Shoir Tursunboy Adashboev o’zbek va qirg’iz xalqlari o’rtasidagi do’stlik iplarini mustahkamlash sohasidagi xizmatlari uchun «Do’stlik» ordeni bilan taqdirlangan. U Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat arbobi va «Manas» ordeni sovrindori hamdir. Uning hazil-mutoyiba bilan yo’g’rilgan qator asarlari rus, latish, qozoq, qirg’iz, tojik tillarida chop etilgan.
Tarjimai hol
Ulug’ yozuvchilar tarixiga nazar tashlansa, iste’dodning tug’ilishi har kimda har xil kechganini ko’rish mumkin. Alisher Navoiy ilk yoshlaridanoq Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr» asarini yod olgan, hali o’smirlik davridayoq ilk asarlari bilan mavlono Lutfiydek benazir shoirni hayratlarga solgan bo’lsa, Usmon Nosir balog’at yoshidayoq mashhurlik darajasiga erishgan edi. Taniqli bolalar shoiri Samuil Marshak 4-5 yoshlaridanoq she’r mashq qilib 11-12 yoshlarida ilk poemalarini yaratgan bo’lsa, Quddus Muhammadiy «O’quvchiga esdalik» nomli birinchi she’riy kitobini e’lon qilganida sal kam 40 yoshda bo’lgan.
Kichkintoylarning sevimli shoiri Tursunboy Adashboev so’zni so’zga juftlab, o’z hayratiyu bor g’ayratini qog’ozga tushira boshlaganida 12-13 yoshlarda bo’lganini sog’inch bilan xotirlaydi. «Mening adabiyotga kirib kelishim, – deb yozadi shoir, – avvalo, muallimlarimning, qolaversa, Abdullajon Shaitovday fidoiy, adabiyotga juda mehr qo’ygan odamlarning ta’siri tufayli bo’lgan, desam adashmayman.
Oltinchi sinfda o’qib yurgan kezlarim «Qizil O’zbekiston» (hozirgi «O’zbekiston ovozi») gazetasida mashhur olim Hodi Zarifning bir xati chiqdi. Xatda gazetxonlarga xalq ichidagi dostonlarni yozib olishga yordam so’rab murojaat etilgandi. Maktabimiz direktori gazetani olib kelib, qishloqdagi to’ylarda doston aytib yuradigan Olim qarg’a degan kishini topib, dostonini yozib jo’natgin, dedilar menga. Men bu haqda Hodi Zarifga xat yozdim. Hodi akadan: Uka, dostonning hech qaeriga qo’shmasdan, og’zidan qanday chiqsa shundayligicha yozib jo’natishingizni iltimos qilaman, degan javob keldi.
Bu «Yozi bilan Zebo» dostoni edi. Xullas, men Olim qarg’ani izladim, u kishi qo’shni qishloqda paxsa urayotgan ekan. Olim akani ish ustida topdim, tanishdim, maqsadimni aytdim. «Bo’ldi, menga bir hafta qog’oz qoralashasan, senga doston aytib o’tirsam, tirikchiligim qolib ketadi. Kechqurunlari yozamiz», dedi. Kelishdik. Bir hafta deganda dostonni qoralab oldim va Hodi Zarif domlaga jo’natdim... Mana shu o’quvchilik yillaridagi qiziqishlarim meni katta adabiyotga yetaklagan bo’lsa, ajabmas».
Ko’rinadiki, ko’pchilik ijodkorlarda bo’lgani kabi Tursunboy Adashboev iste’dodining kurtak otishida ertagu dostonlar, rivoyatu cho’pchaklar misolidagi folьklor asarlarining roli katta bo’lgan. Darhaqiqat, og’zaki so’z san’ati qatiga yashirin betakror sehr-jozibaga oshuftalik shoirning butun ijodini ichdan nurlantirib turadigan omillardandir.
Ilk asarlari bilan Mirtemir va Qudrat Hikmat kabi ustozlar e’tiborini tortgan, ayni paytda ulardan olgan saboqlariga yuksak e’tiqod bilan amal qilib kelayotgan Tursunboy Adashboev bugungi kunda o’zbek bolalar she’riyatining yetakchi namoyandasi hisoblanadi.
1939 yilda qardosh Qirg’izistonning O’sh viloyatiga qarashli Olabuqa tumanidagi Safed Bulon qishlog’ida tavallud topgan, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi, Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat arbobi, shoir, tarjimon va noshir T.Adashboev katta hayot va sermashaqqat ijod yo’lini bosib o’tdi.
«Kamolning olmasi» nomli ilk she’riy to’plami e’lon qilinganida u hali Toshkent davlat universitetining (hozirda O’zbekiston Milliy universiteti) talabasi edi.
Tinimsiz ijodiy izlanishni o’zining a’moli deb bilgan shoir Moskvadagi Oliy Adabiyot institutida tahsil ko’rib, jahon bolalar adabiyotining nodir namunalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo’ldi. Sobiq ittifoq hududidagi tengqur bolalar shoirlari va tarjimonlar bilan ijodiy bahs-munozaralarda qatnashib, toblandi.
T.Adashboev ijodining yetakchi xususiyati haqida gap ketganda, eng avvalo, erishgan yutuqlari bilan xotirjamlikka berilmasligi, behalovat izlanuvchanligini alohida tilga olish joiz. Negaki, ayrim ijodkorlar ma’lum darajaga erishgach, mahoratini oshirish ustida bosh qotirmaydi, natijada o’z-o’zini takrorlashdan nariga o’tolmay qoladi. T.Adashboev bu yo’lning ijodkor uchun g’oyatda xatarli ekanini chuqur his etadi.
«Uolter Delamer degan angliyalik juda mashhur bolalar shoiri bor, – deb yozadi u. – Yashab o’tganiga 200 yil bo’ldi. U umrida bitta kitob yozgan. Bu kitob ingliz tilida gapiradigan hamma mamlakatlarda har yili nashr etiladi. Shu kitobni o’qisangiz, e, Korney Chukovskiy, Samuil Marshak bolalarga she’r yozishni shundan o’rgangan ekan, deysiz. Ochig’ini tan olib aytsak, biz nafaqat jahon bolalar adabiyotini, masalan, Delamer ijodini, hatto qardosh xalqlar adabiyotini ham o’qimaymiz».
Ijodiy xotirjamlikka berilish, o’z qobig’idan tashqari chiqa olmaslikni badiiy mahorat kushandasi deb bilgan shoir badiiy ijodda ham o’z e’tiqodiga qat’iy amal qiladi. Agar uning «Kamolning olmasi», «Biz sayohatchilar», «Olatog’lik bo’laman», «Surnay», «Arslonbob sharsharasi» to’plamlariga kirgan beg’ubor bolalik, Vatan, ona tabiat haqidagi talay she’rlarida an’anaviy tasvir uslubining ustuvorlik qilishi ko’zga tashlansa, nisbatan so’nggi yillarda e’lon qilingan «Uch baqaloq va sirli qovoq», «Orzularim – qo’sh qanotim», «Oltin yolli tulpor», «Latifboyning loflari» kabi kitoblaridagi aksariyat asarlarida hayrat aralash yengil yumor va o’yin vositasida o’ziga xos ezgulikka yo’g’rilgan hayot falsafasining bolalarbop tilda, ammo kattalarni ham o’ylashga undaydigan tarzda ifodalanishini o’z ustida ishlash, tinimsiz izlanishlar mahsuli, deb baholash mumkin.
T.Adashboev ijodida Vatan va tabiat mushtarak tushunchalar sifatida talqin qilinadi. Asarlarining lirik qahramoni Vatanni tabiatdan, tabiatni Vatandan ayri tushunmaydi. U Vatan haqida so’z ochadimi, tabiat haqida fikrlaydimi – quruq ta’rifu tavsifdan qochadi. Aksincha, biror manzara-holat tufayli o’zida tug’ilgan hayrat tuyg’usi bilan o’rtoqlashadi.
To’rg’ay yotar tuxum bosib,
Shuvoq bilan sirlashib.
Qora qo’ng’iz soqqa yasab,
Do’ngga tortar tirmashib.
Yumronqoziq serhadik
Ish bitirar yugurib.
Sug’ur archa ostida
Turar tasbeh o’girib.
Chigirtkalar qamishdan
Nay yasaydi – kertadi.
Ko’kandagi biyaga
So’na dutor chertadi...
«Toldi buloq»
Tuxum bosib yotgan to’rg’ayning shuvoq bilan sirlashishiyu qora qo’ng’izning soqqa yasashi, yumronqoziqning hadiksirab, alanglab yurishiyu sug’urning archa ostida tasbeh o’girib o’tirishi, chigirtkaning qamishdan nay yasashiyu so’naning biyaga dutor chertishi – dala-dashtdagi tabiat manzarasining undagi jonzotlar misolida badiiy obrazli suvratlantirilishi kichik kitobxon qalbida yorqin hislar tug’diradi, tasavvurini, ongu shuurini ona tabiat ko’rinishlariga bog’laydi. Katta yoshli kitobxon esa o’sha manzara-holatlarni necha martalab ko’rgan, kuzatgan, guvohi bo’lgan esa-da o’z e’tiborsizligidan hayratga tushadi. Lirik qahramonning sinchkov nigohi, tabiatga iliq munosabati unga ham ko’chadi.
Shunisi muhimki, o’sha tabiat, o’sha yurt – uning Vatani. O’quvchida mana shunday kayfiyat tug’dirish undagi Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg’ulariga jon bag’ishlaydi.
«Uyimiz sovuq edi, – deb yozadi shoira Kavsar Turdieva. – Hali «dom» isitila boshlamagandi. Kichik o’g’lim esa deraza oynasiga bo’yoqlari bilan qip-qizil quyoshning rasmini chizibdi. Nimagadir Tursunboy Adashboevning «Jo’nataman quyoshni» she’ri esimga tushdi. «Jo’nataman quyoshni, men kelgusi xatimda», deb yakunlangan she’rida Tursunboy akaning ijodiga xos bo’lgan psixologizmlar va milliy ruh bo’rtib ko’rinadi.
Bolalar yozuvchisining mahorati – bu faqatgina dunyoni bolalar ko’zi bilan ko’rish va idrok etishgina emas, balki bu idrokni keng o’quvchilar ommasiga ana shu tarzda namoyon qilishdir».
Nazarimda, T.Adashboevning badiiy mahorati ham aynan dunyoni bolalar ko’zi bilan ko’rishi, idrok etishi va uni o’quvchiga shu tarzda yetkazishi bilan belgilanadi. Bog’bonlarning dov-daraxtlarning soch-soqolini qiyishi, oqlangan daraxtlarning oppoq paypoq kiyishi («Hasharda»), bahorning qishni burnidan tarnovga osib qo’yishi («Sumalak»), chaqmoqning ko’kda yong’oq chaqishi («Bahor kelgach»), Asqar tog’dan tushayotgan suvning qoyalarda yanchilishi, qarag’ayning ko’kka sanchilishi, qorli cho’qqining qirg’iz tumog’iga o’xshatilishi («Sarichelak»), ayiqning piymasini ivitishiyu quyonning oq tivitdan o’ziga po’stin tikishi, yashil taroq archalarning shamolning sochlarini tarashiyu oq yaktakli qayinlarning zarbaldoq taqishi («Qish») aslida bolalarcha tasavvur va idrok mahsulidir.
T.Adashboev she’rlarining qahramonlari «sapchib oqqan suv bilan kim o’zarga yugurgan», xolasiga yordam uchun «nonini botirib, qotirib qaymoq yegan», «tog’dan ko’tarilgan quyoshni onasi yopgan patirga» o’xshatgan, buvisining ajinlariga qarab «dazmol bosib olsangiz tekis bo’lib ketardi», deb maslahat beradigan, kun bo’yi bog’dagi sirpanchiqda «vagon» bo’lib uchishgach, «oqshom uyga shimining orti suzilib» qaytadigan quvnoq, topqir, xayolkash, mehnatkash, zavqiyu ishtahasi tobida bo’lgan bolalar» (Muhtarama Ulug’)dir. Ularning sho’xligi va o’yinqaroqligi atrofimizdagi olam jumboqlarini bilishga bo’lgan qiziqishiyu betizgin savollariga uyg’un:
Qumursqaning tovoni yo’q,
Ninachining qulog’i.
Soqol bilan tug’ilar
Echkilarning ulog’i.
Beumurtqa mayqo’ng’iz,
Ilon qo’lsiz, oyoqsiz.
Nima kechar daraxtlar –
Bo’lsa rangsiz, bo’yoqsiz.
Asalari ne uchun
Chaqib, o’zi o’ladi?
Qiziq, nega chuvalchang
Ikki boshli bo’ladi?
T.Adashboevning bolalar shoiri sifatidagi ijodiy takomilida folьklor asarlarining ifoda uslubiyu Qudrat Hikmat, Sulton Jo’ra, Zafar Diyor singari ustozlar ibrati, jahon bolalar adabiyotining ijodiy an’analari bitmas-tuganmas ilhom manbai, tajriba maktabi vazifasini o’taydi. Shuning uchun ham ustozlarini «meni tarbiyalab voyaga yetkazgan bog’bonlar», deya e’zozlab tilga oladi, jahon bolalar she’riyati namoyandalari ijodini esa «men suv ichgan chashmalar» deya hurmat bilan ta’kidlaydi.
Jahon bolalar she’riyatining talay namunalari T.Adashboev tarjimasida keng kitobxonlar ommasining adabiy mulkiga aylangan. Ularning ichida K.Chukovskiyning «Yuvin, do’mbog’im», «Maydadir», S.Marshakning «Ahmoq sichqoncha haqida ertak», «Tentak ovchi», «Dono sichqon haqida ertak», S.Aksyonovning «Sehrli qizil gul», V.Berestevning «Ko’lmakdagi suratlar», «O’qishni bilsang o’zing», B.Zaxoderning «Samovar», «Bo’ri maqtasa...», N.Dumbadzening «Ketino», «Igna», Ovsey Drizning «Kutilmagan hodisa», V.Danьkoning «Qorbobo bo’lsam agar», Yan Bjexvaning «Tuxum va tovuq», «Tuz haqida ertak», Uolter Delamerning «Pat saqlanar yostiqda», «Bekinmachoq» kabi asarlari bor. Ulardan «Kutilmagan hodisa» nomli mana bu she’rga e’tibor bering:
– Boisin ayt, hoy, Burga,
Bu qadar nega shodsan?
– Kirib ayiq juniga
Gazeta o’qiyotsam,
Menga miltiq o’qtalgan
Ovchiga ko’zim tushdi.
Bunday dahshatli holni
Ko’rmagan yetti pushtim.
Nishonga olib mani,
Tepkini bosdi: var-rang!
Xayriyat, o’q to’satdan
Ayiqqa tegdi, qarang...
Tarjimonning mahorati shundaki, agar uning nomi yozilmasa, kichik kitobxon dabdurustdan asarning tarjima ekanligiga ishonmaydi. Ovchining o’ziga miltiq o’qtalishidek dahshatli holga yetti pushtining duch kelmaganligi yuzasidan Burganing iqror-e’tirofi she’rga milliy ruh bag’ishlaydi. Natijada asliyat bilan tarjima o’rtasidagi chegara barham topadi.
Tarjimaning chinakam san’at asari sifatida asliyat darajasiga ko’tarilishi sermashaqqat ish bo’lib, astoydil va uzoq izlanishni taqozo etadi. Tarjimonlik o’z ishiga nopisandlik va yuzakilikni ep ko’rmaydi.
«Tursunboy aka Alini Valiga, omonni yomonga qofiya qilishdan o’zini tiyadi va nihoyatda yangi qofiyalar topadi, – deb yozadi Ravshan Fayz. – Quyidagi qofiyadosh so’zlarga bir e’tibor berib ko’ring-a: qishloqqa-pishmoqda, toza man-yozaman, baliqlar-aniqlar, o’z dardi-o’zgardi, oldimdan-qoldim man, baraban-qaramang... Ko’rinib turibdiki, Tursunboy Adashboev xuddi mohir ho’qqabozday hech qiynalmay so’zlarni o’ynaydi».
Yusuf xos Hojibning «Qutadg’u bilig» dostonida kichkintoy qahramonlarning bittasidan hali hayotiy tajribaga ega bo’lmay turib, ezgu ishlarni amalga oshirishda yutuqlarga erishishining boisi so’ralganida u otasidan duo olganini aytishi keltiriladi. Masalaga shu jihatdan yondashilsa, T.Adashboevni ikki elning duosini olib kelayotgan ijodkorlardan, deyish mumkin. Buni shoirning quyidagi e’tirofi ham tasdiqlaydi:
O’zbek-qirg’iz qoni singgan,
Sizga aytsam to’g’riman.
Shu boisdan ikki elning
Erka shoir o’g’liman.
U o’zbek va qirg’iz xalqlari o’rtasidagi do’stlik iplarini mustahkamlash sohasidagi xizmatlari uchun «Do’stlik» (2001) ordeni bilan taqdirlangan. U Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat arbobi va «Manas» ordeni sovrindori hamdir.
2003 yilda shoirning «Orzularim - qo’sh qanotim» nomli to’plami chop etildi.
Izoh.uz — O‘zbek tilining xalqona izohli lug‘ati. So‘zlarning ma’nolari, ibora va misollar bilan keltirilgan.
Izoh.uz — Это народный толковый словарь узбекского языка с подробными определениями и примерами для каждого слова.
TVinfo.uz — Bugun, ertaga va keyingi hafta uchun to‘liq teledasturlar.
TVinfo.uz — Телепрограмма на сегодня, завтра и ближайшую неделю.
DostavkaInfo — Taomlar, dorilar, kitoblar va boshqa uy uchun kerakli bo‘lagan narsalarni yetkazib berish xizmatlari bor servislar.
DostavkaInfo — Каталог сервисов, предлагающих доставку еды, лекарств, книг и товаров для дома.
Imlo.uz — Орфографический словарь узбекского языка позволяющий проверить правописание узбекских слов на латинице и кириллице. В базе более 87 000 слов.
Imlo.uz — O‘zbek tilining imlo lug‘ati. Saytda 85 000 ortiq so‘z bor.
Lotin.uz — foydalanuvchilarga berilgan matnni lotindan kirillga va aksincha o‘girish xizmatini taklif etadi.
Lotin.uz — поможет транслитерировать с узбекской кириллицы на латиницу и обратно. Легко!
Maqol va naqllarning eng katta kolleksiyasi. Har bir maqol uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz).
Самая большая коллекция пословиц и поговорок на трёх языках (узбекский, русский, английский).
Har kuni eng sara latifalar va kulguli rasmlar. O‘zbek tilidagi kulgu markazi!
Ежедневно только отборные анекдоты, смешные картинки. Кузница юмора на узбекском языке!
Valyutani yuqori kursda almashtirish uchun yaqin punktlarni aniqlab beruvchi servis. Punkt joylashuvini kartada ko‘rsatadi.
Сервис, помогающий найти ближайшие пункты обмена валюты с выгодным курсом. Покажет местоположение пункта прямо на карте.
O‘zbekcha telegram kanallarining eng katta katalogi. Faqt faol kanallar, ruknlarda va batafsil statistikasi bilan.
Самый большой каталог телеграм каналов в Узбекистане. Только активные каналы по категориям и с подробной статистикой.
O‘zbek tilida savodli yozishni biz bilan boshlang.
С нами вы научитесь грамотно писать на узбекском языке.
O‘zbek tilining sinonimlar lug‘ati. Saytda 3300 tadan ortiq so‘zlar, 900 ga yaqin sinonim so‘zlar to‘plamiga jamlangan.
Словарь синонимов узбекского языка на нашем сайте содержит более 3300 слов и 900 синонимов.