Saodat Qobulova

Qo`shiqchi
Saodat Qobulova
Tavallud sanasi:
15.12.1925
Vafot sanasi:
12.10.2007

O’zbek xonandasi va opera artisti Saodat Qobulova 1925 yilda 15 dekabrda Marg’ilonda tug’ilgan. 1954 yilda Moskva o’zbek opera studiyasini, 1969 yilda Toshkent Davlat konservatoriyasini tugatgan. Uzbek musiqa merosi va milliy ashula san’atining asl namunalarini To’xtasin Jalilov, G’anijon Toshmatov va Jo’raxon Sultonovlardan o’rgangan. Moskvada Byolyavskaya, Goldman kabi ustozlaridan ta’lim olgan.

S. Qobulova qo’shiq san’atidagi faoliyatini juda erta, 1939 yilda Marg’ilon jamoa va davlat xo’jaliklari teatrida ashulachi sifatida boshlab, 1940-1948 yillarda Muqimiy nomidagi o’zbek musiqali drama va komediya teatrida ishlab, S. Abdullaning «Tohir va Zuhra» musiqali dramasida Qamar, K. Yashinning «Nurxon»ida Nurxon rollarini ijro etib, kontsert ijrochiligi bilan shug’ullangan.

S. Qobulova 1954 yilda Alisher Navoiy nomidagi Opera va balet teatriga solistka sifatida ishga o’tib, dastlab T. Sodiqov, R. Glierning «Layli va Majnun» operasida Jamila partiyasini ijro etgan bo’lsa, keyinchalik M. Ashrafiy va S. Vasilenkoning «Ulug’ kanal»ida Masha,T. Jalilov, B. Brovtsinning «Tohir va Zuhra»sida Zuhra, T. Sodiqov, B. M. Zeydman, D. Zokirov, Yu. Rajabiyning «Zaynab va Omon»ida Huri, S. Boboevning «Hamza»sida Sanobar, M. Ashrafiyning «Dilorom»ida Dilorom, T. Sodiqov, R. Glierning «Gulsara»sida Asal, S. Yudakovning «Maysaraning ishi»da Oyxon, R. Hamroevning «Zulmatdan ziyo»sida Gulnor kabi partiyalarni muvaffaqiyatli ijro etib, yetakchi opera artistlari safidan munosib o’rin oldi va madaniy jamoatchilikning katta e’tiboriga sazovor bo’ldi.

Ayniqsa, aktrisa ijro etgan Dilorom, Oyxon, Huri partiyalari sahnaviy va vokal ijrosi jihatidan yetuk bo’lib, san’atkor ijodida alohida o’rinni egallaydi.

S. Qobulova o’zbek opera artistlaridan birinchi bo’lib chet el mumtoz operalarida bosh rollarni rus tilida mohirona ijro etdi. J. Bizening «Marvarid izlovchilar»idagi Layli, J. Puchinining «Chio-chio-san» idagi Batterflyayxonim, J. Rossinining «Sevilya sartaroshi»dagi Rozina, Verdining «Rigoletta»sidagi Jilda, P. Chaykovskiyning «Iolanta»sidagi Iolanta va boshqa partiyalar uning ijrosida rusiyzabon tomoshabinlariga ham manzur bo’ldi.

Opera ijrochiligi, xonandalik va pedagoglik faoliyati S. Qobulova ijodining ajralmas qismini tashkil etib, uning repertuaridan o’zbek mumtoz, maqom va zamonaviy ashulalar mustahkam o’rin olganki, u aytgan va magnit tasmalariga tushirilgan «Bayot-1, 2, 3, 4», «Talqini Bayot», «Sarahbori oromijon», «Samarqand ushshog’i», «Iroq», «Chapandozi navo», «Dugoh», «Iroqi Buxoro» va boshqa ashulalar, o’zbek bastakorlarining romanslari hamon o’z qadr-qimmatini yo’qotmay, san’at muxlislariga zavq-shavq bag’ishlab kelmoqda.

U Ovro’po va Osiyo xalqlari (rus, ukrain, chex, tojik, ozarbayjon, arman, mo’g’il va boshqalar)ning qo’shiqlarini ham maroq bilan ijro etgan. Hindiston, Birma, Kampuchiya, Tailand, Afg’oniston, Olmoniya, Polsha, Kanada, Mongoliyada ijodiy safarlarda bo’lib, o’zbek qo’shiq san’atining nodir namunalarini ijro etib, o’zbek milliy qo’shiq san’atimizni targ’ib etdi.

S. Qobulova 1957 yilda Moskvada bo’lgan VI Jahon yoshlar va talabalar, festivalining sovrindori bo’lish bilan birga, 1967 yilda Monrealda o’tkazilgan Jahon ko’rgazmasidagi kontsertda muvaffaqiyat qozongan o’zbek san’atkoridir. Bugungi kunda ham yangi o’zbek mumtoz qo’shiqlari ustida jiddiy ishlamoqda.

«Mustaqillik ilhomimga ilhom qo’shib yubordi,-deb hikoya qiladi iste’dodli xonanda.-Bir necha yangi qo’shiqlar ustida ishlarimni tugatdim. Ayniqsa, radioga juda ko’p asarlar yozdik. Jumladan, Alisher Navoiy g’azallari bilan aytiladigan bir necha qo’shiqlar, Sobir Abdullaning ona Vatanga bag’ishlangan she’rlariga yozilgan qo’shiqlarni aytib o’tishim mumkin».

San’atkor 1970 yildan beri Toshkent Davlat konservatoriyasida pedagog, professor lavozimida ishlab, yosh talantlarni tarbiyalashda jonbozlik ko’rsatmoqda. M. Razzoqova, T. Boyjonova, M. Mamatova kabi iste’dodli xonandalar uning shogirdlaridir. Uning ijodiy faoliyati yuksak taqdirlanib, unga «O’zbekiston xalq artisti», «Xalq artisti» unvonlari berilgan va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan 1997 yilda «Do’stlik» ordeni bilan mukofotlangan.

Atoqli san’atkor, O’zbekiston xalq artisti S. Qobulova 2007 yil 12 oktyabr kuni dunyodan ko’z yumdi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/qobulova_saodat_
Sayt foyda berdi!
48800 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi