Razzoq Hamroev

Aktyor, Rejissyor
Razzoq Hamroev
Tavallud sanasi:
15.05.1910
Vafot sanasi:
5.05.1981

Taniqli teatr va kinoaktyor Razzoq Hamroev 1910 yilda Buxoroda tug’ilgan. 1954 yilda Toshkent teatr, va rassomlik san’ati institutini tugatgan. 1931—1945 yillarda Namangan musiqali drama va komediya teatrida aktyor, rejissyor, bosh rejissyor, va badiiy rahbar, 1946 yildan Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatrida aktyor, rejissyor, 1959—1976 yillarda bosh rejissyor sifatida faoliyat ko’rsatgan.

S. Abdullaning «Tohir va Zuhra»sidagi Nozim, Xurshidning «Farhod va Shirin»idagi Xisrav obrazlari aktyorning teatr sahnasida yaratgan ilk rollaridir. Keyinchalik, birin-ketin U. Ismoilovning «Rustam»ida Rustam, F. Shillerning «Makr va muhabbat»ida Ferdinand, K. Gotstsining «Malikai Turondot»ida Pantalone, S. Abdulla, T. Jalilov, G. Mushellarning «Muqimiy» sida Muqiadiy, K. Yashin va A. Umariyning «Hamza»sida Hamza, I. Mahsumovning «Navoiy Astrobodda»sida Navoiy, K. Goldonining «Ikki boyga bir malay»ida Trufaldino, «Musofirxona bekasi»da Kavaler, V. Shekspirning «O’n ikkinchi kecha»sida Malvolio kabi ko’plab yorqin obrazlar yaratdi.

Xalqimiz R. Hamroevni faqat teatr aktyori sifatidagina emas, balki iste’dodli kinoaktyor sifatida ham yaqindan taniydi. U ekranda chuqur falsafiy va mazmunli obrazlar yaratdi. N. G’anievning «Tohir va Zuhra»sidagi Nozim, «Nasriddin sarguzashtlari»dagi Xo’ja Nasriddin, K. Yormatovning «Alisher Navoiy»sidagi Alisher Navoiy, «Abu Ali ibn Sino»sidagi Beruniy, y. A’zamovning «Furqat»idagi Muqimiy, «O’tgan kunlar»idagi Mirzakarim qutidor kabi o’lmas obrazlar faqat aktyor ijodidagina emas, balki o’zbek kino san’ati tarixida ham muhim o’rin tutadi.

R. Hamroevning keng madaniy jamoatchilikka yaqindan tanitgan, uni elga mashhur qilgan obraz-bu dunyo ekranlarini kezib chiqqan «Alisher Navoiy» filmidagi Alisher Navoiy obrazvdir. Aktyor Navoiy obrazini benazir yaratgan iste’dodli aktyor sifatida o’zbek san’ati tarixida o’chmas iz qoldirib, o’ziga mangu haykal o’rnatdi. U Alisher Navoiyni genial shoir, buyuk mutafakkir, yetuk davlat va jamoat arbobi sifatida yorqin gavdalantirarkan, shoirning ichki kechinmalarini tomoshabinlarga ustalik bilan yetkazdi va XV asr feodalizm muhitidagi davr qarama-qarshiliklarini ifodalashda katta iste’dodini namoyish qildi.

R. Hamroev yaratgan R. Botirovning «Dorbozlar»ida Toshtemir dorboz, Sh. Abbosovning «Abu Rayhon Beruniy»sida Ibn Iroq, Dovjenko kinostudiyasida suratga olingan «Mirzacho’l» filmida Rahimjon mirob, Yu. Stepachukning «Jayhun»ida Ja’farbek, «Keksa ustaning vasiyatlari»da (3 seriyali film) Usmonboy, «Xorazm afsonasi»da Usta Nosir, Sh. Abbosovning «Olovli yo’llar» ko’p seriyali telefilmida Hazrat, 3. Sobitovning «Samolyotlar qo’na olmadi»sida Ismoil kabilar. 70-yillar o’zbek kinosida yaratilgan sara obrazlardan hisoblanadi.

Teatr va kino san’atida o’z o’rniga ega bo’lgan san’atkor rejissyorlik sohasida ham ijod etib, «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Oltinko’l», «Nurxon», «Makr va muhabbat», «Muqimiy», «Guli siyoh», «Farg’ona tong otguncha», «Toshbolta oshiq» va boshqa drama, komediya, musiqali dramalarni muvaffaqiyatli ravishda sahnalashtirdi, «Guli siyoh», «Farg’ona tong otguncha» va boshqa spektakllar pyesalariga hammuallif bo’ldi. 

U Respublikamizning turli viloyat teatrlariga ham yaqindan ko’maklashib, ko’p asarlarni sahnaga qo’ydi. M. Qorievning «Sehrli uzug»i Namangan teatrlarida, G. Xo’jaevning «Ko’ngli yosh qariyalar» asari O’sh teatrida sahnalashtirildi.
Razzoq Hamroevning o’zbek teatr va kino san’ati ravnaqidagi xizmatlari uchun «O’zbekiston xalq artisti» unvoni, davlat mukofoti (1948, 1949) bilan taqdirlangan.
Betakror iste’dod sohibi Razzoq Hamroev 1981 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/hamroev_razzoq_hamroboyevich
Sayt foyda berdi!
42862 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi