Mirkarim Osim

Mirkarim Osim
Шоир
Таваллуд санаси:
1907 yil
Вафот санаси:
1984 yil

Tarixiy mavzudagi asarlari bilan el-yurt og‘ziga tushgan Mirkarim Osim o‘z faoliyatini she’rlar yozish bilan boshlagan. Adib butun umri mobaynida tarixiy qissalar yozish bilan mashg‘ul bo‘lib, yangi-yangi avlodlarni tarixiy o‘tmish va uning mashhur kishilariga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalab, vatanparvarlik, insonparvarlik g‘oyalarini ulug‘ladi.

Adibning 70 yilligi munosabati bilan unga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni, 2001 yilda esa Vatan oldidagi unutilmas xizmatlarini inobatga olib, unga «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni berilgan.

Tarjimai xol

Tarixiy mavzudagi asarlari bilan el-yurt og‘ziga tushgan Mirkarim Osim 1907-yili Toshkentda, ziyoli oilasida dunyoga kelgan. 1917-1920 yillarda «Shams ul-urfon» nomli boshlang‘ich maktabda o‘qigan. 1921-1924 yillarda esa Narimonov nomidagi ta’lim va tarbiya texnikumida tahsil ko‘rgan.

1926 yildan Moskva Davlat pedagogika institutining tarix-iqtisod fakultetida o‘qib, uni 1930 yilda tugatgan. So‘ng Samarqanddagi o‘qituvchilar tayyorlash kursida, 1932 yildan esa O‘zbekiston Maorif xalq komissarligi qoshidagi Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot institutida ishlagan.

Mirkarim Osim o‘z faoliyatini she’rlar yozish bilan boshladi. Tarix fanidan qo‘llanma, tavsiya, darsliklar yaratdi. 1940 yildan Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi «Astrobod», «Alisher Navoiy va Darveshali», «Badarg‘a», «Navoiyning xislatlari», «Ulug‘bek va Navoiy» singari tarixiy qissa va hikoyalar yoza boshladi.

Adib butun umri mobaynida tarixiy qissalar yozish bilan mashg‘ul bo‘lib, yangi-yangi avlodlarni tarixiy o‘tmish va uning mashhur kishilariga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalab, vatanparvarlik, insonparvarlik g‘oyalarini ulug‘ladi.

Mirkarim Osim 40-yillarda Stalin qatag‘onining begunoh qurbonlaridan biri bo‘lib, ko‘p yillar davomida sho‘ro tuzumining jabr-jafolarini chekdi.

50-yillarda vataniga qaytgan san’atkor tarixiy asarlar yozishda davom etadi. Nashriyotlarda muharrir bo‘lib ishlaydi.

Mirkarim Osim asarlarini mavzu yo‘nalishi bo‘yicha uch katta guruhga ajratish mumkin:

1. Tarixiy-qahramonlik mavzuidagi asarlar.

2. Tarixiy-maishiy mavzuidagi asarlar.

3. Tarixiy-biografik asarlar.

Qahramonlik mavzuidagi asarlar jumlasiga ijodkorning «O‘tror», «To‘maris», «Temur Malik», «Aleksandr va Spitamen» kabilarni kiritish mumkin.

Maishiy mavzuidagilarga «Mohlar oyim va Xonposhsha», «Karvon qo‘ng‘irog‘i», «Elchilar» kabi asarlari kiradi.

Tarixiy-biografik asarlarining namunalari qilib adibning «Zulmat ichra nur» (Navoiy haqida), «Jayhun ustida bulutlar» (Beruniy haqida), «Ibn Sino qissasi», «Aljabrning tug‘ilishi» (Al-Xorazmiy haqida), «Singan setor» (Mashrab haqida) kabi qissalarini ko‘rsatish mumkin.

Adibning 70 yilligi munosabati bilan unga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berilgan.

Mirkarim Osim 1984 yilda vafot etgan.

2001 yilda esa Vatan oldidagi unutilmas xizmatlarini inobatga olib, unga «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni berildi.

Манбаа: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/mirkarim_osim