Elbek

Elbek
Адабиётшунос, Шоир, Ёзувчи
Таваллуд санаси:
1893 yil
Вафот санаси:
1939 yil

Qatag‘on davri o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Elbek (Mashriq Yunusov)dir. Elbek bolalar shoiri sifatida ham ancha barakali ijod qildi. Elbek o‘zi yozganidek, adabiyotimiz bo‘stoniga turfa gullar ekib ketdi.

Tarjimai hol

Qatag‘on davri o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Elbek (Mashriq Yunusov)dir. U 1898 yilda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining Xumson qishlog‘ida tvallud topgan.

«Men, - deydi shoir o‘z tarjimai holida, - 1905 yilda eski qishloq maktabiga kirib o‘qidim. Bu maktabda to‘rt yil o‘qib, o‘quv, yozuvni o‘rgandim... 1910-1911 yillarda juda qiynaldik va shuning natijasida boshqa aka-ukalarim qatori men ham uyni tashlab ketishga majbur bo‘ldim».

Elbek 1911 yili Toshkentga kelib, bir boyga qarol bo‘lib yollanadi. Ayni paytda Toshkentning Eski shahar mavzeidagi Devonbegi mahallasida joylashgan «Xoniy» maktabida, 1914 yili Shayxontohur mahallasidagi «Namuna» nomli maktabda o‘qishni davom ettiradi. Shu bilan birga, bosmaxonada ishlab, gazetalar sotish bilan kun ko‘radi.

Elbek 1919 yili sakkiz oylik muallimlar kursini bitirib, o‘qituvchilik qiladi. 1921 yildan boshlab Turkiston Xalq maorifi komissarligi qoshidagi ilmiy muassasalarda faoliyat ko‘rsatadi. O‘sha davrda nashr etilgan «Maorif va o‘qituvchi», «Inqilob», «Bilim o‘chog‘i» kabi jurnallar bilan hamkorlik qiladi.

Elbekning dastlabki she’rlari «El bayrog‘i», «Turon», «Turkso‘zi», «Ulug‘ Turkiston» kabi gazetalarda bosilib chiqqan. 1922 yilga kelib uning «Bir so‘roq», «O‘ksizning o‘limi», «Qarg‘a», «Bibixonim madrasasi», «Turkiston» kabi she’rlari «O‘zbek yosh shoirlari» to‘plamida Fitrat va Cho‘lpon she’rlari bilan birga e’lon qilingan.

Shoirning ilk to‘plami - «Armug‘on» 1921 yil nashr etilgan bo‘lib, u, asosan, masallardan iborat edi. Uning dastlabki she’rlarida ko‘zga tashlangan mavhumlik bu to‘plamdagi «Qaysi biri bo‘ri» masalida ham sezilib turadi. Ammo «Kuchsizlar dunyosi» masalida shoirning niyat va maqsadi xiyla yorqinlik kasb etganki, bu hol muallif ijodi shakllanib borayotganidan darak beradi. Mazkur masalda tasvirlanishicha, endi azob chekkan el qonxo‘rlikdan o‘ch olish uchun kurashga kirishadi. Shunday qilib, shoir bosqichma-bosqich mahorat sari ko‘tarila bordi.

O‘z ijodining tetapoya holatida ekanini sezgan Elbek «Mening hikoyam» she’rida «Men hali bitta ham she’r aytmadim, Faqat she’r yo‘lidan qaytmadim», - deb bejiz aytmagan. Yana u bunday yozgan:

Shoirlikdan maqsad, so‘z ko‘chirishmas,

She’rda ham maqsad o‘y o‘chirishmas,

Shoirlik ma’noni tiza bilishdir,

Mazmunni rassomdek chiza bilishdir.

Elbekning keyinchalik yaratgan «Mehnat kuylari», «G‘unchalar», «Chirchiq bo‘ylarida» (1935), «Ashulalar to‘plami», «Bolalar qo‘shig‘i», «She’rlar to‘plami» (1936) kabi kitoblaridagi she’rlarida shoir dunyoqarashidagi, badiiy mahoratidagi takomillik «mana-man» deb turadi. Ayniqsa, shoirning «Sezgilar» to‘plamiga kirgan qator she’rlari o‘zining da’vatkorligi bilan ajraladi.

Elbek qator she’riy to‘plamlar yaratibgina qolmay, o‘nlab dostonlar ham ijod etgan. Uning «Go‘zal qiz» (1927), «Bizniki», «Paxta» (1929), «O‘tmishim» (1929), «Chirchiq» (1929), «Batrak kolxozi» (1930), «Tozagul» (1934), «O‘zbekiston» (1934), «Bog‘bon» (1935), «Etik» (1935), «Mergan» (1935) asarlari shular jumlasidandir.

Elbek bolalar shoiri sifatida ham ancha barakali ijod qildi. Uning «Armug‘on» to‘plamidagi «G‘unchalar», «Chirchiq bo‘ylarida» hamda «Kambag‘al yigit va pardasturxon», «Omonat», «Erksiz polchi», «Ona», «Bolalar qo‘shig‘i» kabi bir qator she’rlari, dostonlari, ballada va ertaklari fikrimizning dalilidir. Ayni chog‘da adib «Yozuv yo‘llari», «O‘rnak», «Boshlang‘ich maktabda ona tili», «Go‘zal yozg‘ichlar» (1934) kabi qator darslik va qo‘llanmalar muallifi sifatida ham ma’lumdir.

Elbek hikoyanavis sifatida ham adabiyotimiz tarixida iz qoldirgan. Uning «Dadamat» (1936) to‘plamiga kirgan «Chirchiq», «Men kim bo‘laman», «Ana», «Anorgul», «Qahhorxo‘ja», «Dadamat» kabi hikoyalari adibning durustgina nosir bo‘lganligidan ham dalolat beradi.

Elbek bor-yo‘g‘i qirq yil yashadi. U ham «xalq dushmani» sifatida 1937-yilning 7-avgustida qamoqqa olingan va 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, oxir-oqibat og‘ir kasallik tufayli Magadanda vafot etgan. Ammo Elbek o‘zi yozganidek, adabiyotimiz bo‘stoniga turfa gullar ekib ketdi. Bu uning asarlaridir. U:

Bu mening qo‘lim-la yaratilgan gul,

Qanday qila olay, mening sovg‘am shul, - deb yozgan edi.

Dastlabki she’rlari «O‘zbek yosh shoirlari» (1922) to‘plamida bosilgan. «Armug‘on» (1921, 1923), «Yolqinlar» (1925), «Ko‘zgu» (1926), «Sezgilar» (1927), «Bahor» (1929), «Mehnat kuylari», «G‘unchalar», «Chirchik bo‘ylarida» (1935), «Bolalar ko‘shig‘i», «She’rlar to‘plami» (1936), «She’rlar» (1937) singari she’riy to‘plamlar, «Anorgul» (1926), «Go‘zal qiz» (1927), «Turkiston» (1928), «O‘tmishim» (1929), «Mergan» kabi dostonlar, «Tozagul» (1934) she’riy romani, «Qo‘shchi Turg‘un» (1925), «Dadamat» (1936) hikoyalar kitobi muallifi. XX asr o‘zbek adabiyotida birinchi bo‘lib she’riy roman janrini boshlab bergan. 2-4-sinf o‘quvchilari uchun bir kator o‘quv qo‘llanmalari va majmualarni yaratgan («Go‘zal yozg‘ichlar», 1925 va boshqa). Xalk og‘zaki ijodi materiallarini to‘plab, kitob holida nashr ettirgan («Ashulalar to‘plami», 1934-35; «Laparlar» va «Ertaklar», 1935). Uning «O‘zbekcha shakldosh so‘zlar» lug‘ati (1934) o‘zbek tilidagi dastlabki omonimlar lug‘atidir.

Манбаа: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/elbek