Tog‘ay Murod

Tog‘ay Murod
Yozuvchi
Tavallud sanasi:
1948 yil

Iste’dodli adib, tarjimon Tog‘ay Murod qissalari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek nomidagi yillik mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning «Otamdan qolgan dalalar» asari asosida ikki qismdan iborat film yaratilgan. Unga 1999 yilda «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» degan yuksak unvon berilgan.

Tarjimai hol

Iste’dodli adib Tog‘ay Murod adabiyotimizning qutlug‘ dargohiga 70-yillarning oxiri va 80-yillarning boshlarida kirib kelgan. Uning asl ism-sharifi Tog‘aymurod Mengnorov bo‘lib, Tog‘ay Murod adabiy taxallusidir. U 1948 yilda Surxondaryo viloyati Denov tumanining Xo‘ja Soat qishlog‘ida dunyoga kelgan.

O‘zi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘idagi o‘rta maktabni 1966 yilda tugatib, Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Uni 1972 yilda muvaffaqiyatli yakunlab, respublika radiosida muharrirlik qilgan. 1976-1978 yillarda «O‘zbekiston fizkulturachisi», 1982-1984 yillarda «Fan va turmush» jurnalida faoliyat ko‘rsatgan.

1985-1987 yillarda Moskvadagi Adabiyot institutida o‘qigan. Xuddi shu yillarda u kichik-kichik hikoyalar yoza boshladi. «Men, - deb yozgan edi u, - faqat bir maqsadni ko‘zladim: o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlargacha jahon adabiyotini o‘qish, faqat o‘qish bilan band bo‘ldim. Qo‘l qotib qolmasin uchun mayda-mayda hikoyalar mashq qilib turdim. Men shu niyat yo‘lida imorat solmadim, mashina olmadim, mansab egallamadim, shon-shuhrat izlamadim».

Tog‘ay Murod 2003 yilda vafot etgan.

Tog‘ay Murod iste’dodli tarjimon sifatida 1974-1975 yillarda J.Londonning «Boyning qizi» dramasi va bir necha hikoyalarini tarjima qildi. 1989 yilda Ye.Seton-Tompsonning mashhur «Yovvoyi yo‘rg‘a» kitobini o‘zbekchalashtirdi. Uning «Otamdan qolgan dalalar» asari asosida ikki qismdan iborat film yaratilgan. Unga 1999 yilda «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» degan yuksak unvon berilgan.

Faoliyati

1976 yilga kelib Tog‘ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi» degan ilk qissasi «Sharq yulduzi» jurnalida chop etilgach, kitobxonlar og‘ziga tushadi. Ketma-ket adibning «Ot kishnagan oqshom» (1979), «Oydinda yurgan odamlar» (1980) va «Momo Yer qo‘shig‘i» (1985) kabi o‘zbek milliy qissachiligining yangi namunalari dunyoga keladi. Ular ham yuksak baholanib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek nomidagi yillik mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Agar adib o‘zining «Yulduzlar mangu yonadi» ilk qissasida o‘zbek milliy kurashi haqida hikoya qilgan bo‘lsa, «Ot kishnagan oqshom» qissasida uloqchi-chavandozlar hayotini tasvirga tortdi. Undagi bosh qahramon Tarlon nomli ot timsolida bir olam insoniy ezgu tuyg‘ularini to‘kib soldi. O‘zbekiston Qahramoni Said Ahmad shu haqda yozib, hech kim Tog‘ay Murodcha otga bunday ta’rif bermaganini alohida qayd etgan edi. Tog‘ay Murod asarlarida hikoya, ifoda yo‘sini yangicha tus oladi. Yozuvchi «Oydinda yurgan odamlar» qissasidagi bosh qahramonlar Qoplon bilan Oymomolarning farzand ilinjida o‘tkazgan iztiroblarga to‘la hayoti misolida insondagi ilohiy mehrni ulug‘laydi. «Momo yer qo‘shig‘i»da esa ona zamindan ajralib qolgan, ona Vatanda yashab turib, el-yurt tuyg‘usidan mahrum bo‘lgan va oqibatda mustabid tuzum mafkurasi qurboniga aylangan ijodkor shaxs obrazini mahorat bilan umumlashtiradi.

Adib 1986-1991 yillarda Chor Rossiyasi va sho‘ro bosqini ostida o‘tgan hayotini - 100 yildan ortiqroq tarixni o‘zida mujassam etgan «Otamdan qolgan dalalar» romanini yaratdi. Mazkur roman 1993 yilda chop etilib, 1994 yili Abdulla Qodiriy tavalludining yuz yilligida unga Abdulla Qodiriy nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi. «Otamdan qolgan dalalar» ijtimoiy roman bo‘lib, nafaqat adib ijodida, balki 90-yillar o‘zbek adabiyotida katta voqea bo‘ldi. Unda biz ko‘p martalab norozi bo‘lgan, goh tasvirlab, goh tasvirlay olmagan mustabid tuzum ildizlari ochib tashlandi. Ochilganda ham o‘zgacha, til jilolari, o‘zgacha tasvir ohanglarida fosh etildi. Undagi Dehqonqul o‘zbek xalqining umumlashgan, ramziy obrazi darajasiga ko‘tarildi.