Usta-Shirin Muradov

Usta-Shirin Muradov
Me'mor
Tavallud sanasi:
18.08.1880
Vafot sanasi:
12.02.1957

Usta shirin Murodov (1879, Buxoro — 1957.12.2, Toshkent) — meʼmor, ganch oʻymakori; Oʻzbekiston FAning faxriy aʼzosi (1943), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1943). Hunarni otasi usta Murod va bobosi usta Nosirdan oʻrgangan, yoshligidan amakisi usta Hayot qoʻlida qolgan va undan taʼlim olgan. Mustaqil usta sifatida Buxoro amirining Karmanadagi saroyi (Sitorai Mohi Xosa yozlik saroyining Oq zali)ni bezashda katnashib, tanilgan. U.Sh. ijodida ganch oʻymakorligi anʼanalarini mahorat bilan qoʻllagan, ularni yangi mazmun va shakllar bilan boyitgan, ilk bor ish faoliyati (ganch oʻymakorligi)da naqsh zaminida koʻzgudan foydalandi, yaʼni koʻzgu ustiga ganchkori naqshlar ishlab, jozibadorlikka, ajoyib naqsh jilvasiga erishdi.

U.Sh. koʻplab shogirdlar yetishtirgan: Samarqand taʼmirchilar maktabi, Toshkent qurilish sanʼati maktabi (1940—42), Moskva badiiy sanʼat bilim yurti (1942—43), P. Benkov nomidagi respublika rassomlik bilim yurti (1952—57)da dars bergan. Respublika (jumladan, Toshkent, Buxoro va boshqalar)dagi maktab, koʻchalarga U.Shirin nomi qoʻyilgan; Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa hovlisida uning byusti oʻrnatilgan. Vafotidan soʻng "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlangan (2001).

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/muradov_usta_shirin