mahallasidagi mulla Olim domladan olganlar.

«Maktabda ikki-uch yil chamasi eski usulda o’qib, keyingi vaqtlarda oilamizning nihoyatda qashshoq hayot kechirgani vajidan o’n ikki yoshimda meni bir boyga xizmatchilikka beradilar. Xo’jayinim o’zi savdogar kishi bo’lib, o’rischa yozuv-chizuv biladigan odamga muhtoj edi. Shu tama bo’lsa kerak, meni o’ris maktab (rus-tuzem maktab)iga yubordi. Maktabdan qaytib kelgandan so’ngra xo’jayinimning xizmatini qilib yurganim uchun maktabda tegishli iste’fodani ololmadim; ikkin yil mundoq xizmatda yurib chiday olmasdan ota-onamga yolvorib, uyimga qaytib keldim va o’z uyimdan borib haligi maktabda, o’qib yurdim», – deb yozadi tarjimai holida. Rus-tuzem maktabi to’rt yil muddatli bo’lib, Abdulla Qodiriy uni 1912 yili muvaffaqiyat bilan tugatadi. Bitirish imtihonida general Samsonov ishtirok etgan va imtihonlarni a’lo darajada topshirgan Abdulla Qodiriy va Akmal Ikromovlarga bittadan kumush soat mukofot bergan.

Uning rus-tuzem maktabida o’qishi, bolaligidanoq rus tilini puxta egallashi bo’lg’usi yozuvchi ijodiy taqdirida muhim ahamiyat kasb etadi, rus va jahon adabiyoti, madaniyati bilan bevosita tanishuv uchun yo’l ochib berdi. Abdulla Toshkentdagi Abulqosim madrasasida 1916-1917 yillari ta’lim oladi. Madrasadagi qisqa ta’lim uning islom ilmi, arab va fors tillarini egallashi, keyinchalik bu sohalarni mustaqil o’zlashtirishi uchun zamin hozirladi.

Abdulla Qodiriy arab, fors va rus tillarini yaxshi o’rgangan. Oilasi kambag’allashganligi sababli bolaligidan boshlab mustaqil mehnat qila boshlagan, turli kasblarni egallagan, mahalliy savdogarlarga kotiblik va gumashtalik qilgan (1907-1915). U 1918 yilda Eski shahar oziq qo’mitasining o’zbekcha sarkotibi, 1919 yilda «Oziq ishlari» gazetasining muharriri, 1920 yilda Kasabalar sho’rosining sarkotibi, 1924-26 yillarda «Mushtum» jurnali tashkilotchilaridan va tahrir hay’ati a’zosi kabi ishlarda ishlagan. U matbuot, jurnalistika sohasidagi bilim va malakasini oshirish maqsadida 1924-1925 yillarda Moskvadagi jurnalistika institutida ta’lim oladi.

Abdulla Qodiriyning ilk ijodiy faoliyati 1913-1914 yillarda boshlangan. Dastlab «Sadoi Turkiston» gazetasining 1914 yil 1 aprelь sonida «Yangi masjid» sarlavhali xabar bosilgan. Bu xabar ostida «Abdulla Qodiriy» deb imzo chekilgan. Keyinchalik, uning «To’y», «Ahvolimiz», «Millatimga bir qaror!», «Fikr aylag’il» kabi she’rlari «Sadoi Turkiston» gazetasi va «Oyna» jurnalida bosilgan. Abdulla Qodiriy bu she’rlarida millatdoshlarni jaholat va xurofotga qarshi kurashga chaqirib, ma’rifatparvar shoir sifatida maydonga chiqqan. Bu yillarda «Baxtsiz kuyov» dramasi, «Juvonboz», «Uloqda», «Jinlar bazmi» kabi qator jiddiy, badiiy jihatdan pishiq asarlarini yaratgan. Uning «Juvonboz», «Uloqda» kabi hikoyalarida o’z xalqini savodli, bilimli, madaniyatli va ozod ko’rish istagi sezilib turadi. Adibning «Uloqda» hikoyasi avvalgi asarlari bilan tenglashtirib bo’lmaydigan darajada yuqori bo’lib, XX asr boshidagi o’zbek adabiyotidagi realizmning cho’qqisi, realistik hikoyaning eng yaxshi namunasi hisoblanadi.

Abdulla Qodiriy 1919-1925 yillar oralig’ida matbuotda yuzlab maqola hajviyalar yaratdi. Bu asarlarini u har xil – Qodiriy, Julqunboy, Kalvak Mahzum, Toshpo’lat, Ovsar, Dumbul, Shig’oy degan imzo-taxalluslar bilan e’lon etgan. Shu taxalluslardan biri va xalq o’rtasida mashhur bo’lgani Julqunboydir. Abdulla Qodiriyni yozuvchi sifatida ilk bor elga tanitgan narsa – uning hajviy asarlari, ya’ni «Kalvak Mahzumning xotira daftaridan» va «Toshpo’lat tajang nima deydi?» kabi hajviy qissalaridir. Yozuvchi bu asarlarida odamlar tabiatidagi muayyan salbiy hodislarni sof mafkuraviy nuqtai nazardan turib, nuqul biryoqlama qoralash, fosh etish yo’lidan bormay, xarakter va hodisalarni xolis turib, murakkabligi, ziddiyatlari bilan ko’rsatishicha jazm etdi, – deydi adabiyotshunos olimlar U.Normatov, B.Karimovlar o’z ilmiy maqolalarida.

Abdulla Qodiriy sho’ro hokimiyatining dastlabki yillarida jurnalistik faoliyati bilan bir qatorda ko’plab publitsistik va hajviy asarlar yozdi va o’zbek adabiyotidagi birinchi roman «O’tgan kunlar» ni yaratdi. 1922 yilda «Inqilob» jurnalida romandan dastlabki parchalar e’lon qilingan. So’ngra romanning har bir bo’limi alohida-alohida kitobcha (birinchi bo’limi-1924, ikkinchi bo’limi-1925, uchinchi bo’limi- 1926 yillarda) holida nashr etildi. «O’tgan kunlar» romani xalqimizning XIX asr o’rtalaridagi hayotidan hikoya qiladi. U insonparvarlik, adolatparvarlik, vafodorlik, qahramonlik, zolimlarga va xiyonatchilarga cheksiz nafrat ruhi bilan sug’orilgan. Romanda feodal xon va beklar o’rtasidagi o’zaro urushlar qattiq qoralanadi.

Muallif o’sha zamon kishilari ahvoli-ruhiyati, orzu- intilishlari, quvonch va tashvishlarini zo’r mahorat bilan yorqin obrazlar orqali ko’rsatadi. Romanning bosh qahramonlari Otabek va Yusufbek hojilar shu yurt istiqloli, farovonligi, osoyishtaligi yo’liga hayotini, jonini tikkan fidoyi kishilardir. Jumladan, Otabek o’z ona Vatanini sevadi, uning siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan taraqqiy etishini istaydi. U xon va beklar o’rtasidagi o’zaro be’mani urushlarni qoralaydi. Otabek reaktsion urf-odatlar bilan kelisholmaydi, ularga qarshi turadi. U erkin muhabbat tarafdori.

«O’tgan kunlar» romanida adolatli xonlik tarafdagi Yusufbek hoji obrazi muhim o’rin egallaydi. Yusufbek hoji obrazida tadbirli, insonparvar, adolatparvar kishi, o’z xalqi va o’z yurtining taqdiri uchun qayg’uruvchi, o’z niyatlari puchga chiqqanda ham tushkunlikka berilmagan irodali inson, dono va mehribon ota qiyofasi namoyon bo’ladi.

«O’tgan kunlar» romani mehnatkash xalqqa chuqur hurmat ruhi bilan sug’orilgan. Yozuvchi Hasanali, usta Olim, Saodat, To’ybeka, Oybodoq singari mehnatkash xalq vakillari obrazlarini mehr bilan tasvirlagan. Jumladan, Yusufbek hojining xizmatkori Hasanali uddaburron, tadbirli, sadoqatli, aqlli, g’amxo’r, vijdoni pok, mehribon – umuman oddiy insonga xos eng yaxshi fazilatlarni o’zida mujassamlantirgan kishi obrazi sifatida kitobxon hurmatiga sazovor bo’ladi. «O’tgan kunlar» romanida xotin-qizlar obrazi salmoqli o’rin egallaydi. Yozuvchi xotin-qizlarning Kumushbibi, Zaynab, O’zbek oyim, Oftob oyim, Saodat, Oybodoq, To’ybeka, Xushro’ybibi, Jannat kampir kabi o’nlab xilma-xil obrazlarini yaratgan. Muallif, ijobiy obrazlarnigina emas, Homid, Xushro’ybibi, Jannat kampir, Musulmonqul, Azizbek, Sodiq kabi salbiy obrazlarni ham zo’r mahorat bilan yaratgan. Xushro’ybibi obrazini olaylik. Kumushbibi vafodorlik, go’zallik va samimiylikning ramzi bo’lsa, Xushro’ybibi ichi qoralik va shumlik, battollik va yomonlik, behayolik va urshqoqlik, o’jarlik va xudbinlik timsolidir. Xullas, «O’tgan kunlar» romanidagi obrazlarning har biri o’zicha bir olamki, ular hech qachon bir-birini takrorlamaydi. Ularning hammasi ham yuksak darajada mahorat bilan yaratilgandir. Abdulla Qodiriyning «O’tgan kunlar» asari – o’zbek romanchiligining birinchi cho’qqisidir. Qiziq ma’lumolardan yana biri, Abdulla Qodiriy sahar tongda “O’tgan kunlar” nomli asarini yozayotib, Kumushning vafoti jarayonida hatto o’zi ham yig’lagan.

Adib ikkinchi yirik asari «Mehrobdan chayon» ni 1928 yilning fevralida yozib tugatgan. Ushbu roman 1929 yili Samarqandda bosilib chiqdi. Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» romanida Qo’qon xoni Xudoyorxon va uning saroyidagi adolatsizlik, buzuqliklar, xon saroyining fisqu-fasod va fitna uyasi ekanligi ochib tashlangan.

Romanning mavzusini yozuvchining o’zi quyidagicha izohlaydi: «Turkiston feodallarining keyingi vakili bo’lg’an Xudoyorning o’z hohishi yo’lida dehqon ommasi va mayda hunarmand-kosib sinfini qurbon qilishi, mamlakat xotin-qizlarini istagancha tasarruf etishi, bunga qarshi kelguchilar tilasa kim bo’lmasin, rahmsiz jazo berishi ro’monning mavzi’dir. Xudoyorning bu yo’ldag’i birinchi istinodgohi bo’lg’an ulamolar, ularning ichki-tashqi ahvoli, axloqi, madrasa va oila hayoti ulamoda insoniy his bitkanligi va qolg’ani ham xabosat pardasi ostida sezilmas darajaga yetkanligi mundarija sig’dirg’an qodar bayon qilinadi».

Abdulla Qodiriy 30-yillardagi murakkab sharoitda ham badiiy ijodni davom ettirdi. 1934 yil qishloq hayotidan «Obid ketmon» qissasini yozdi. Qissadagi Obid obrazi o’zbek adabiyotidagi noyob hodisa. Uni o’zbek xalqining mehnat, dehqonchilik, madaniyati bobidagi yetukligi timsoli, deyish mumkin. Yozuvchi inson shaxsiga yondoshishda o’sha davrda odat tusiga kirgan tor «sinfiylik» doirasidan ancha chetga chiqib umuminsoniy qadriyatlarni asrash, ardoqlash yo’lidan boradi. Adib xolis turib kollektivlashtirish harakatining bir qancha tomonlarini haqqoniy ko’rsatadi. Kolxoz tuzumi oxir-oqibatda odamlardagi tashabbusni, shaxsiy egalik, manfaatdorlik tuyg’usini so’ndirish mumkinligini aytadi.

Abdulla Qodiriy asarlar yozish bilan bir qatorda zukko tilshunos, zabardast tarjimon sifatida ham katta ishlar qiladi. Adib tatar fizik olimi Abdulla Shunosiyning «Fizika» (1928), N.V.Gogolning «Uylanish» asarini (1935), A.P.Chexovning «Buqalamun» (1936) asarlarini o’zbek tiliga tarjima qildi. N.V.Gogolning «Uylanish» asari tarjimasi o’sha yili Hamza nomli teatr sahnasida o’ynaldi. Qozonda nashr etilgan «To’la ruscha-o’zbekcha lug’at»ni (1934) tuzishda ishtirok etgan. Abdulla Qodiriyning asarlari, jumladan romanlari jahon miqyosida tez tarqaldi. «O’tgan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlari, rus, ozarbayjon, latish, litva, tatar, turkman, uyg’ur, qirg’iz, qozoq, qoraqalpoq, arab, italyan, ingliz, nemis, turk va boshqa tillarga tarjima qilinib qayta-qayta nashr etilib kelinmoqda. Abdulla Qodiriy «Amir Umarxonning kanizi», «Namoz o’g’ri» kabi romanlar yaratish orzusida bo’lgan. «Amir Umarxonning kanizi», «Namoz o’g’ri» romanlari uchun materiallar ham yiqqan. Biroq mustabid tuzum adibning bu orzularini ro’yobga chiqarishga imkon bermadi.

Abdulla Qodiriy 1926 yilda «Mushtum» da bosilgan «Yig’indi gaplar» maqolasi tufayli qisqa muddat hibsga olingan. Bu maqola hajv tariqasida yozilgan bo’lib, unda bir necha kishilar, arbob kimsalar haziltomuz tanqid qilib o’tiladi. Hajviyasidagi tanqidiy mulohazalar uchun «aksilinqilobiy harakat qilganlik» da ayblanib hibsga olingan. Adibning tarixiy romanlari millat taqdiri, birligi, el-yurt qayg’usi, mustaqilligi, shaxs erki, ijtimoiy adolat uchun kurash g’oyalari bilan yozilganligi ham hukmron mafkuraga zid asarlar bo’lib chiqdi. Yaratilgan bu romanlar sho’ro davri siyosati uchun zararli kitoblar sifatida bot-bot qoralandi. 30 yillarning o’rtalariga kelib, bu mash’um ulfatlar (kompaniya) avjiga chiqdi.

Adib 1937 yilning 31 dekabrь kuni kechqurun hibsga olindi. 9 oylik qamoqdagi so’roq-tergov, qiynoq tahqir, xo’rlikdan so’ng 1938 yil 4 oktyabrda Cho’lpon, Fitrat kabilar bilan birga qatl etildi. Qodiriy hibsga olingach, oilasini ta’qib etish boshlandi. Hovli-joyi tortib olindi. U yaratgan asarlar zararli sanalib, mahv etildi, o’tda yoqildi, kutubxonalardan yo’qotildi, ularni o’qish taqiqlandi. Bunday ta’qibu tahqirlar yigirma yil davom etdi. Nihoyat sobiq partiyaning XX s’ezdida shaxsga sig’inish qoralanib, uning oqibatlarini tugatishga kirishilgach, totalitar tuzumning aybsiz aybdorlari, qurbonlari qatori Abdulla Qodiriy ham oqlandi.

1958 yildan boshlab uning qutlug’ nomi, asarlari xalqqa qaytarila boshlandi. Abdulla Qodiriy oqlangandan keyin u haqida va asarlari haqida qator tadqiqotlar va risolalar yaratildi. Jumladan: M.Qo’shjonovning «Abdulla Qodiriyning tasvirlash san’ati» (1966), «Qodiriy – erksizlik qurboni» (1992), «O’zbekning o’zligi» (Qodiriyga armug’on) (1994), A.Alievning «Abdulla Qodiriy» (Adabiy-tanqidiy ocherk) (1967), F.Nasriddinovning «Adibning yo’li» (1971), «Mahorat jilolari» (Abdulla Qodiriy ijodiyoti) (1974), M.Sultonovaning «Yozuvchi uslubiga doir» (1973), I.Mirzaevning «Abdulla Qodiriy» (1975), O.Sobirovning «Sarchashma adib ijodida» (1975), «Abdulla Qodiriyning ijodiy evolyutsiyasi» (1977), Habibulla Qodiriyning «Otam haqida» (1974 –1983), Murodxon Abdug’afforning «Iste’dod jozibasi» (Abdulla Qodiriy hikoyalarining badiiyati va ularning qiyosiy tahlili) (1992), U.Normatovning «Qodiriy bog’i» (Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi haqida) (1995), «O’tgan kunlar» hayrati (1996), X.Lutfiddinovaning «Gullarning ra’nosi» (1997), Bahodir Karimning «Qodiriy qadri» (2003), S.Mirvalievning «Abdulla Qodiriy» (hayoti va ijodi) (2004) kabi risolalar yaratildi.

Adibning hayoti, ijodiga bag’ishlab hujjatli film, asarlaridan kino va pyesalar yaratildi va yaratilmoqda. Jumladan, «O’tgan kunlar», «Mehrobdan chayon» kabi romanlari bo’yicha badiiy film va videofilmlar ishlandi va teatr sahnalarida qo’yildi.

Marhum Habibulla Qodiriyning otasi haqida yozib qoldirgan xotiralari asosida «Xo’rlikdan o’lim tansiqroqdir» hujjatli filmi tayyorlandi. Filmning stsenariysi adibning nevarasi Sherxon Qodiriy qalamiga mansub, rejisser Sh.Bizzatov uni ekranga olib chiqqan.

O’zbekiston Respublikasi 1991 yil mustaqilligi e’lon qilgandan so’nggina Abdulla Qodiriyga yuksak hurmat va ehtirom ko’rsatila boshlandi. Abdulla Qodiriyga Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991), Vatanimizning eng yuksak mukofoti – «Mustaqillik» ordeni birinchi bo’lib Abdulla Qodiriyga berildi (1994), Abdulla Qodiriy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti – O’zbekiston Respublikasining badiiy ijod sohasidagi ilk oliy mukofoti, O’zbekiston Respublikasining Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 1991 yil 6 fevralda ta’sis etildi.

Bu mukofot adabiyot, san’at va me’morchilik sohasida yaratilgan, milliy istiqlol g’oyalarini yorqin badiiy shakllarda aks ettirgan,O’zbekistonning buyuk tarixini va hozirgi yuksalish jarayonlarini haqqoniy obrazlar orqali gavdalantirgan va keng jamoatchilik tomonidan tan olingan yetuk asarlar uchun beriladi.

Hozirgi kunda Toshkent Davlat Madaniyat instituti, Jizzax Davlat pedagogika instituti, Xalq merosi nashriyoti, Navoiy viloyati universal ilmiy kutubxonasi, metro bekati, istirohat bog’lar, maktab va ko’chalar, mahallalarga uning nomi berilgan. Abdulla Qodiriy qoldirgan ma’naviy meros – uning nodir asarlari mangulikka dahldordir.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/qodiriy_abdulla_