Ravshan Mirtojiev (Jalalitdin) Tursunovich

Ravshan Mirtojiev (Jalalitdin) Tursunovich
Haykaltarosh
Tavallud sanasi:
17.02.1954
Vafot sanasi:
16.02.2015

O`zbekiston xalq rassomi (2003 y), “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi” (1998 y), Bobur nomidagi xalqaro mukofoti sohibi (1998 y), Tokiodagi Fudji muzeyining medali, Rossiya Badiiy Akademiyasi medali sovrindori, Xitoydagi Shanxay universiteti (2010 y) va Harbin universiteti (2011 y) faxriy professori.

Jaloliddin Mirtojiyev 1954 yil Toshkentda tug‘ilgan.

J.Mirtojiyev 1979-1996 yillarda Andijon badiiy ishlab chiqarish ustaxonasida haykaltarosh, 1997 yildan 2015 yilgacha K.Behzod nomidagi Milliy Rassomlik va dizayn instituti katta o`qituvchisi, 1996-2005 yillarda Badiiy Ijodkorlar Uyushmasi haykaltaroshlik sho`’basi raisi, Badiiy Ijodkorlar Uyushmasi viloyat bo`limlari bilan ishlash bo`yicha akademik kotibi, 2005 yildan O`zbekiston Badiiy akademiyasi Raisi o`rinbosari lavozimlarida ishlab kelgan. Mehnat faoliyati davomida J.Mirtojiyev chet ellik ijodkorlar bilan ijodiy almashuvlar, uchrashuv va safarlar tashkilotchisi, O`zbek milliy haykaltaroshlik an'analarini rivojlantirishdagi tashabbuskor sifatida Badiiy Akademiya va tizim tashkilot, muassasalari, respublikamiz va xorij davlatlari ijodkorlari o`rtasida hurmat va e'tiborga sazovor bo`ldi.

Haykaltarosh Jaloliddin Mirtojiyevning Bobur Mirzo (Andijon sh. 1993 y.), Abdurauf Fitrat (Buxoro sh., 1996 y.), Cho`lpon (Andijon sh., 1997 y.), Elbek (Toshkent vil., 1998 y.) haykallari respublikamizning turli shaharlarida o`rnatilgan, el-yurt, jamoatchilik nazariga tushgan edi. Birgina shu dalillarning O`ziyoq haykaltaroshning ijodiy faolligidan, sermahsulligidan darak berib turadi. Ular orasida Bobur haykali haykaltaroshning belgili xizmati va tashrif qog`ozi sifatida namoyon bo`lib, uning faqat keyingi ijodi yuksalishida ko`prik bo`ldi. J.Mirtojiyev yaratgan ulkan siymolar galereyasi ko`zga tashlanadi. Mirzo Ulug`bek (Moskva sh, 2001 y.), Alisher Navoiy (Moskva 2002 y.), Mirzo Ulug`bek (Riga, 2004 y.), Alisher Navoiy (Yaponiya, Tokio 2004 y.), Beruniy (Toshkent,2005y.), Ibn Sino (Latviya, Riga sh. 2006 y.), “Axmad Farg`oniy” (Misr, Qoxira 2007 y.), “Alisher Navoiy” (Ozarbayjon, Boku 2008 y.), Ro`dakiy (Samarqand sh. 2009 y.), Mirzo Ulug`bek (Samarqand sh. 2010 y.) haykallari shular jumlasidan.

O`zbekiston milliy bog`ida barpo etilayotgan qator turkum allomalar, shoir va yozuvchilarning haykallari yaratilishida Jaloliddin Mirtojiyevning hissasi katta. Jumladan, uning G`afur G`ulom ( 2003 y.), Zulfiya ( 2008 y.), Oybek (2010 y.), Said Ahmad va Saida Zunnunova (Toshkent, 2013 y.) kabi adabiyotimizning yirik vakillari haykallari nafaqat zamondoshlarimizga, balki kelgusi avlodlar uchun ham xotira ko`zgusi bo`lib xizmat qiladi. “El-yurt tayanchi” haykali (Qarshi sh. 2006 y.), “Vatanga qasamyod” haykallari esa (Toshkent sh. 2010 y.) O`z yurti, xalqiga sadoqatli bo`lishga chorlaydi. Jizzaxda (1999.), Andijonda (2000 y.) Farg`onada (2000 y.) o`rnatilgan turli hajmdagi “Motamsaro ona” monumentlari Ona vatanning bevaqt halok bo`lgan o`z farzandiga sukutli marsiyasidir. J.Mirtojiyev mahobatli haykaltaroshlik san'atida samarali ijod qilgan bo`lib, O`zbekiston tasviriy san'atiga katta hissa qo`shgan ijodkor sifatida abadul xotiramizda saqlanib qoladi.

Jaloliddin Mirtojiyev 61 yoshida bevaqt olamdan o‘tdi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/mirtojiev_ravshan_%28jalalitdin%29_tursunovich