Alaviy Abdulla

Alaviy Abdulla
Шоир, Ёзувчи
Таваллуд санаси:
1908 yil
Вафот санаси:
1931 Yanvar 8

Abdulla Alaviy tom ma'nodagi ziyoli bo‘lib, zamondoshlarining aytishlariga ko‘ra, arab, fors, turk tillari bilan birga fransuz va lotin tillarini ham bilgan. O‘zbek mumtoz adabiyoti, adabiyot nazariyasi va yangi alifbo masalalariga bag‘ishlangan bir necha maqolalar bilan birga o‘nga yaqin she'rlar qoldirgan.

Biografiya

CHo‘lponning hammaslak shogirdlaridan biri Abdulla Alaviy Abdullaxon Hakimxon o‘g‘li, 1908 yilda Toshkent viloyati Pskent tumani Mo‘minobod mahallasida ziyoli oilasida tavallud topgan.

Aytishlaricha, shajarasiga ko‘ra payg‘ambarimiz Muhammad(sollallohu alayhi vasallam) sulolasiga borib taqalgani tufayli uni «Ulviy» deb ham yuritishgan. Onasi Habibaxon aya iste'dodli shoira bo‘lgan. Shu holat Abdullaning shoir bo‘lishida muhim omil bo‘lgan. U bolalik paytlaridanoq tarix va adabiyot bilan qiziqdi, madrasa ta'limi bilangina cheklanib qolmay, xususiy mutolaa yo‘li bilan ham bilim doirasini behad kengaytirdi.

Ayni paytda u rus va nemis tillarini o‘rganib, shu tillarda yaratilgan adabiyot bilan ham tanisha boshladi. 1917 yildan keyin u dastlab Pskent, keyin Toshkentda ochilgan yangi maktab va bilim yurtida o‘qidi. So‘ng ma'lum vaqt o‘qituvchilik qilgach, Leningradga borib, oliy tahsil olishda davom etdi va u yerdagi dorilfununlarning birida o‘zbek tili va adabiyotidan dars berdi.

Abdulla Alaviy tom ma'nodagi ziyoli bo‘lib, zamondoshlarining aytishlariga ko‘ra, arab, fors, turk tillari bilan birga fransuz va lotin tillarini ham bilgan. Katta bilim sohibi bo‘lgan Abdulla Alaviy Samarqanddagi Pedagogika akademiyasida xizmat qilgan kezlarida bu yerda to‘plangan o‘zbek olimlari va yozuvchilari bilan ijodiy hamkorlikda bo‘lgan va ular hurmatini qozongan. Afsuski, shoirdan ayrim xotiralargina qolgan. Professor N.Karimovning yozishicha, garchi Alaviy o‘z ajali bilan vafot etgan bo‘lsa-da, mustabid mafkura keyinroq unga ham «millatchi» degan tamg‘ani yopishtirib ulgurgan.

Abdulla Alaviy XX asr o‘zbek adabiyotining ulkan siymolaridan biri bo‘lishi mumkin bo‘lgani holda avji ijodi gullagan pallada og‘ir xastalikdan 1931 yilning 8 yanvarida vafot etgan. Uning vafoti CHo‘lpon singari shoirlarni larzaga solgan va ular Abdulla Alaviy vafotiga bag‘ishlab marsiyalar yozganlar.

Faoliyati

Abdulla Alaviy o‘zbek mumtoz adabiyoti, adabiyot nazariyasi va yangi alifbo masalalariga bag‘ishlangan bir necha maqolalar bilan birga o‘nga yaqin she'rlar ham qoldirgan. Bu maqola va she'rlar miqdor jihatidan katta bo‘lmasa-da, sifat jihatidan katta e'tiborga sazovor. Shoirning yangi ruh bilan sug‘orilgan lirik she'rlari 30-yillarda o‘zbek she'riyatiga yangi tarovat olib kirgan.

U CHo‘lpondan keyin she'riyatimizdagi lirik ibtidoning yanada teranlashishiga hissa qo‘shgan. Uning «Yo‘lovchi», «Erkin sahob», «Arslonbobga», «Dengizga» singari she'rlaridagi yangi she'riy tamoyillar o‘zbek shoirlarining keyingi avlodi, xususan, Rauf Parfi tomonidan davom ettirildi va qutlug‘ natijalarga olib keldi.

Shoirdan bizga bor-yo‘g‘i yetti-sakkizta she'r qolgan bo‘lib, ular cho‘lponona ruhda yaratilganligi bilan e'tiborni tortadi. Qarang:

Gul va bulbul bilan bahorlar o‘tar,

Yoz o‘tar, kuz o‘tar, qora qish ketar.

Hyech narsa abadiy qolmas jahona,

Yolg‘iz xotiralar saqlar zamona.

Chunonchi, CHo‘lpon: «Men sendan ayrildim. Shu ondan boshlab tilimda so‘z degan narsa yo‘qoldi», deb yozgan edi.

Манбаа: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/alaviy_abdulla_