Sora Eshonto'rayeva

Aktyor
Sora Eshonto'rayeva
Tavallud sanasi:
08.11.1911
Vafot sanasi:
08.09. 1998

Atoqli o’zbek aktrisasi va jamoat arbobi Sora Eshonto’raeva 1911 yilda Namangan viloyatining Yangiqo’rg’on tumanidagi Beshbuloq qishlog’ida tug’ilgan. 1922—1925 yillarda Toshkentdagi Zebunniso nomli maktabda o’qigan. Yoshligidan teatr san’atiga qiziqqan S. Eshonto’raeva o’quvchilik davridayoq Ali Ardobus rahbarligidagi to’garakka qatnashadi.

1925—1927 yillarda Moskva o’zbek drama studiyasida o’qib, R.Simoiov, V. Kantsel, N. Basov, I. Tolchanov, L. Sverdlin kabi san’at ustalaridan sahna san’ati sirlarini qunt bilan o’rganib qaytgach, 1927 yildan O’zbek Davlat drama gruppasi (hozirgi Hamza nomidagi O’zbek Davlat drama teatri aktrisasi sifatida faoliyatini boshlaydi. S. Eshonto’raeva 1943-1946 va 1953-1960 yillarda Hamza teatri direktori vazifasida ham ishlaydi.

Cho’lponning «Hujum»idagi Tursunoy, K. Goldonining «Ikki boyga bir malay»idagi Beatriche S. Eshonto’raevaning teatr sahnasida yaratgan ilk rollari bo’ldi. 1927 yildan boshlab 60 yil mobaynida Hamza teatrida sahnalashtirilgan asosiy spektakllarda bosh rollarni ilk bor ijro etish S.Eshonto’rayevaga nasib etdi. 

«Boy ila xizmatchi»dagi (1939) Jamila, «Muqanna»dagi (1942) Guloyim, «Alisher Navoiy»dagi (1945) Guli, «Hurriyat»dagi (1958) Hurriyat kabi ayollar obrazini yaratib, madaniy jamoatchilikning nazariga tushdi va teatr san’atida o’z o’rnini topdi. Aktrisa yaratgan bu o’lmas obrazlarning har birining o’z o’rni bor, ularni birini ikkinchisidan ustun qo’yish mumkin emas. 

Lekin adolat yuzasidan aytganda, Jamila va Guli obrazlari san’atkor ijodida alohida o’rin tutadi. Chunki S.Eshonto’raevani dastlab elga tanitgan ham Jamila va Guli obrazi bo’ldi. Jamila aktrisa talqinida tabiatan sodda, qalbi pok qizdan yaxshini yomondan ajrata oladigan, o’z baxti uchun kurasha oladigan, irodasi mustahkam mustaqil shaxs darajasiga ko’tariladi. 

Guli obrazida esa u she’riy til go’zalligidan to’liq foydalangan holda Gulining bahor ayyomiday musaffo shoirona qalbini, nozik his-tuyg’ularini, ma’naviy yuksakligini, o’z sevgisiga sodiqligini katta mahorat bilan aks ettiradi. 

Faqat bulargina emas, jahon va rus mumtoz dramaturgiyasining shoh asarlari bo’lmish «Hamlet», «Otello», «Qirol Lir» tragediyalaridagi Ofeliya (1935), Dezdemona (1941), Generilya va A. Ostrovskiyning «Momaqaldiroq»idagi Katerina (1939) obrazlarini ham birinchi bo’lib yaratish sharafiga S.Eshonto’raeva muyassar bo’ldi. 

Aktrisa talqinidagi Ofeliya barchani o’ziday ko’ngli pok deb biladigan iffatli, nazokatli qiz. Dezdemona xarakterida nafosat bilan birga o’z maqsadi yo’lida qat’iylik, shijoat belgilari mavjud. Katerina oddiy, soddadil, shu bilan birga o’z erki, ozodligi yo’lida mardonavor kurashuvchi inson.

50—60-yillarda Hamza teatri ijodiy jamoasi Sharq mavzusiga murojaat etib, bir necha yozuvchi va dramaturglarning asarlarini muvaffaqiyatli ravishda sahnalashtirdi. Ulardagi bosh rollarni S.Eshonto’raeva ijro etdi. 

Turk yozuvchisi Nozim Hikmatning «Turkiya haqida xikoya»sidagi Xatcha (1953), arab yozuvchisi Muhammad Dib romani asosida tayyorlangan «Jazoir mening Vatanim»dagi Ayni (1957), yapon dramaturgi Morimoto Kaoruning «O’g’irlangan umr»idagi Sedzu (1965), S.Azimovning «Zamon dramasi»dagi arab ayoli Oysha rollari ham aktrisa ijrosida tomoshabinlarga manzur bo’ldi.

S.Eshonto’raeva «O’zbekfilm» kinostudiyasida suratga olingan «Boy ila xizmatchi», «Opa-singil Rahmonovalar», «Sayyod qo’ng’irog’i» kabi badiiy filmlarda bosh rollarni ijro etdi. «Shoh Edip» film-spektaklida Shohista obrazini yaratdi. Oybekning «Qutlug’ qon», Ch.Aytmatovning «Birinchi o’qituvchi» telespektakllarida Gulsum va Oltinoy rollarini o’ynab, ko’pgina ryadiopostanovkalarda qatnashdi. 

U yillar davomida to’plangan bilim, malaka va tajribasini yosh aktyorlarga muttasil ravishda ixlos bilan o’rgatdi. Ularni ijod jarayonida doimo ko’zatib, kamchiliklarini tuzatdi, yutuqlaridan quvondi.

S. Eshonto’raeva asrimizning mashhur san’at ustasi, umr yo’ldoshi Abror Hidoyatov bilan birga ijod etib, o’lmas obrazlar yaratdi, havas qilsa arziydigan farzandlarni o’stirdi. Doimo tartibli kiyinadigan, chehrasidan mayin tabassum balqib turadigan, xushmuomala, yuksak madaniyatli bu ulkan san’atkor jamoat ishlarida ham faol edi.

S. Eshonto’raevaning ko’p yillik samarali ijodi «O’zbekiston xalq artisti», «Xalq artisti» (1957) faxriy unvoni, 1949, 1967, 1977 yillarda Davlat mukofotlari bilan munosib taqdirlangan.
Sora Eshonto’raeva 1998 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/eshontorayeva_sora_
Sayt foyda berdi!
41794 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2023
Obuna va GoodGroup loyihasi