Sarvar Azimov

Adabiyotshunos, Yozuvchi, Dramaturg
Sarvar Azimov
Tavallud sanasi:
1923 May 20
Vafot sanasi:
1994 yil

Yozuvchi, dramaturg Sarvar Azimov o‘zining sahna asarlari bilan 60-yillar dramaturgiyasi va teatri taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shgan. S.Azimov bir qancha radioqissalar stsenariysi muallifidir. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvonlari hamda xalqaro «Nilufar» adabiy mukofoti bilan taqdirlangan.

Tarjimai hol

Taniqli dramaturg va adabiyotshunos Sarvar Azimov 1923 yili Jizzax shahrida ziyoli oilasida dunyoga keldi. Mashhur shoir Hamid Olimjonning ukasi Sarvar Toshkentdagi pedagogika texnikumini tamomlagach, O‘rta Osiyo Davlat universitetining filologiya fakultetiga kirib o‘qidi (1942-1946), so‘ngra aspiranturada ta’lim oldi.

1946-1947 yillarda respublika radio komitetida mas’ul muharrir, 1947-1950 yillarda Adabiyot muzeyida ilmiy xodim, 1950-1954 yillarda Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, direktor o‘rinbosari bo‘lib ishladi. 1954-1956 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasida fan va madaniyat bo‘limi mudiri, 1956-1957 va 1980-1985 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasining birinchi kotibi lavozimlarini ado etdi.

1957-1959 yillarda Respublika Madaniyat ishlari vaziri, 1959-1969 yillarda Respublika hukumati raisining o‘rinbosari bo‘lib xizmat qildi.

S.Azimov 1969-1980 yillar mobaynida sobiq SSSRning Suriya va Pokistondagi elchisi, 1986-1990 yillarda esa O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishladi.

Sarvar Azimov 1994 yilda vafot etgan.

Yozuvchining adabiy-tanqidiy faoliyati 1948 yildan boshlangan. U «O‘zbek adabiyoti tarixini buzishga qarshi», «Yosh o‘zbek yozuvchilari ijodi haqida» kabi maqolalarida shu davr adabiyotining muhim ilmiy-nazariy masalalarini ilgari surdi. Sarvar Azimov Hamid Olimjon ijodi bo‘yicha uzoq yillar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borib, 1953 yilda nomzodlik, 1972 yilda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi.

U o‘rta maktablar uchun o‘zbek adabiyoti dasturlari, darsliklari va majmualarini yaratishda faol ishtirok etdi.

Faoliyati

Sarvar Azimov o‘zining sahna asarlari bilan 60-yillar dramaturgiyasi va teatri taraqqiyotiga muhim xissa qo‘shdi. «Qonli sarob» (1961), «Oppoq tong qo‘shig‘i» (1962), «Yulduzlar jamoli» (1964) asarlari va adabiyotshunoslikka doir ilmiy-nazariy kitoblari o‘zbek adabiyotining yutuqlaridandir. «Zamon dramasi» (1968) o‘zining g‘oyaviy-badiiy puxtaligi bilan dramaturg ijodida alohida o‘rin tutadi.

Sarvar Azimov barcha dramatik asarlarida o‘zi guvoh bo‘lgan tarixiy davrning muhim muammolarini ko‘tardi. Xorijiy xalqlar hayotidan olingan asarlari bilan o‘zbek dramaturgiyasini yangi mavzu, yangi obrazlar bilan boyitdi.

S.Azimov bir qancha radioqissalar stsenariysi muallifidir. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvonlari hamda xalqaro «Nilufar» adabiy mukofoti bilan taqdirlangan.

Sayt foyda berdi!
42861 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi