Shuhrat Abbosov

Aktyor, Rejissyor, ssenariychi
Shuhrat Abbosov
Tavallud sanasi:
16.01.31

Shuhrat Abbosov — oʻzbek aktori, rejissori va ssenariy yozuvchisi. Abbosov o‘zbek kino sanʼatining asoschilaridan biri hisoblanadi. Abbosov shu kungacha bir qancha nufuzli unvon va mukofotlarni olgan. U O‘zbek SSR xalq artisti, SSRI xalq artisti va Mehnat qahramoni unvonlarini olgan. Abbosovning «Mahallada duv-duv gap» (1960) filmi eng yaxshi o‘zbek filmlaridan biri hisoblanadi.

Shuhrat Abbosov 1931-yil 16-yanvarda Qo‘qonda tug‘ilgan. 1949-yil Toshkent tibbiyot kasb-hunar bilim yurtini bitirgan. 1954-yil Aleksandr Ostrovsky nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutini bitirgan. Shu institutda professor (1983-yildan), kafedra mudiri (1991-yildan) boʻlib ishlagan. 1954-1956-yillarda Mannon Uyg‘ur nomidagi viloyat musiqali drama teatrida (Yangiyo‘lda) bosh rejissor boʻlib faoliyat yuritgan. Keyinchalik Moskvaga borib Mosfilmda ham tahsil olgan. Abbosov 1958-1991-yillar „O‘zbekfilm“da rejissor, 1982-1986-yillarda direktor boʻlib ishlagan. Abbosov 1996-yildan boshlab O‘zbekiston kino arboblari birlashmasining rais muovini boʻlib ishlagan.

Shuhrat Abbosov bir qancha filmning rejissoridir. U Aleksandr Naumov (II) bilan 1977-yil chiqqan Gʻafur Gʻulomningshu nomli qissasiga asoslanib olingan „Shum bola“ filmiga ssenariy yozgan. „Mahallada duv-duv gap“ kinokomediyasi (1960) ilk yutug‘i bo‘ldi. Abbosov 2-jahon urushi yillari ota-onasiz qolgan turli millatga mansub 14 bolani tarbiyalagan toshkentlik Shomahmudov oilasining jasorati haqidagi „Sen yetim emassan“ (1963; Xalqaro kinofestival mukofoti, Frankfurt Main, 1963), odob-axloq haqidagi „Qalbingda quyosh“ (1965) filmlariga rejissorlik qilgan. „Toshkent — non shahri“ (1967; kino-festival sovrindori, Olmaota, 1973), „Sevgi mojarosi“ (1971; 5-kinofestival sovrindori, Tbilisi, 1972) filmlari bilan eng yaxshi kinorejissor sifatida tanildi.

Tarixiy-biografik mavzuda „Abu Rayhon Beruniy“ (2 qismli, 1974, 8-kinofestivalning bosh mukofoti, Kishinyov, 1975, Xalqaro kinofestivalning „Oltin Delfin“ sovrindori, Tehron, 1977), „Olovli yo‘llar“ (Hamza hayotiga bag‘ishlangan 17 qismli telefilm, 1975-1984), urush yillari front ortidagi qiyinchiliklar haqida hikoya qiluvchi „Katta urushdagi kichik odam“ (1989) filmlari ham mashhur.

Mustaqillik Abbosiv ijodida burilish yasadi. 14 qismli „Kamolot cho‘qqisi sari“ hujjatli (1995) va 2 qismli „Otamdan qolgan dalalar“ badiiy (ssenariysini M.To‘ychiyev bilan hamkorlikda yozgan, 1998) filmlarni yaratdi.

Abbosov teatr uchun bir qancha asarlarni sahnalashtirgan. U „Yurak sirlari“ (B. Rahmonov), „Nurxon“ (Komil Yashin), „Og‘riq tishlar“ (Abdulla Qahhor) kabi pyesalarni sahnalashtirgan.

Shuhrat Abbosov koʻplab unvon va mukofotlar sovrindoridir. 1965-yil unga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sanʼat arbobi unvoni berilgan. 1974-yil Abbosov O‘zbekiston xalq artisti unvonini olgan. 1974-yil unga Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti berilgan. Abbosovga 1981-yil nufuzli SSRI xalq artisti unvoni berilgan. Abbosov 1994-yil „Shuhrat“ medali, 1998-yil „El-yurt hurmati“ ordeni bilan taqdirlangan.

Manbaa: http://www.wikiwand.com/uz/Shuhrat_Abbosov
Sayt foyda berdi!
49075 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi