Shohrux Mirzo

Ўрта аср арбоби
Shohrux Mirzo
Таваллуд санаси:
20.08.1377
Вафот санаси:
1447

Shohrux Mirzo Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li bo‘lib, 1377 yil 20 avgust, payshanba kuni olamga kelgan. Tarixchi Xonhamirning bergan ma’lumotiga qaraganda, Shohruxning onasi Tag‘oy Turkon og‘o Sohibqironning xos kanizaklaridan bo‘lib, Amir Temur keyinchalik uni o‘z nikohiga kiritgan. Shunday bo‘lsa ham Shohruxni Saroymulk xonim tarbiyalab voyaga yetkazgan.

Shohrux Mirzo yoshligidanoq ahkomi shariatga qattiq rioya qilib, diniy kitoblarga qiziqqan. U 20 yoshigacha otasi Sohibqiron qavatida bo‘lib, harbiy yurishlarda, jumladan, Falastin yurishida ham faol qatnashgan. Amir Temur 1397 yilda unga Xuroson, Seiston va Mozandaron hokimligini bergach, to 1405 yilgacha Xuroson hukmdori degan nom bilan kifoyalanadi.

Fasih Xavafiyning yozishiga qaraganda, Shohrux Mirzo Xirotning nufuzli xo‘jazodalari rahnamoligida Xuroson hokimligini boshqargan.

Amir Temur vafotidan so‘ng Shohrux Mirzo taxtga da’vogarlar qatorida valiahd Pir Muhammad Mirzo bilan ittifoq tuzib, Samarqand hukmdori Xalil Sultonga qarshi kurashadi. 1407 yili Pir Muhammad Mirzoning fojiali o‘limidan so‘ng yakka o‘zi kurashni davom ettirib, 1409 yili Xalil Sulton ustidan qo‘li baland kelib, taxtni qo‘lga kiritgach, Movarounnahrni to‘ng‘ich o'g'li Ulug‘bek Mirzoga, Balxni ikkinchi o‘g‘li Sulton Ibrohim Mirzoga, Hisorni marhum Muhammad Sulton Mirzoning o‘g‘li Muhammad Jahongir Mirzoga, Farg‘onani esa marhum akasi Umarshayx Mirzoning o‘g‘li Ahmad Mirzoga in’om qilib, o‘zi Xirotga qaytib ketadi.

Shohrux Mirzo asta-sekin o‘z akalari Jahongir, Umarshayx va Mironshodlarning avlodini har xil yo‘llar bilan o‘ziga tobe qilib, Movarounnahr, Ozarbayjon, Iroq, Xuroson va Shimoliy Afg‘onistondan iborat katta bir davlat jilovini o‘z qo‘liga kiritib, Xirotni o‘zining poytaxti deb e’lon qiladi va "ulug‘ xoqon" sifatida saltanatni boshqarishga kirishadi.

Shohrux Mirzo ko‘p vaqtini toat-ibodat va kitob mutolaasiga sarflarkan, devon va saltanatni boshqarishda o‘ktam va tadbirkor xotini Gavharshod begim faol ishtirok etgan.

Shohrux Mirzo ixlos va niyozmandlik yuzasidan darveshlar hamda gushanishinlarga iltifotlar ko‘rsatib, Xirotning Jome’ masjidida juma namozini xaloyiq bilan birga o‘qirdi. Juma namozlarining birida (1427 yil 21 fevral) Ahmad nomli kimsa masjid ichida Shohrux Mirzoga pichoq sanchadi. Ahmad o‘sha zahoti qatl etiladi. Tabiblarning jonbozligi bilan qilingan muolajadan so‘ng zaxm bitib, Shohrux Mirzo tuzalib ketadi."

Shohrux Mirzo umrining oxirigacha o‘z o‘rniga valiahd tayinlashga ikkilanib yuradi.

1446 yili Shohrux Mirzo o‘z nabirasi, Qazvin, Ray va Qum viloyatlari hukmdori Sulton Muhammadga qarshi yurish boshlaydi. Chunki Sulton Muhammad bobosi Shohrux Mirzoga qarshi bosh ko‘tarib, Xamadon va Isfahonni bosib olib, Sherozni qamal qilgan edi. Shohrux Mirzo qo‘shini g‘arbiy Eronda hech qanday qarshilikka uchramaydi. Nimagaki, bobosining kelayotganini eshitgan Sulton Muhammad Sheroz qamalini bo‘shatib, toqqa qochgan edi. Qo‘zg‘olon aybdorlari ayovsiz jazolanadilar.

Mazkur harbiy yurishdan qaytayotganda Shohrux betoblanib, 1447 yili Ray viloyatida, 70 yoshida vafot etadi.

Xuroson Shohrux Mirzo davrida siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan ancha rivojlandi, ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi. Masjidlar, madrasalar, xonaqohlar, rabotlar, sardobalar, qishloq va qo‘rg‘onlar qurilib, mazkur qurilishlar vaqf mulklari bilan ta’minlandi. Shohrux Mirzoning mo‘tadil ichki va tashqi siyosati Xurosonda tinchlikning barqaror bo‘lishiga olib keldi. Bu davrda tijorat, hunarmandchilik, dehqonchilik yuqori darajaga ko‘tarila boshladi.

Ayniqsa, hunarmandchilik, to‘kimachilik, me’morchilik, o‘ymakorlik, xattotlik, muqovasozlik hamda qog‘oz ishlab chiqarishga katta e’tibor berildi. Shuningdek, metallni qayta ishlash, qurilish asbob-uskunalarini tayyorlash, kulolchilik san’ati o‘sdi. Bulardan tashqari zargarlik, kashtado‘zlik, kandakorlik, shoyi va boshqa xil matolar to‘qib chiqarishga e’tibor kuchaydi.

Jumladan mahalliy va xorijdan olib kelingan xomashyolardan banoras, atlas kabi matolar ishlab chiqarila boshlandi. Shu kasbning mohir ustalari yetishib chiqdi. XIV—XV asrlarda Xurosonda kulolchilik san’ati sopol buyumlar bilan bir qatorda suv inshootlarida, ulkan binolar qurilishida ishlatiladigan sopol quvurlar, xilma-xil shakl va ranglar bilan jilolangan sopol koshinlar ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yildi.

Shohrux Mirzo mamlakat istiqbolini ko‘zlab Xitoy va Hindiston hukmdorlari bilan diplomatik munosabatlarni yaxshilashga harakat qildi. Mazkur mamlakat elchilari Samarqand va Xirotda, o‘z navbatida G‘iyosiddin Naqqosh rahbarligida Xitoyda, Abdurazzoq Samarqandiy boshchiligidagi elchilar Hindistonda bo‘ldilar. Shohrux Mirzo Xirot shahar qal’asining janub tomonida (1410— 1411) Madrasa va xonaqoh bino qildirdi. Bu paytda poytaxt Xirot va umuman Xurosonda madaniy va maishiy qurilishlar keng quloch yozadi.

Xirotda bir necha shifoxonalar mavjud bo‘lib, bularning qatorida yana ikkita "Dorushshifo" quriladi. Bu shifoxonalarning bittasi Shohruxning uchinchi xotini Mulkat og'o (Mulk ofo) tarafidan, ikkinchisi esa Shohruxning nabirasi Alouddavla (1417) tomonidan qurdirilgan edi. Mulkat ofo ham Gavharshod begim kabi Xirotda "Dorulhadis" nomli xonaqoh, ikkita xammom, Xirotdan 8 farsax narida, Amudaryoga boradigan yo‘l ustida bitta rabot, Balx shahrida bir Madrasa kurdirdi.

Shohrux davrida Xirotda qurilgan eng katta yodgorliklardan biri malika Gavharshod begim tarafidan qurdirilgan ulkan Madrasa va Madrasa yonida qad ko‘targan xonaqohdir. Bu binolar qurilishi 1417 boshlanib, 1437 yilda bitkazilgan. Mazkur Madrasa va xonaqoh hozirgi kungacha yetib kelgan bo‘lib, xonaqohga uning ayrimlari, Gavharshod begim va boshqa Temuriy shahzodalar va malikalar dafn etilgan.

Shohrux Mirzo saroyida xizmat qiluvchi amaldorlar, beklar, sarkardalar o‘z nomlarini abadiylashtirish maqsadida qator madaniy va maishiy binolar qurdirishgan. Chunonchi Hirotning Xiyobon mavzeida Qurbon Shayx, Fero‘zshoh, Chaqmoq Shoh, Alayh Ko‘kaldosh madrasalari qad rostlagan edi. Bularda diniy bilimlar bilan bir qatorda tilshunoslik, adabiyot tarix, jug‘rofiya, handasa, riyoziyot, falakiyot kabi ilmlar o‘qitilardi. Bulardan tashqari, falsafa, mantiq va musiqa ilmi rivojlangan edi.

Hirot qadim zamonlardan turli-tuman diniy va ilmiy kitoblarga boy shaharlardan hisoblangan. Shohrux Mirzoning o‘zi ham kitobga o‘ch kishi bo‘lib, o‘zining boy shaxsiy kutubxonasi, o‘g‘li Boysun Mirzoning ham ajoyib kutubxonasi bo‘lgan. Bu kutubxonalar qimmatli asarlarga boyligi va hilma-hilligi bilan shuhrat qozongan. Umuman soxibkdron Amir Temur vafotidan keyin Movarounnahr va Xurosoda Shohrux Mirzoning hukmronlik davrida nisbatan osoyishtalik hukm surdi. Binobarin, Amir Temur boshlab bergan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayot o‘z rivojini topdi.

 

Манбаа: http://people.ziyonet.uz/uz/person/view/shohrux_mirzo
Сайт фойда берди!
85112 та одамга сайт фойда берди 😊

Лойиҳаларимиз

Izoh.uz — O‘zbek tilining xalqona izohli lug‘ati. So‘zlarning ma’nolari, ibora va misollar bilan keltirilgan.

Izoh.uz — Это народный толковый словарь узбекского языка с подробными определениями и примерами для каждого слова.

izoh.uz

TVinfo.uz — Bugun, ertaga va keyingi hafta uchun to‘liq teledasturlar.

TVinfo.uz — Телепрограмма на сегодня, завтра и ближайшую неделю.

tvinfo.uz

DostavkaInfo — Taomlar, dorilar, kitoblar va boshqa uy uchun kerakli bo‘lagan narsalarni yetkazib berish xizmatlari bor servislar.

DostavkaInfo — Каталог сервисов, предлагающих доставку еды, лекарств, книг и товаров для дома.

dostavkainfo.uz

Imlo.uz — Орфографический словарь узбекского языка позволяющий проверить правописание узбекских слов на латинице и кириллице. В базе более 87 000 слов.

Imlo.uz — O‘zbek tilining imlo lug‘ati. Saytda 85 000 ortiq so‘z bor.

imlo.uz

Lotin.uz — foydalanuvchilarga berilgan matnni lotindan kirillga va aksincha o‘girish xizmatini taklif etadi.

Lotin.uz — поможет транслитерировать с узбекской кириллицы на латиницу и обратно. Легко!

lotin.uz

Maqol va naqllarning eng katta kolleksiyasi. Har bir maqol uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz).

Самая большая коллекция пословиц и поговорок на трёх языках (узбекский, русский, английский).

maqollar.uz

Har kuni eng sara latifalar va kulguli rasmlar. O‘zbek tilidagi kulgu markazi!

Ежедневно только отборные анекдоты, смешные картинки. Кузница юмора на узбекском языке!

latifa.uz

Valyutani yuqori kursda almashtirish uchun yaqin punktlarni aniqlab beruvchi servis. Punkt joylashuvini kartada ko‘rsatadi.

Сервис, помогающий найти ближайшие пункты обмена валюты с выгодным курсом. Покажет местоположение пункта прямо на карте.

onmap.uz

O‘zbekcha telegram kanallarining eng katta katalogi. Faqt faol kanallar, ruknlarda va batafsil statistikasi bilan.

Самый большой каталог телеграм каналов в Узбекистане. Только активные каналы по категориям и с подробной статистикой.

uztelegram.com

O‘zbek tilida savodli yozishni biz bilan boshlang.

С нами вы научитесь грамотно писать на узбекском языке.

sarlavha.com

O‘zbek tilining sinonimlar lug‘ati. Saytda 3300 tadan ortiq so‘zlar, 900 ga yaqin sinonim so‘zlar to‘plamiga jamlangan.

Словарь синонимов узбекского языка на нашем сайте содержит более 3300 слов и 900 синонимов.

sinonim.uz
Сайтда реклама бериш
© Ismlar.com — Ўзбек ва дунё исмларининг маъноси. Исмлар маъноси, 2008–2024
Obuna ва GoodGroup лойиҳаси