O‘zbek teatr san’atining asoschilaridan biri, taniqli o‘zbek rejissyori va aktyori Yetim Bobojonov (asl ismi Fozil) 1904 yilda Toshkentda tug‘ilgan. U dastlabki ijodiy faoliyatini Toshkentdagi teatr gruppasida boshlagan.
Y.Bobojonov 1924—1927 yillarda Hamza teatrining Mannon Uyg‘ur boshchiligidagi bir guruh aktyorlari bilan birgalikda Moskvada, o‘zbek drama studiyasida teatr san’ati sir-asrorlaridan xabardor bo‘lib qaytgach, Hamza teatrida aktyorlik va rejissyorlik qilarkan, avval K. Gotstsining «Malikai Turandot»ida Tartalya, K. Goldonining «Ikki boyga bir malay»ida Brigella, Gogolning «Revizor»ida shahar hokimi va boshqa rollarni ijro etib, aktyor sifatida asta-sekin tomoshabinlarga tanila boshladi, so‘ng rejissyorlikka qo‘l urdi.
U rejissyorlik faoliyatini Buxoro teatrida boshlab, bir necha o‘zbek dramaturglarining asarlarini sahnalashtirdi.
Y. Bobojonov 1934 yilda Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatrida K. Yashinning «Tor-mor» asarini muvaffaqiyatli sahnalashtirgandan so‘ng, birin-ketin F. Shillerning «Makr va muhabbat», Hamzaning «Boy ila xizmatchi», K. Yashin va A. Umariyning «Hamza», K. Yashinning «General Rahimov» kabi asarlarni ham sahnaga qo‘yib, madaniy jamoatchilikning nazariga tushdi.
Ayniqsa, Y.Bobojonovning rejissyorlik faoliyatida «Boy ila xizmatchi» spektakli alohida o‘rin tutadiki, 60 yil sahnadan tushmagan. San’atkor sahnaga qo‘ygan spektakllarda va ijro rollarida xalq hayotini aniq va ishonchli tarzda aks ettirdi, qahramonlar ruhiyatini bor-bo‘yi bilan ochishga erishdi.
Y. Bobojonov respublikamizdagi bir qator teatrlarga ijodiy ko‘mak berish bilan birga, 1943—1946 yillarda Yangiyo‘l va 1946—1948 yillarda Toshsovet teatrlarida badiiy rahbar bulib faoliyat ko‘rsatdi.
S. Abdullaning «Tohir va Zuxra», H. Olimjonning «Muqanna», V. Vitkovich va G‘. G‘ulomning «Xo‘ja Nasriddin», K. Yashinning «Oftobxon» spektakllarini sahnalashtirib, Shukur Burhonov, Olim Xo‘jayev, Sora Eshonto‘rayeva, Nabi Rahimov, Mahmudjon G‘ofurov, Abdurauf Boltayev, Farog‘at Rahmatova kabi teatr aktyorlarini tarbiyalab voyaga yetkazishda, ularning san’atda o‘z o‘rinlariny topishlarida munosib hissa qo‘shdi.
Aktyorlik, rejissyorlik va pedagogik ishlarini baqamti olib borgan. Y.Bobojonov 1950—1956 yillarda Toshkent teatr institutida (Hozir M. Uyg‘ur nomidagi Toshkent san’at instituti) o‘qituvchilik qilib, yosh iste’dodli aktyorlarni tarbiyalashda ko‘p mehnat sarfladi.
Yetim Bobojonov 1956 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.
Yetim Bobojonov «Boy ila xizmatchi», «Tohir va Zuhra», «Muqanna» kabi spektakllarni sahnalashtirgan yetuk rejissyor, respublikamizdagi bir qator teatrlarning ijodiy faoliyatini yaxshilashga ko‘mak bergan badiiy rahbar tashkilotchi sifatida o‘zbek teatr san’ati tarixida o‘z munosib o‘rniga ega
Lotin.uz — foydalanuvchilarga berilgan matnni lotindan kirillga va aksincha o‘girish xizmatini taklif etadi.
Imlo.uz — O‘zbek tilining imlo lug‘ati. Saytda 85 000 ortiq so‘z bor.
Har kuni eng sara latifalar va kulguli rasmlar. O‘zbek tilidagi kulgu markazi!
TVinfo.uz — Bugun, ertaga, keyingi hafta uchun toʻliq teledasturlar.
Maqol va naqllarning eng katta kolleksiyasi. Har bir maqol uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz).
Valyutani yuqori kursda almashtirish uchun yaqin punktlarni aniqlab beruvchi servis. Punkt joylashuvini kartada ko‘rsatadi.
O‘zbekcha telegram kanallarning eng katta katalogi. Faqat faol kanallar, ruknlarda va batafsil statistikasi bilan.