Rustam Abdullaev

Bastakor
Rustam Abdullaev
Tavallud sanasi:
12.02.1947

Rustam Abdullaev bastakor va pedagog. U o’z ijodida kamervokal, kamer-instrumental janrlariga, qo’shiqlarga, romanslarga, bolalar qo’shiqlariga tez-tez murojaat qiladi. Ko’pgina festival va musiqa tanlovlarining faol ishtirokchisidir. U «O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi» unvoni, Respublika Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Bastakor va pedagog Rustam Abdullaev 1947 yilda Xiva shahrida tug’ilgan. Dastlab pedagog R.Vildanov rahbarligida Hamza nomidagi o’rta maxsus bilim yurtining kompozitsiya va musiqa nazariyasi bo’limida, 1967—1972 yillarda Toshkent Davlat konservatoriyasining kompozitsiya fakultetida professor V.F.Gienkoda ta’lim olib, keyinchalik M.Ashrafiy nomidagi Toshkent Davlat konservatoriyasini B.I.Zeydman rahbarligida aspiranturani tugatdi. 

Ijodi sermazmun va ko’pqirrali. «Shodimulk», «Sadoqat» va «Xivaning ordeni» kabi uchta operasi A.Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta opera va balet teatrida, Samarqand opera va balet teatrida sahnalashtirilgan.

1984—1985 yillarda A.Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta opera va balet teatrida bastakorning dramaturg O’lmas Umarbekov asariga yozilgan balet-oratoriyasi sahnalashtirildi.

So’ngra 3 ta simfonik poema, o’zbek va yapon shoirlari she’rlariga ovoz va fortepiano uchun tsiklini yozdi. R.Abdullaev yaxshi pianist bo’lganligi sababli fortepiano musiqasini juda yaxshi tushunadi va his etadi. U prelyudiya va fuga, fortepiano uchun 9 ta variatsiya, 5 ta fortepiano uchun kontsert (1972), «Navro’z taronalari» (1998), «Tay ohanglari» (1991) asarlarini yaratdi.

Bastakor o’z ijodida kamervokal, kamer-instrumental janrlariga, qo’shiqlarga, romanslarga, bolalar qo’shiqlariga tez-tez murojaat qiladi. Ko’pgina festival va musiqa tanlovlarining faol ishtirokchisidir. U dastavval 1971 yilda Sankt-Peterburgda bo’lib o’tgan Yosh bastakorlarning birinchi festivalida qatnashgan bo’lsa, 1972 yilda Qozog’istonda bo’lgan O’zbekiston Dekadasida birinchi fortepiano uchun kontserti ijro etildi. 

Gruziyada bo’lib o’tgan O’zbekiston musiqa festivalida (1972), Sankt-Peterburgdagi yosh bastakorlarning II festivalida (1976), Moskvadagi «Yosh bastakorlarning tanlovi»da, O’zbekiston musiqasi haftaligida (1977), polyak va yaqin xorij mamlakatlari bastakorlarining uchrashuvida (1985) ham faol ishtirok etdi. Shuningdek, uning Turkmanistonda, «Stavropol kuzi» festivalida (1985) mualliflik kontsertlari berildi. Ukrainada bo’lgan O’zbekiston dekadasida (1991), yaqin xorij mamlakatlari bastakorlarining musiqa festivalida (1991), Moskva konservatoriyasining katta zalida fortepiano uchun yozilgan kontserti ijro etildi.

U «Shved kuzi» festivalida (1991) ham ishtirok etdi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida san’at ahli uchun jahon eshiklari keng ochilgan bir paytda Rustam Abdullaev ijodi keng qanot yozdi. Bastakornnng tailandliklar buyurtmasi asosida yozilgan «Bolalar albomi» va fortepiaio uchun kontserti — «Tay ohanglari» bir necha marta ijro etildi. O’zbekiston Teleradiokompaniyasining «Bulbulcha» bolalar xori R. Abdullaevning bir nechta qo’shiqlarini Turkiya shaharlarida katta muvaffaqiyat bilan ijro etdi. U Janubiy Koreya buyurtmasi asosida 1992 yilda torli cholg’u kvarteti uchun pyesa, fortepiano va kamer orkestri uchun kontsertlarini yozib tugatdi.

Bastakor ko’p yillardan beri ijodiy ishni ta’lim-tarbiya va jamoat ishi bilan qo’shib olib borayapti. 

M.Ashrafiy nomidagi Toshkeit Davlat konservatoriyasida pedagog sifatida ishlab, yosh bastakor va sozandalarni tarbiyalashda o’z hissasini qo’shib kelmoqda. 1985 yilda O’zbekiston Bastakorlar uyushmasi kotibi, 1995 yil 8 sentyabrdan esa O’zbekiston Bastakorlar uyushmasining raisi lavozimida faoliyat ko’rsatmoqda. R.Abdullaeviing asarlari faqat ona yurtimizdagina emas, balki uzoq va yaqin xorij mamlakatlarida ham muvaffaqiyatli ravishda ijro etilgan. 1993 yilda Tailandning Bangkok shahrida bo’lib o’tgan jahon premyerasida 3 fortepiano kontserti bilan qatnashgan bo’lsa, 1994 yilda Janubiy Koreyaning buyurtmasi asosida fortepiano va kamer orkestri uchun yozilgan 4-kontsertining butun jahon premyerasi, 1995 yil 25 sentyabrdan 2 oktyabrgacha Bangkok shahrida bo’lib o’tgan kontsertlarda fortepiano uchun yozilgan 5-kontsertining premyerasi bo’lib o’tdi. 1995 yilda yana Bangkok shahrida muallif tomonidan fortepiano va orkestr uchun 1-kontserti ijro etildi.

Iste’dodli bastakor va pedagog R.Abdullaevning o’zbek musiqa san’ati ravnaqidagi xizmatlari 1997 yilda «O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi» unvoni, Respublika Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/abdullaev_rustam_
Sayt foyda berdi!
41783 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi