Yo‘ldosh Sulaymon

Yo‘ldosh Sulaymon
Shoir
Tavallud sanasi:
1935 yil
Vafot sanasi:
2003 yil

Adabiyotimizning qutlug‘ dargohiga bolalar shoiri sifatida kirib kelgan hamisha xushchaqchaq, chehrasidan tabassum arimaydigan beg‘ubor va samimiy qalbli adib Yo‘ldosh Sulaymon ocherknavis va hikoyanavis sifatida ham barakali ijod qildi. Yo‘ldosh Sulaymon 1935 yili Qo‘qonning Oydinbuloq qishlog‘ida tavallud topgan. O‘rta maktabni bitirgach, muallim bo‘lib ishlagan.


Tarjimai hol

1960 yillarga kelib Farg‘ona Davlat pedagogika institutini tugatgan. Shundan so‘ng maktabda, madaniyat o‘choqlarida, gazetalarda turli lavozimlarda ishlagan. U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona bo‘limini boshqargan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi vazifasida ham faoliyat ko‘rsatgan.

Hamisha xushchaqchaq, chehrasidan tabassum arimaydigan beg‘ubor va samimiy qalbli adib qaynab ijod etayotgan vaqtida, ya'ni 2003 yilda olamdan o‘tdi.

Yo‘ldosh Sulaymonning ijodi 50-yillardan boshlangan bo‘lib, shu kungacha uning o‘n beshdan ortiq she'riy, nasriy to‘plamlari hamda «Subhidam» (1973), «Vafo» (1979) romanlari chop etilgan.

Yo‘ldosh Sulaymon «Armon» (1998) nomli so‘nggi romanida vodiy aholisining urush arafasidagi hayoti, kayfiyati, holati, ta'bir joiz bo‘lsa, ma'naviy-axloqiy qiyofasini tasvirlashga harakat qilgan.

Yo‘ldosh Sulaymon adabiyotimizning qutlug‘ dargohiga bolalar shoiri sifatida kirib kelgan. Uning «Biz sayohatchilarmiz», «Hamma havas qiladi», «Rahima-chi, vahimachi» kabi she'riy to‘plamlari beg‘ubor bolalik, beg‘araz do‘stlik, samimiylik, tabiatga mehr-muhabbat tuyg‘ulari bilan to‘lib-toshgandir.

Yo‘ldosh Sulaymon ocherknavis va hikoyanavis sifatida ham barakali ijod qildi. Uning «Katta yo‘lga chiqquncha», «Da'vatingni eshityapman, hayot» (1967, 1971) kabi ocherklari va «Boqiy umr» kabi hujjatli qissasi badiiy puxtaligi, hayotiyligi, ehtirosli his-tuyg‘ularga boyligi bilan ajralib turadi.
Adibning «Sen mening quyoshimsan» nomli ocherklar to‘plamiga kirgan asarlari shu jihatdan, ayniqsa, e'tiborlidir.

Unda shoirning asrlar mobaynida suv, erk, yer, vatan uchun kurashgan xalq haqidagi samimiy tuyg‘ulari kitobxon qalbiga chiroq tutadi.

Yo‘ldosh Sulaymonning «Subhidam» va «Vafo» romanlari yozuvchi ijodida ham sezilarli iz qoldirdi. Har ikki asarda ham xalqimizning Oktyabr to‘ntarishi davridagi hayoti ifodalangan. Hususan, «Subhidam» romanida voqealar ancha murakkab, syujet chizig‘i ham shunga yarasha jiddiy. Unda ikki sevishgan yoshning ruhiy dramasi 20-yillardagi siyosiy-ijtimoiy kurashlar fonida tasvir etilgan.

Asarning bosh qahramoni Qo‘ldoshali o‘z sevgilisi Saodatni yo‘qotib qo‘yadi. Qo‘ldoshalining dushmanlari esa uni Saodat boy otasi bilan xorijga o‘tib ketgan, deb aldashadi. Qo‘ldoshali ham sevikli yori dardi bilan Afg‘onistonga o‘tadi.

Yozuvchi Qo‘ldoshalining musofirchilikda tortgan azob va iztiroblarini ishonchli tasvirlaydi.

Yo‘ldosh Sulaymon keyingi yillarda yana ham samarali ijod qilib, bir qator «noma»lar yaratdi. «Qo‘qonnoma» (1992), «Marg‘ilonnoma» (1994), «Gulnoma» (1994), «Farg‘onanoma» (1995) shular jumlasidandir. Adib bulardan tashqari, «Shahrizod bo‘l bir kecha» (1993), «Farg‘onaning quliman» (1997) kabi she'riy to‘plamlar, «Hirotga sayohat» (1996) kabi bolalarga bag‘ishlangan she'riy guldasta, «Jalada qolgan gul» (1997) kabi hujjatli qissa ham yaratdi. Mazkur qissada o‘zbek ayoli Tojixon Shodiyevaning ayanchli taqdiri hikoya qilinadi.

Manbaa: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/yo%E2%80%98ldosh_sulaymon