To‘xtaboyev Xudoyberdi

Yozuvchi, Jurnalist, O`qituvchilar
To‘xtaboyev Xudoyberdi
Tavallud sanasi:
1932 Dekabr 17
Vafot sanasi:
21.03.2021

O‘z a'moli, shaklu-shamoyili, mazmun-mundarijasi bilan beg‘ubor bolalikni jumboqlar olamiga o‘xshatish mumkin. Xo‘rozlarning nima uchun tonggacha qichqirishi-yu, ayrim qushlarning qishda issiq o‘lkalarga uchib ketishidan tortib Vatan tuprog‘ining sajdagoh kabi muqaddasligi-yu ezgulik bilan yovuzlik o‘rtasidagi ziddiyatning abadul-abad davom etishi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha muammolar bu sehrli dunyoning doimiy sir-sinoatidir.

Tarjimai hol

Xudoyberdi Tuxtaboyev Farg'ona viloyatining Katta Tagob kishlog'ida 1932 yil 17 dekabrda tugilgan. Otasidan juda erta yetim kolgan Xudoyberdi bobosi erkaboy va buvisi Robiyabibining qo'lida tarbiya topdi.

1949 yilda Qo'qon pedagogika bilim yurtini, 1955 yil Toshkent Davlat universitetini (xozirgi Milliy universitet) bitirdi. Ish faoliyatini Farg'ona viloyati tumanlaridagi maktab uqituvchisi sifatida boshlab, keyinchalik ilmiy bo'lim mudiri, maktab direktori bo'lib ishladi. 1958 yilda o'z jurnalistik faoliyatini boshlagan ijodkor 14 yil orasida "Toshkent oqshomi", "Sovet O'zbekistoni" gazetalarida 300 dan ortik felyetonlar e'lon qildi. "Yosh gvardiya", "Kamalak" nashriyotlari, "Guliston", "Sharq yulduzi", "Gulxan", "Guncha", "Yosh kuch" jurnallarida faoliyat ko'rsatdi.

1958 yilda badiiy ijodga kirib kelgan ijodkorning qisqa vaqt orasida "Shoshqaloq", "Yosh gvardiya", "Sir ochildi", "Sexrli qalpoqcha" nomli kitoblari nashr yuzini ko'rdi.

O'tgan yillar davomida adibning "Omonboy va Davronboy", "Sariq devni minib", "Sariq devning o'limi", "Besh bolali yigitcha", "Qasoskorning oltin boshi", "Yillar va yo'llar", "Sexrgarlar jangi yoki shirin qovunlar mamlakatida", "Jannati odamlar" kabi romanlari dunyoga keldi.

Sevikli bolalar yozuvchisi 1982 yilda "O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi", 1991 yilda "O'zbekiston xalq yozuvchisi" kabi unvonlar bilan taqdirlangan.

Asarlari rus, ingliz, nemis tillariga tarjima qilinib chet davlatlarda chop etilgan.

Kichkintoylarni ana shu sir-sinoat bilan chuqur tanishtirish va katta hayotga yo‘llashda tarbiyaviy adabiyot sanalmish bolalar adabiyoti zimmasiga benihoya zalvorli mas'uliyat yuklangan.

Bolalarni jumboqlar olamiga sayohat qildirishda har bir yozuvchi o‘ziga xos ijodiy yo‘lni tanlaydi. Yozuvchining ijodiy individualligi bilan bog‘liq bu tushunchani ijodiy uslub iborasi bilan ifodalash o‘rinliroq bo‘ladi. Binobarin, H.Nazir, H.Po‘latov, F.Musajonov, E.Raimov, S.Barnoyevlar ijodida realistik uslub ustuvorlik qilsa, fantastik uslub X.To‘xtaboyev, S.Anorboyev, H.Shayxov, A.Obidjon kabi yozuvchilar ijodining ziynati sanaladi. Ularning ichida o‘zbek bolalar nasrining taniqli ustasi Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlari alohida ajralib turadi.

Xudoyberdi To‘xtaboyevning nomi qaynoq va cheksiz ijodiy mashaqqatlar mahsuli bo‘lgan qissa va romanlari orqali dunyoning olis-olis burchaklarigacha yetib borgan. Jahonning juda ko‘p tillariga tarjima qilingan birgina «Sariq devni minib» romani o‘zbek bolalar adabiyotining ufqini sezilarli darajada kengaytirdi.

«1970 yili Moskvada «Sehrli qalpoqcha» asarim bosilib chiqdi, – deb yozadi Xudoyberdi To‘xtaboyev. – 1971 yili Italiyaning Rim shahrida Janni Rodari «Butun dunyo bolalar yozuvchilarining forumini» o‘tkazgan. Shu forumga Moskavada «Detskaya literatura» nashriyotining bo‘lim mudiri ko‘rgazmaga qo‘yish uchun boshqa kitoblar qatorida mening kitobimni ham olib borgan.

Forum ochilayotgan kuni Janni Rodari «Unita» gazetasida bolalarga bag‘ishlangan sahifa berib, sahifada quyidagi so‘zlarni yozgan. «Menga tanishish va tarjimaga tavsiya etish uchun taqdim etilgan yozuvchilar orasida Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Sehrli qalpoqcha» nomli asari yumorga boy bo‘lganligi va fantaziyasi benihoya keng bo‘lganligi sababli ma'qul bo‘ldi. Ushbu yumor va fantaziyadan italyan bolalari ham bahra olsin, deb men ushbu asardan bir bob tarjima qilib berdim».

1972 yili «Sehrli qalpoqcha» asarimni nemislar chop etdi. Uni o‘zbekshunos, tilshunos olima Dolerasi Shuls tarjima qilgan. X.To‘xtaboyevning yozuvchi sifatida ijodiy kamoloti haqida so‘z ketganda uning muvaffaqiyatini ta'minlagan adib o‘sgan muhitdan izlash to‘g‘riroq bo‘ladi. Taqdir bo‘lajak ijodkorni bolaligidan boshlab og‘ir sinovlarga ro‘para qiladi.

«Mening bolalik va o‘smirlik davrim, – deb yozadi adib, – urush davriga to‘g‘ri kelgan. Ota-onasiz yetim qolgan hamqishloqlarimning o‘kinch va armonlarini eshitganman. O‘g‘lidan qora xat kelgan onalarning ko‘ksini yulib dodlaganlarini ko‘rganman, akasini intizor kutayotgan singillarning, eridan barvaqt judo bo‘lgan yosh-yosh juvonlarning pinhoniy ko‘z yoshlarini ko‘rganman. O‘gay otam – usta Abduqodir rabochiy bataloniga ketgach, biz oilada sakkiz bola qoldik. Men ular bilan rosa bolalar uyidan bolalar uyiga o‘tib «sayr» qilganman. Hatto Toshkentdan Qo‘qongacha piyoda ketgan paytlarim bo‘lgan».

Hayotning sermashaqqat chig‘iriqlaridan o‘tgan yosh Xudoyberdi taqdirida dindor buvisi ham muhim o‘rin tutganini ta'kidlash joiz. Buvining ko‘ngilga taskin beruvchi hikoyat, ertaklari ruhida tarbiya topgan yozuvchi asarlarida dev, sehrgar, afsungar, iblis, jodugar, jin singari majoziy obrazlarga keng o‘rin berilishi, «bulutdek baland», «bilaklari – yo‘g‘on» – «bittasi chaqaloqning belidek keladi», «Na'ra tortganida xonaning shipi ko‘tarilayotgandek bo‘ladi» singari afsonalarga xos obrazli iboralarning ishlatilishi tabiiy. Har qanday yozuvchining xarakter yaratish mahorati bilan bog‘liq bu xususiyatni X.To‘xtaboyev asarlarining syujet va badiiy tilining o‘ziga xosligini ta'minlagan omillardan biri deyish mumkin.

Darhaqiqat, X.To‘xtaboyev sermazmun hayot va ijod maktabida saboq oldi. Yozuvchining ilk asarlari 50-yillarning boshida, ham talabalik davridayoq dunyo yuzini ko‘rgan bo‘lsa, 60-yillarda adabiy tanqidchilik e'tiborini o‘ziga tortdi, 70-yillarda uzluksiz ta'limning barcha bo‘g‘inlarida o‘rganila boshladi, juda ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Adabiy tanqidchilikda X.To‘xtaboyev ijodi shartli ravishda 3 guruhga bo‘lib o‘rganiladi.

Birinchi guruhga vaqtli matbuotda e'lon qilingan felyetonlarining davomi o‘laroq yuzaga kelgan «Jonginam, shartingni ayt», «Maxsus topshiriq», «Bevaqt aytilgan azon», «Xarakteristika» tipidagi ilk hajviy asarlari kiradi.

Ikkinchi guruhga turli yillarda yozilgan «Aka-uka Omonboy bilan Davronboyning qishloqqa gaz olib kelganlari haqida jajji qissa», «Sir ochildi», «Jannati odamlar», «Mungli ko‘zlar», «Yillar va yo‘llar», «Kichkina rais» yanglig‘ sof realistik asarlari kiradi.

«Sariq devni minib», «Qasoskorning oltin boshi», «Shirin qovunlar mamlakatida yoki sehrgarlar jangi», «Besh bolali yigitcha» kabi yengil yumor bilan sug‘orilgan sarguzasht asarlari uchinchi guruhni tashkil etadi. Adabiyot tarixidan ma'lumki, har qanday buyuk yozuvchining barcha asarlarini bir xil mezon bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Bu gap bevosita X.To‘xtaboyev ijodiga ham tegishlidir.

Dastlab «Toshkent haqiqati», «O‘zbekiston ovozi», «Sovet O‘zbekistoni» gazetalarida felyetonchi muxbir sifatida qalamini charxlagan adibning ilk asarlarida hajviy ruhning ustun bo‘lishi tabiiy edi. Binobarin, «Hadik», «Maxsus topshiriq», «Xarakteristika», «Tilxat», «Bevaqt aytilgan azon» singari kattalarga mo‘ljallangan hikoyalari va «Jonginam, shartingni ayt» qissasida tovlamachilik, xotinbozlik, poraxo‘rlik, e'tiqodsizlik kabi illatlar ayovsiz fosh etiladi. Shunisi e'tiborliki, mazkur asarlarning qahramonlari – oddiy qishloq kishilari, ziyolilarning yozuvchiga bolaligidan tanishligi ularning xarakter-xususiyatlarini ishonarli tarzda badiiy tasvirlashga yaqindan yordam bergan.

Qissachilikda egallangan muayyan tajriba kichik kitobxonlar uchun mo‘ljallangan «Sir ochildi», «Omonboy bilan Davronboy» kabi realistik uslubdagi asarlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.

Mazkur qissalar syujetidagi sxematizmning adabiy tanqidchilik tomonidan o‘z vaqtida qayd qilinishi yozuvchining ijodiga jiddiy turtki berdi. Adibning bolaligida bevosita o‘zi guvoh bo‘lgan voqyealar ta'sirida yozilgan «Sariq devni minib», «Besh bolali yigitcha», tarixiy mavzudagi «Qasoskorning oltin boshi», ma'naviy-axloqiy muammoning badiiy ifodasi bo‘lgan «Mungli ko‘zlar» romanlari fikrimiz dalilidir.

Ma'lumki, «Sariq devni minib» romani X.To‘xtaboyev ijodidagina emas, o‘zbek bolalar adabiyotida ham alohida sahifani tashkil etadi. Asardagi sehrli qalpoqcha ramziy timsolini adibning jiddiy ijodiy topilmasi deyish mumkin. Sehrli qalpoqcha muallif badiiy niyatini ijro etishdagina qulaylik tug‘dirib qolmasdan, kitobxonning qiziqishini tutib turuvchi vosita vazifasini ham bajaradi.

Asar bosh qahramoni Hoshimjonning sehrli qalpoqcha yordamida turli ko‘chalarga kirib chiqishi roman syujeti qurilishida muhim o‘rin tutadi. Kichik kitobxon har narsaga qodir sehrli qalpoqcha yordam bergan taqdirda ham bilim olmasdan, biror kasb-hunarning boshini tutmasdan, hayotda o‘z o‘rnini topib, baxtli bo‘lolmasligiga ishonch hosil qiladi. Bu esa «bilim ol», «hunar o‘rgan» degan quruq pand-nasihatdan ming chandon ta'sirliroqdir.

«Sariq devni minib» asarimning jahon tillariga tarjima qilinishiga sabab – 1971 yili Italiyaning Rim shahrida bo‘lib o‘tgan jahon bolalar yozuvchilarining kengashida J.Rodarining shu asar haqida aytgan iliq gaplari bo‘lgan», – deydi adib suhbatlaridan birida.

Xo‘sh, adibning nomini mashhur qilgan bu asarning siri nimada?

Nima uchun roman aynan shunday nomlangan?

Shu o‘rinda, avvalo, «Sariq dev» iborasining ma'joziy ma'nosini ifodalash joiz. Nima uchun aynan «sariq»?, qora yoki oq emas?

Ma'lumki, sariq – nafs-olov ma'nolarini bildiradi. Xalqimizda nafsini tiya olmagan, nafsining quliga aylangan, ya'ni nafs bandalari «Nafs olovlar» deb ham ataladi.

Darhaqiqat, kimki nafsini tiya olmas ekan, bir kunmas bir kun, Nafs olovida kuyib kul bo‘ladi. Olov esa, tabiiyki, sariq rangdadir.

Ibora tarkibidagi «dev» afsonaviy yovuzlik timsoli sanaladi. Ertaklarda bayon qilinishicha, yovuz dev komiga tushgan har qanday jonzot hech qachon tirik qolmagan. Asar qahramoni Hoshimjon ham o‘z nafsiga anchagina erk beradi: Nafs deviga minib yo‘lga tushadi.

Undagi voqyealar bosh qahramon Hoshimjon tili bilan sodda, aniq, qolaversa, bolalarcha o‘y-fikrlar orqali hikoya qilinadi. Hoshimjonning gap-so‘zlari va xatti-harakatida bolalarcha tafakkur tarzining saqlanishi asar syujetining yutug‘ini ta'minlashga xizmat qilgan. Romanning keng kitobxonlar ommasiga manzurligining bosh sabablaridan yana biri «sehrli qalpoqcha»ning ishtirokidir. Hoshimjon aynan sehrli qalpoqcha vositasida bir-biridan ajoyib va g‘aroyib sarguzashtlarni boshdan kechiradi.

Hoshimjon sho‘x, g‘ayratli, hozirjavob, ziyrak, serfahm bola. Lekin shu bilan birga jindek ayyorligi, lofchiligi, qo‘rqoqligi, yolg‘onchiligi ham bor. Yerga ursa ko‘kka sapchiydigan kichik qahramon jo‘shqin orzularga beriladi, sehrli qalpoqcha yordamida o‘qimasdan turib odam bo‘lish mumkin deb o‘ylaydi. Hatto, bu borada maktab direktori O.Azizov va o‘qituvchisi Qobilov bilan ham ko‘p bora tortishadi. Maktab direktoriga xat yozib o‘zining o‘zlashtirishi uchun murakkab deb bilgan fanlarni o‘qimaslikni so‘raydi.

Hali o‘qib o‘rganmagan, ozmi-ko‘pmi hayot sirlaridan bexabar bo‘lgan Hoshimjon ko‘p hollarda mushkul ahvolga tushib qoladi. Shunday damlarda u qalpoqchaga yuzlanib «Menga aql o‘rgat, yo‘l ko‘rsat» deya iltimos qiladi, ammo do‘sti sehrli qalpoqcha «Aql sehrga bo‘ysunmaydi, bo‘yingga bo‘y qo‘shganim bilan, aqlingga aql qo‘sholmayman, baribir, o‘qib o‘rganish kerak, Hoshimjon» deb unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi.

Kezi kelganda shuni aytish joizki, bolalar adabiyotining qon tomiri bo‘lgan hayotbaxsh didaktikaga yozuvchining o‘ziga xos munosabati mavjud. Jumladan, «Qizg‘anchiq», «Shoshqaloq», «Orif cholning o‘rigi», «Xatosini tushungan bola», «Nihollar nolasi» hikoyalarida kichkintoylar hayotidan olingan e'tiborli biron voqyea tasviridan kelib chiqadigan tabiiy xulosa ko‘proq o‘sha voqea tufayli hikoya qahramoni tushgan holat tarzida havola qilinadi.

«Qizg‘anchiq» hikoyasi shu jihatdan ibratlidir. Asar qahramoni Shavkatjon biror narsani birovga bermaydi. O‘zi shu holatga tushganda o‘rtoqlari hech narsasini ayashmaydi. Xuddi shu munosabat uning qalbini larzaga keltiradi, hayot tarzini tubdan o‘zgartirib yuboradi.

Shavkatjon timsolidagi qizg‘anchiq bolaning qayta tarbiyalanishi hali oq bilan qorani ajrata olmaydigan kichik kitobxonlar uchun chinakam ibrat namunasidir. Yozuvchining bu xildagi qissa va romanlari g‘oyaviy-badiiy, tarbiyaviy vazifa qahramonlar boshdan kechirgan sarguzashtlar zimmasiga yuklanadi. Xarakterlar takomilining ko‘zgusi bo‘lgan har qanday sarguzasht esa kishini befarq qoldirmaydi. Zero, «Sariq devni minib» romanidagi Hoshimjon, «Besh bolali yigitcha» romanidagi Orifjon, «Shirin qovunlar mamlakati yoki sehrgarlar jangi» romanidagi Akrom qovunchi. «Qasoskorning oltin boshi» romanidagi Namoz botirlar taqdiri bilan bog‘liq sarguzashtlarni his-hayajonsiz o‘qib bo‘lmaydi.

X.To‘xtaboyev qahramonlarining har biri o‘ziga xos qiyofa va gapirish manerasiga ega bo‘lsa-da, ularni adib asarlaridan asarlariga sayqal topib kelgan quvnoq va hayotbaxsh yumor birlashtirib turganini ilg‘ash qiyin emas. «Rostini aytsam, – deydi Hoshimjon, – o‘zim ham unchalik yomon bola emasman. Aqlu hushim joyida, odobim ham chakki emas, oltinchi sinfning intizomli o‘quvchilaridanman. Bir xil, haligi sho‘x bolalarga o‘xshab, kun bo‘yi ko‘cha changitib yurmayman. Yashirib nima qilaman, ko‘cha changitib yurgandan ko‘ra komandaga bo‘linib olib, to‘p tepgan yoki holiroq joyga, masalan, oying harchand chaqirsa ham ovozi yetmaydigan joyga borib olib chillak o‘ynagan ming marta yaxshi».

«Belim sal bukikroq, – deb o‘zini tanishtiradi «Besh bolali yigitcha» romanining qahramoni Orifjon, – buni o‘zim tan olaman, ukalarimni ko‘taraverib shunaqangi bo‘lib qolganman. Bo‘yim ham tengqurlarimga qaraganda sal pastroq, buni ham inkor qilmayman. Men yuqoriga qarab o‘saman deganimda ukalarim yelkamga minib olib, pastga qarab bosishavergan. Shuning uchun pakanaroq bo‘lib qolganman. Besh bolali deyishlariga ham, rostini aytsam unchalik jahlim chiqmaydi. Nega desangiz, chindan ham roppa-rosa beshta ukam bor. Beshovini ham o‘zim katta qilganman, oyijonim traktorchi, urush boshlangandan buyon kechasiyu kunduzi dalada».

XX asr boshlarida o‘lka tarixiga «Namoz botir», «Namoz polvon» nomlari bilan chuqur iz qoldirgan Namoz Pirimqul o‘g‘li /1865-1907/ tarixiga doir «Qasoskorning oltin boshi» romani ham adib ijodida muhim o‘rin tutadi.

A.Qodiriy asar yozishni orzu qilgan, Anna Almatinskayaning «Zulm» trilogiyasi, Izzat Sultonning «Noma'lum kishi» dramasidan mashhur Namoz botir timsolini muallif alohida mehr-muhabbat bilan tasvirlaydi.

Asar qahramoni Namoz botir ijtimoiy adolat tantanasi yo‘lida qaqshatgich jangga otlanadi. Uning qasos bayrog‘iga Alisher Navoiy qalamiga mansub «ilgimdan kelguncha zolim tig‘in ushatib, mazlum jarohatig‘a intihom malhamin qo‘ydum» hikmati yozilgan.

Namoz botir «ko‘cha-ko‘yda ochu sarson yurgan yetimlar haqqi, boylar “birovlar” eshigida ishlab haqini ololmay yurgan cho‘riyu qarollar haqqi, hokimu to‘ralar qamchisidan boshi yorilgan alamzadalar haqqi, izzat-nafsi toptalgan yo‘qsillar haqqi, xo‘rliklar, kamsitishlar belini bukkan mazlumu mazlumalar haqqi» kurashga otlanishini o‘zining shu vatanga farzandlik burchi deb biladi. Namoz botir «zolimlarning jazosini xudo emas, mazlumlarning o‘zi berishi kerak» deb tushunadi.

«Qasoskorning oltin boshi», – deb yozgan edi professor Ozod Sharafiddinov, – janr va xususiyatlariga ko‘ra adabiyotimizda yangi hodisadir. Muallif asarning boshidan oxirigacha shu janr talablariga qat'iy rioya qilib, syujetining pishiq-puxta bo‘lishiga, voqealarning qiziqarli chiqishiga intiladi. Voqealar rivojida kutilmagan burilishlar, favqulodda vaziyatlar ko‘p. Qahramonlar ko‘pincha ilojsiz holatlarga tushib qoladi va bunday vaziyatlardan uddaburonlik bilan qutulib ketishadi».

Adabiy qahramonlarning o‘ta og‘ir vaziyatlarda o‘zini tutishi, sinovlarni mardona yengib o‘tib nurli manzillarga intilishi, ezgulikka sadoqat tasviri orqali ma'naviy-axloqiy jihatdan hayotiy xulosalarga kelish X.To‘xtaboyev asarlarini tutashtirib turuvchi muhim nuqta sanaladi.

XX asr boshlaridagi tarixiy sharoit, xalqning erkinlikka bo‘lgan intilishi «Qasoskorning oltin boshi» romanida Namoz botir sarguzashtlari qatiga singdirilgan bo‘lsa, ikkinchi jahon urushining xalq hayotida qoldirgan asorati, tahlika va parokandalik «Besh bolali yigitcha» romani qahramonlari Orifjon va uning ukalari sarguzashtlarining hayotiy quvvatiga jon bag‘ishlaydi.

Ko‘rinadiki, X.To‘xtaboyev ijodiy yutug‘ini badiiy syujet yaratish borasidagi izlanishlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bunga qo‘shimcha tarzda yozuvchi asarlarining badiiy tili va kulgi yaratish mahoratini ham tilga olish mumkin. Yozuvchining asarlaridan asarlarga ko‘chib yuruvchi nim tabassum, hozirjavoblik, zukkolik kitobxon qalbiga ham ko‘chadi. Bu hamma yozuvchilar orzu qiladigan, ammo ko‘pchilikka nasib qilavermaydigan badiiy barkamollik nishonasidir.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi X.To‘xtaboyevni asarlarining tarqalishi jug‘rofiyasiga ko‘ra jahongashta adib deyish mumkin. O‘z asarlari bilan necha avlod bolalarining mehrini qozongan yozuvchi hozir ayni ijodiy kuch-quvvatga to‘lgan yoshda. Adib qalamiga mansub har bir hikoya, qissa va romanlar bolalikning beg‘ubor olami, xalq tarixi, taqdiri bilan bog‘liq muhim muammolarning badiiy ifodasi sifatida kichik kitobxonlar tarbiyasiga xizmat qilmoqda. Ularda yaratilgan o‘nlab kurashchan qahramonlar bolalarning sevimli maslakdoshi va maslahatgo‘yiga aylangan.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/to%E2%80%98xtaboyev_xudoyberdi_
Sayt foyda berdi!
81363 ta odamga sayt foyda berdi 😊

Loyihalarimiz

Izoh.uz — O‘zbek tilining xalqona izohli lug‘ati. So‘zlarning ma’nolari, ibora va misollar bilan keltirilgan.

Izoh.uz — Это народный толковый словарь узбекского языка с подробными определениями и примерами для каждого слова.

izoh.uz

TVinfo.uz — Bugun, ertaga va keyingi hafta uchun to‘liq teledasturlar.

TVinfo.uz — Телепрограмма на сегодня, завтра и ближайшую неделю.

tvinfo.uz

DostavkaInfo — Taomlar, dorilar, kitoblar va boshqa uy uchun kerakli bo‘lagan narsalarni yetkazib berish xizmatlari bor servislar.

DostavkaInfo — Каталог сервисов, предлагающих доставку еды, лекарств, книг и товаров для дома.

dostavkainfo.uz

Imlo.uz — Орфографический словарь узбекского языка позволяющий проверить правописание узбекских слов на латинице и кириллице. В базе более 87 000 слов.

Imlo.uz — O‘zbek tilining imlo lug‘ati. Saytda 85 000 ortiq so‘z bor.

imlo.uz

Lotin.uz — foydalanuvchilarga berilgan matnni lotindan kirillga va aksincha o‘girish xizmatini taklif etadi.

Lotin.uz — поможет транслитерировать с узбекской кириллицы на латиницу и обратно. Легко!

lotin.uz

Maqol va naqllarning eng katta kolleksiyasi. Har bir maqol uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz).

Самая большая коллекция пословиц и поговорок на трёх языках (узбекский, русский, английский).

maqollar.uz

Har kuni eng sara latifalar va kulguli rasmlar. O‘zbek tilidagi kulgu markazi!

Ежедневно только отборные анекдоты, смешные картинки. Кузница юмора на узбекском языке!

latifa.uz

Valyutani yuqori kursda almashtirish uchun yaqin punktlarni aniqlab beruvchi servis. Punkt joylashuvini kartada ko‘rsatadi.

Сервис, помогающий найти ближайшие пункты обмена валюты с выгодным курсом. Покажет местоположение пункта прямо на карте.

onmap.uz

O‘zbekcha telegram kanallarining eng katta katalogi. Faqt faol kanallar, ruknlarda va batafsil statistikasi bilan.

Самый большой каталог телеграм каналов в Узбекистане. Только активные каналы по категориям и с подробной статистикой.

uztelegram.com

O‘zbek tilida savodli yozishni biz bilan boshlang.

С нами вы научитесь грамотно писать на узбекском языке.

sarlavha.com

O‘zbek tilining sinonimlar lug‘ati. Saytda 3300 tadan ortiq so‘zlar, 900 ga yaqin sinonim so‘zlar to‘plamiga jamlangan.

Словарь синонимов узбекского языка на нашем сайте содержит более 3300 слов и 900 синонимов.

sinonim.uz
Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — O‘zbek va dunyo ismlarining ma‘nosi. Ismlar manosi, 2008–2024
Obuna va GoodGroup loyihasi