Said Ahmad

Yozuvchi, Dramaturg
Said Ahmad
Tavallud sanasi:
10.06.1920 yil
Vafot sanasi:
2007 Dekabr 5

O‘zbek nasrining peshqadam arboblaridan biri Said Ahmad hikoyalarida Oybekning psixologik tasvir mahorati, G‘afur G‘ulom yumori, Abdulla Qahhor bayonidagi ixchamlik mujassamdir. U O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. «Buyuk xizmatlari uchun» va «Do‘stlik» ordenlari bilan taqdirlangan, «O‘zbekiston Qahramoni» degan yuksak sharafli unvonga ham egadir.

O‘zbek nasrining peshqadam arboblaridan biri Said Ahmad (Husanxo‘jayev) 1920 yili Toshkentning Samarqand darvoza mahallasida dunyoga keldi.

1939 yili o‘rta maktabni, 1941 yili esa oliy o‘quv yurtini tugatdi. Adabiyot darslari va to‘garaklarida ijodga bo‘lgan havasi ortib, qo‘liga qalam ushlagan, vaqtli matbuot uning ijod dorilfununi bo‘lgan.

Said Ahmad dastlab «Mushtum» jurnalida, O‘zbekiston radiokomitetida (1942-1943), sobiq «Qizil O‘zbekiston» (hozirgi «O‘zbekiston ovozi» gazetasida) (1942-1947), «Sharq yulduzi» jurnalida (1948-1950) ishlagan. Uning‘ birinchi hikoyalar to‘plami «Tortiq» 1940 yilda nashr etiladi. Urush va urushdan so‘nggi yillarda Said Ahmad ko‘plab fel'yeton, ocherk va hikoyalar yozgan. Uning «Er yurak» (1942), «Farg‘ona hikoyalari» (1948), «Muhabbat» (1949) kabi to‘plamlari nashr etilgan. U «Xazina», «Hayqiriq», «Rahmat, azizlarim» kabi hikoyalarida ikkinchi jahon urushining dahshatli oqibatlarini hayajonli tadsvirlaydi, urush qahramonlarini ulug‘laydi.

Said Ahmadning barcha hikoyalari zamonaviy mavzuda yozilgan. U hikoyalarida tasvirlaydigan har bir voqyeadan falsafiy umumlashma chiqarishga, voqyealarni lirik ta'sirchanlik bilan ifodalashga, badiiy tasvirlarning xilma-xilligiga erishishga intiladi. «Cho‘l burguti», «O‘rik domla», «Lochin», «Odam va bo‘ri», «Bo‘ston», «To‘yboshi» kabi qator asarlari Said Ahmad ijodida ham, o‘zbek nasrida ham yangilik bo‘lgan.

Adib hikoyalarining bosh qahramoni ichki dunyosi boy zamondoshlarimizdir. Yozuvchi «Tog‘ afsonasi», «Zumrad», «Muhabbatning tug‘ilishi», «Ko‘zlaringda o‘t bor edi», «Poyqadam», «Alla», «Iqbol chiroqlari» asarlarida hayotiy xarakterlar yaratgan.

Said Ahmad o‘zining hajviy hikoyalarida taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layotgan yaramas urf-odatlar ustidan kuladi, muhim ma'naviy masalalarni o‘rtaga qo‘yadi. Uning «Xanka va Tanka», «Lampa shisha» kabi o‘nlab hajviyalari fikrimizning dalilidir.

Said Ahmad kichik hajviy asarlari bilan o‘zbek radio va televideniyesidagi miniatyuralar teatriga asos solgan.

Said Ahmad hikoyalardan asta-sekin yirik polotnolar yaratishga o‘tdi. 1949 yilda chop etilgan «Qadrdon dalalar» va «Hukm» (1958) qissalaridan keyin yaratgan «Ufq» (1964) trilogiyasida urushdan oldingi va keyingi davr muammolari haqida bahs yuritadi. «Jimjitlik» (1988) romanida turg‘unlik davri illatlari fosh etiladi.

So‘nggi yillarda uning «Xandon pista» (1994), «Bir o‘pichning bahosi» (1995) kabi hajviy hikoyalar to‘plamlari chop etildi. Shuningdek, u Oybek, G‘.G‘ulom, A.Qahdor, M.Shayxzoda, Shuhrat, Mirtemir va S.Zunnunovalar haqida xotiralar yaratgan.

Said Ahmad dramaturg sifatida ham tanilgan. U «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Kuyov» kabi sahna asarlarining muallifidir.

Said Ahmad ham qatag‘on davrining ikkinchi to‘lqiniga duchor bo‘lgan, qamoq azoblarini tortgan ijodkordir.

U «aksilsho‘raviy millatchilar guruhi a'zosi, zararli g‘oyalar targ‘ibotchisi» sifatida ayblanib, Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyati Jezqazg‘an lagerida bo‘ladi. Uning «Qorako‘z majnun» (2002) hikoyalar to‘plami bu haqdagi achchiq haqiqatni ro‘y-rost ifodalaydi.

Said Ahmadning «Yo‘qotganlarim va topganlarim», uch jildlik «Saylanma»si, «Qaroko‘z majnun» va «Kiprikdagi tong» to‘plamiga kirgan bir qator qissa va hikoyalari uning istiqlol yillarida zavq-shavq bilan ijod etganidan shahodat beradi. Adibning ko‘pgina asarlari qardosh va xorijiy tillarga ag‘darilgan.

U O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. «Buyuk xizmatlari uchun» va «Do‘stlik» ordenlari bilan taqtsirlangan.

Va, nihoyat, «O‘zbekiston Qahramoni» degan yuksak sharafli unvonga ham egadir.

Said Ahmad 2007 yilda vafot etgan.

 

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/said_ahmad
Sayt foyda berdi!
42861 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi