Sa’dixon Tabibullayev

Sa’dixon Tabibullayev
Aktyor
Tavallud sanasi:
1906
Vafot sanasi:
2000

Iste’dodli teatr va kino aktyori Sa’dixon Tabibullayev 1906 yilda Buxoroda tug‘ilgan. 1922 yilda Buxoro pedagogika bilim yurtida, 1924-1927 yillarda Moskvadagi o‘zbek drama studiyasida o‘qigan. 1927 yildan to umrining oxirigacha Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatrining yetakchi aktyori sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Xurshidning «Farhod va Shirin»idagi Yosuman, F. Shillerning «Makr va muhabbat»idagi Vurma, V. Shekspirning «Hamlet»idagi Ozrik, N. Gogolning «Revizor»idagi Xlestakov kabi ilk rollari aktyor tajribasining oshishida, ijodining shakllanishida va yirik obrazlar yaratishga hozirlik ko‘rishida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

S. Tabibullayev katta diapazonga ega bo‘lgan tajribali aktyor edi. Uning uchun hech qachon rolning katta kichigi bo‘lmagan. U qaysi xarakterdagi rolni ijro etmasin, uni har tomonlama puxta talqin etishga, obrazning ijtimoiy mohiyatini ochishga harakat qiladi. Bunda u turli tana harakatlari,imo ishoralardan ustalik bilan foydalanadi.

S. Tabibullayev ijro etgan Uyg‘un va Izzat Sultonning «Alisher Navoiy»sidagi Mansur, «Noma’lum kishi»sidagi Nurbobo, «Imon»idagi Sobirov, Oybekning «Qutlug‘ qon»idagi Mirzakarimboy, A. Qahhorning «Tobutdan tovush»idagi Suxsurov, A. Chexovning «Vanya tog‘a»sidagi Telegin, V. Shekspirning «Qirol Lir»idagi Masxara kabi yuzga yakin obrazlarning ko‘pchiligi hayotiyligi, tabiiyligi, to‘laqonli talqin etilganligi bilan ajralib turadi.

S.Tabibullayev ijrosidagi Alisher Navoiy spektaklidagi Mansur dastlab tomoshabin ko‘zi o‘ngida ancha musaffo insondek ko‘rinadi. Majididdin Mansurni bir necha bor o‘z domiga ilintirmoqchi bo‘lganda undan rad javobini oladi.

Chunki Mansur Navoiy tomonidan mamlakat va xalq manfaati yo‘lida olib borilayotgan ishlar mohiyatini tushunganday bo‘ladi va Navoiyni o‘ziga ustoz deb biladi. «Yovuzning qo‘lida xanjar bo‘lishni istamaydi», deydi. Xalqning odil talabiga binoan Navoiy amri bilan Mansurning otasi Muzaffar Mirzoning qatl etilishi Majididdinga juda qo‘l keladi.

«Noma’lum kishi»dagi Nurbobo Niyoz xalq ozodligi yo‘lidagi ulug‘ ishga madad berishga bel bog‘lagan inson. Nurbobo yakkayu yagona qizi Oyxondan ajralgan, nabirasi Turg‘unoyni tarbiyalab voyaga yetkazgan, hayotdagi nohaqliqlarga chiday olmay ko‘zlaridan ajragan nuroniy inson.

Biroq, u shunday og‘ir vaziyatda ham tushkunlikka tushmaydi, kelajakka umid bilan boqadi, Nurbobo xarakteridagi sabr toqatlilik, ertangi kunga optimistik munosabat aktyor ijrosida yorqin ifoda etilgan.

S. Tabibullayev A. Qahhorning «Tobutdan tovush»idagi Suxsurovning butun kirdikorlarini milliy obrazga xos hatti-harakatlar vositasida ochadi. O‘zbek kino san’atining ravnaqi haqida gap borganda Abror Hidoyatov, Shukur Burhonov, Olim Xo‘jayev, Obid Jalilov, Nabi Rahimov, Hikmat Latipov, Asad Ismatov, Abbos Bakirovlar qatorida Sa’dixon Tabibullayev nomini ham faxr bilan eslaymiz.

S. Tabibullayev 1943 yildan boshlab kinofilmlarda suratga tusha boshladi va mashhur «Tohir va Zuhra» filmidagi Xorazm shohi obrazi uning kinodagi dastlabki obrazidir. Shundan so‘ng birin-ketin turli janrdagi kino asarlarida qator obrazlar yaratdi.

«Nasriddin sargo‘zashtlari»dagi chol, «Alisher Navoiy»dagi Jomiy, «Boy ila xizmatchi»dagi Ellikboshi, «Hamza»dagi Savdogar, «Mahallada duvduv gap»dagi Tabib, «Uzoq va yaqin yillar»dagi Toji aka, «Olovli yo‘llar»dagi Darvesh kabi obrazlar S. Tabibullayevning kino san’atidagi ko‘p yillik samarali mehnatining mahsulidir.

U «O‘zbekfilm» kinostudiyasida dublyaj qilingan yuzlab filmlarga ovoz bergan.

S. Tabibullayevning sermazmun va serqirra ijodiy faoliyati 1949 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, 1949 yilda «Alisher Navoiy» filmidagi Jomiy obrazi uchun Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

1967 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Sa’dixon Tabibullayev 1992 yilda Toshkent shahrida vafot etgan.

O‘zbek teatr va kino sohasida yaratilgan asarlarda katta va kichik rollarni maromiga yetkazib ijro etish qobiliyatiga ega bo‘lgan Sa’dixon Tabibullayev o‘zbek teatr va kino san’atida o‘ziga munosib haykal qo‘yib ketdi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/tabibullayev_sa%E2%80%99dixon